Habaringiz bor, O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati yo'l harakati xavfsizligiga rioya qilish haqida fatvoni e'lon qildi. Unga ko'ra, ruxsat etilgandan yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida ro'y bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi shar'iy jihatdan haddidan oshgan va o'z joniga qasd qilgan maqomida hisoblanadi.
“Musulmon kishini yo'l harakati qoidalari, odob va madaniyatlariga amal qilishi kuzatuv kameralari yoki yo'l harakati havfsizligi bo'linmalari xodimlari nazorat qilayotgani uchun emas, balki amaldagi yo'l harakati qonun-qoidalariga amal qilish – Islom shariatining talabi deb e'tiqod qilgan holda bajarishi kerak. Shunda yo'lda yurish ham ibodatga aylanadi”, - deyiladi Fatvo hay'ati xabarida.
Bu bo'yicha "MK" Moskvaning tarixiy masjidi imomi Rufat Axmetjanovdan ushbu fatvoga izoh berishni so'radi.
– Bu qandaydir yangilik, deb ayta olmaymiz, – dedi imom. – Bir necha yil avval Birlashgan Arab Amirliklari ham shunga o'xshash xulosaga kelgan edi. Shaxsan men bunga to'liq qo'shilaman. Menimcha, tezlik chegarasini buzgan, qoidalarga zid mashinani haydagan odam qasddan o'z hayotini va boshqa odamlarning hayotini xavf ostiga qo'yadi. U o'z joniga qasd qilish bilan tenglashishi mumkin, chunki u nima qilayotgani anglagan holda bu ishga qo'l uradi.
Yana bir masala fatvoning hech qanday qonuniy kuchga ega emasligidir. Bu qonun hujjati emas, balki ilohiyotchilarning xulosalaridan biridir. Siz unga amal qilishingiz, amal qilmasligingiz mumkin. Din sizni yo'l qoidalarini buzmaslikka, yoki biror jazolashga majbur qila olmaydi. Buning uchun huquq-tartibot idoralari bor. Buni nima uchun qilmaslik kerakligini faqat inson ongiga etkazishga harakat qilishimiz mumkin.
Qur'onda olamlar Parvardigori: "O'zlaringizni o'ldirmanglar", deb ogohlantiradi. O'z joniga qasd qilish eng yomon gunohlardan biridir. Mo'min uchun esa yangi fatvo o'ylash uchun qo'shimcha sabab bo'lishi kerak. Masjidimiz ham vaqti-vaqti bilan bu mavzuni ko'tarib turadi".
Yo'llardagi o'limlarning ayanchli statistikasi bilan tanish bo'lganlar uchun toshkentlik musulmonlarning yangiligi ortiqcha ko'rinmaydi. Har holda, o'sha Amirliklarda yo'llarda yo'l politsiyasini zo'rg'a ko'rasiz. Musulmonlar ishonganidek, Alloh hamma narsani ko'rib turganida militsiya xodimlari va videokameralarga ehtiyoj yo'q. Shuning uchun qoidalarni buzmagan ma'qul.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ma’ruf ibn Fayruz al-Karxiy rahimahulloh aytadilar:
“Dunyo to‘rt narsadan iborat: mol, so‘z, uyqu va taom. Mol tug‘yonga olib boradi, so‘z adashtiradi, uyqu esdan chiqaradi, taom shahvatga yetaklaydi”.
“Solihlar ko‘p, lekin ular ichida siddiqlar kam”.
“Alloh kimga yaxshilikni istasa, unga amal eshigini ochib, tortishish eshigini yopadi. Agar yomonlik istasa, amal eshigini yopib, tortishish eshigini ochadi”.
“Allohga tavakkul qil, toki U sening ustozing va shikoyat qiladigan Zoting bo‘lsin. Chunki insonlardan naf yo‘q”.
“Ko‘zlaringizni tiying, hatto urg‘ochi qo‘ydan ham”.
“Saxiylik — muhtoj paytda muhtoj narsani boshqa birovga berishdir”.
“Tungi ibodat mo‘min uchun qiyomat kunida nur bo‘lib, o‘ngu so‘lini yoritadi. Kunduzgi nafl ro‘za esa, bandani do‘zaxning issig‘idan uzoqlashtiradi”.
“Qiyomat kunida bir nido qilguvchi: “Ey Allohni madh qilganlar turinglar”, deb nido qiladi. Shunda, “Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar turishadi”.
“Avliyolarning alomati nima?” — deb so‘rashdi. “Alomatlari uchtadir: Alloh uchun g‘am chekadi, Alloh bilan mashg‘ul bo‘ladi va Alloh tomonga qochishadi”.
Dovud Toiyning do‘stlaridan biri menga: “Amalni tashlama. U seni Robbingning roziligiga yaqinlashtiradi”, dedi. Men undan: “Qaysi amalni?” deb so‘radim. U: “Robbingga doimiy itoat, musulmonlarga xizmat va ularga nasixat” dedi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV