O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchisi Salohiddin domla Sharipov Andijon viloyatidagi safari davomida viloyat bosh imom-xatibi o'rinbosari Muhammadis'hoq domla Mo'minov hamroxligida Andijon shahridagi “Dovudxon to'ra” jome masjidiga tashrif buyurib, jamoat bilan asr namozini ado etdilar. So'ng namozxonlarga yurtimizda diniy sohada bo'layotgan islohotlar, yoshlar tarbiyasi, buyuk allomalarimizning ilm yo'lidagi xizmatlari haqida ma'ruza qilib berdilar.
***
Safar davomida Salohiddin domla Sharipov, Ibrohimjon domla Inomov va Muhammadis'hoq domla Mo'minovlar viloyatdagi Jalaquduq tumani “Guliston” mahallasida yashovchi yordamga muhtoj, qarmog'ida nogiron farzandi bo'lgan Farhodjon Egamberdiyev hamda “To'qqiz-ariq” mahallasida yashovchi kam ta'minlangan, bemor, yolg'iz ayol Oyjamol Maksimova oilasi holidan xabar olib, “Vaqf” xayriya jamoat fondining oziq-ovqat mahsulotlari, diniy-ma'rifiy kitoblar jamlanmasi va pul mablag'lari etkazib, ko'ngillarga quvonch ulashdilar, duoi-xayrlar qildilar.
***
Andijon viloyati Jalaquduq tuman xokimligi bug'doy yig'im-terimi oldi aholiga tashkil etgan marosimda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining maslahatchisi Salohiddin domla Sharipov, viloyat bosh imom-xatibi o'rinbosari Muhammadisxoq domla Mo'minov va boshqalar qatnashib tuman mutasaddi vakillari, fermerlar va mexnat faxriylari bilan birga suhbat qurdilar. Ulamolarimiz ta'sirli ma'ruza qilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, dasturxonimiz to'kinligi, xirmonlarimizga baraka so'rab xayrli duolar qildilar.
Ulamolarimizning safarlari davom etmoqda. Tafsilotlarni kuzatib boring.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.
Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.
Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan