Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashabbusi bilan Zoom dasturi orqali qozoq, o'zbek, qirg'iz va xorij ulamolar ishtirokida qozoq elining Islom dinini qabul qilganiga 1270 yil to'lishi munosabati bilan anjuman bo'lib o'tdi.
Halqaro onlayn uchrashuv avvalida “Islom dinining Qozog'iztonga kirib kelishi” mavzusidagi hujjatli fil'm namoyish etildi. Shundan so'ng Jambil viloyati hokimi Berdibek Majitbek uli va Qozog'iston musulmonlar idorasi muftiysi Navro'zbay hoji Tag'anuli Islom dinining O'rta Osiyo, xususan, Qozog'istonga kirib kelishi, bu hududdagi ulamolar, mamlakat mustaqilligining 30 yilligi, turkiy xalqlar islom bilan sharaflangani haqida ma'lumot berishdi.
Videomuloqot shaklida o'tgan uchrashuvda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon qori Ishmatbekov ma'ruza bilan qatnashib, mamlakat muftiysi Navro'zbay hoji janoblari boshchiligidagi ulamolarni Qozoq diyoriga Islom dini kirib kelgani va Qozog'istonning istiqlolga erishganining 30 yillik sanasi bilan samimiy muborakbod etdi, bugungi kunda ikki qardosh xalqlar do'stu qadrdonliklari ravnaq topishida Davlatlarimiz Rahbarlarining olib borayotgan sa'y-harakatlari natijasi ekani, 2018 yilda O'zbekiston va Qozog'iston musulmonlari idoralari o'rtasida hamkorlik qilish to'g'risida memorandum imzolangani o'tgan davr mobaynida ikki davlat diniy muassasalari o'rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilganini ta'kidladi.
Shuningdek, Homidjon qori Ishmatbekov Alloh taoloning inoyati bilan Islom dinining Movarounnahr o'lkasi, xusuan, hozirgi Qozog'iston hududiga Islom dinining kirib borishi, ikki mamlakat musulmonlari idoralarining yaqin hamkorligi tarixiy ildizlari 1943 yilda tashkil etilgan O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasidagi mushtarak faoliyatga borib taqalishi, o'tgan davr ichida Qozog'iston musulmonlari diniy idorasi faliyati rivojlanishiga o'z vaqtida rahbarlik qilgan Ratbek Hoji Nisanbayuli, Absattar Hoji Derbisali, Yerjan hoji Mayamerov, Serikbay hoji Oraz janoblari katta hissa qo'shgani, hozirda Navro'zbay hoji Tag'anuli, boshchiligingizda ulkan va savobli ishlar amalga oshirilayotganini bayon etdi.
Onlayn anjuman doirasida so'z olgan Qirg'iziston musulmonlari idorasi markaziy apparati rahbari Ravshan Eratov mamlakatda olib borilayotgan ijobiy ishlar – hamjihatlik, birlik birodarlik, halqning taqvo va halollik uchun targ'iboti haqida, Halqaro turk akademiyasi rektori akademik Darxon Quvondiquli Qidirali o'z so'zida islom diniga turkiy halqlarning o'rni, turkiy olimlarning xizmatlari shariat ilmlari rivojidagi ahamiyatida to'xtalib o'tdi.
Azhari sharif universiteti doktori ustozi Muhammad Rizo o'z so'zida Islom dinining bu diyorlarga kirib kelishi nafaqat Allohni tanishga, unga iymon keltirishga, balki bu mintaqada istiqomat qiluvchi xalqlarning birlashishiga asos bo'lgani, ilm-fan rivojiga, insonning huquqlari taraqqiy darajasiga etkazilgani haqidagi ma'ruza qildi.
Halqaro onlayn uchrashuv yakunida qardosh xalqlar va xorijlik ulamolar bunday anjumanni yuqori baholab, o'zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida kelishib oldilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV