Bugun, 9 iyun' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Muzaffar Komilov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti katta ustozi Muhammad Ayubxon domla Homidov, Islom tsivilizatsiyasi markazi mas'ul xodimi Abror Muxtor Aliy Andijon viloyatiga safarlari davomida masjidlar qavmlari, mo'ysafid otaxonlar, keng aholi vakillari va mehrga tashna insonlar bilan uchrashuvlar o'tkazmoqdalar.
Ushbu safar davomida muhtaram Prezidentimizning Afv farmonlari asosida ozodlikka chiqqan bir guruh fuqarolar bilan ham dildan suhbat qilinmoqda. O'zaro muloqotda bugun xalqimizga xos kechirimlilik, insonparvarlik va bag'rikenglik qadriyatlaridan kelib chiqib, hayotda bilib-bilmay adashgan, xato qilgan insonlarga muruvvat qo'li cho'zilayotgani va ularni hayotda o'z o'rnilarini topishda ko'mak berilayotganini bildirdilar.
Darhaqiqat, chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, tanlagan yo'lini xato ekanini anglab tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan mahkumlar Davlatimiz Rahbari tomonidan afv etilayogani haqiqiy olijanoblik namunasi bo'lmoqda.
Mamlakatimizda afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag'riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug'ullanishi, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yib, jamiyatda munosib o'rin topishi uchun ularga ko'mak berish bo'yicha rejali ishlar olib borilmoqda.
Ushbu o'tkazilgan suhbatlarda mana shunday fuqarolar muhtaram Prezidentimizga, xalqimizga o'z minnatdorligini bildirib, halol mehnat qilib, mamlakat rivojiga o'z hissalarini qo'shayotganlarini so'zlab berdilar.
Bugungi tashrif davomida ulamolar Buloqboshi tumani “Nayman” jome masjidida asr namozini o'qib, namozxonlar bilan dildan suhbat qurildi. Unda mamlakatimiz bo'ylab olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, bugungi tinch va osoyishta kunlarning qadriga etish va shukronalik hissi bilan yashash kabi jihatlarga alohida to'xtalib o'tildi.
Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Muzaffar Komilov va Islom tsivilizatsiyasi markazi mas'ul xodimi Abror Muxtor Aliy ushbu viloyatdagi mana shunday e'tiborga muhtoj, ko'ngli o'ksik fuqarolardan bo'lgan insonlarga “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, diniy-ma'rifiy kitoblar jamlanmasi va pul mablag'lari ulashdilar.
Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan olib borilayotgan insonparvarlik siyosati va yordamga muhtoj aholi qatlamini har jihatdan qo'llab-quvvatlash ishlaridandan masrur qalblar ko'rsatilgan yordam va muruvvatdan mamnun bo'lib, minnatdorlik izhor qildilar.
Darhaqiqat, dini mubinimizda muhtojlarga yordam qo'lini cho'zishga doimo targ'ib etiladi. Ulamolar mana shunday insonlar bilan dildan suhbat qilib, hadyalar ila ularning dillarini ravshan etmoqdalar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida: «Alloh taologa farzlardan keyingi eng sevimli amal musulmonning qalbiga xursandlik kirgizishdir», deganlar.
Mana shunday xayriya ishlari orqali shunday insonlarning siniq ko'ngillarini ko'tarib, dillariga mamnunlik ulashish har bir vijdonli inson uchun huzurbaxsh amallardan hisoblanadi.
Ulamolarning Andijon viloyati safari davom etmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 13-16 yanvar kunlari Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud shafe’ligida o‘tkazilayotgan Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda.
Jidda shahrida bo‘lib o‘tayotgan konferensiya-ko‘rgazmada 100 ga yaqin davlatdan vazirlar, muftiylar, olimlar, fan doktorlari, akademiklar, ekspertlar, tadqiqotchilar, diplomatlar hamda haj tadbirlarini tashkil etishga mutasaddi idora va kompaniyalar qatnashmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish maqsadida, anjuman doirasida Saudiya Arabistonidagi vazirliklar, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va soha mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazib, atroflicha o‘rganishlar va qiyosiy tahlillar olib bormoqda.
Shuningdek, haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari va yangi tartib-qoidalar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘linmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirlayotgan haj va umra safarlari yo‘nalishidagi tashkiliy-huquqiy asoslar va raqamlashtirish jarayonlari haqida ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Haj va umra vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan konferensiya doirasidagi sho‘balar, haj suhbatlari, ekspertlar tavsiyalari, turli soha mutaxassislari seminar-treninglari, xorijiy delegatlar bilan tajriba almashish va zamonaviy xizmatlar taqdimotlari foydali bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, Haj konferensiyasi to‘rtinchi marta yirik masshtabda bo‘lib o‘tmoqda. Innovatsion dasturlar, ilg‘or tashabbuslar, tajriba almashish, haj safarini yuqori saviyada o‘tkazishga oid bilimlarni oshirish va muborak ziyoratlarni chiroyli bajarish uchun mustahkam poydevor hozirlashi bilan ushbu tadbir ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Eng yirik ko‘rgazma esa tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada ravnaq toptirish orqali xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati