Ustoz Erkin A'zamning shunday sarlavhali fiqrasi bor. Shu ibora tilimga xush kelib qolganidanmi bir kuni nimadir sabab bo'lib: “Ko'z-ko'z qilmang, ko'z tegar”, degan edim, jufti halolim: “Hozir ba'zilarni Internet orqali issiq-sovuq, duoibad va boshqacha sehr-jodular qilayotgan emish. Shuning uchun Internetga rasm qo'ymaslik kerak ekan”, deb qoldi...
Ertalab gijinglagan toydek bo'lib sog'u salomat yurgan kishini kechga yaqin tez yordam mashinasi olib ketganini eshitasiz. Yana uch-to'rt kun o'tib uning do'xtirxonama-do'xtirxona kezib yurgani qulog'ingizga chalinadi, do'xtirlar tashxis qo'ya olmayotgan emish – ko'z tekkanmi?..
Nega bunday holatlar ko'p uchrayapti, “mergan”lar shunchalik ko'payib ketganmi yo. “islam today” e'lon qilingan “Ijtimoiy tarmoq orqali ko'zikish rostmi?” (Muallif – Sofiya Musayeva) sarlavhali maqolada yozilishicha, ommaviy ravishda ko'zikishning sababchisi bu – Internet va ijtimoiy tarmoqlardir. Chunki zamondoshlarimiz ularga ko'z-ko'z qilish uchun baxtdan masrur bo'lib turgan suratlarini joylaydi. Shunchaki «Instagram»ga bir bo'ylab ko'ring: unda muhtasham oshxonada eng shirin taomlarni tayyorlash ham to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatilmoqda. Baxtdan masrur sohibjamol ayol nihoyatda hashamatli oshxonada, bundagi har bir ashyoni ko'rgan kishi uning jimjimasiga havasi keladi. Shaxsiy sahifadagi suratlar nihoyatda boy xonadonni namoyish etadi.
Hatto odamda shunday fikr tug'iladiki, odamlar go'yoki jamiki sarvatlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab kimlardandir olqish olish uchun yashayotgandek. Shuningdek, «Vatsap»ning deyarli har bir avatarkasiga – murg'ak bolalarning, sevishgan yoshlarning, sovg'a qilingan guldastaning, bezalgan, shirin tortlarning va boshqa narsalarning fotosurati joylangan. Bu erda gap hatto moddiy boyliklarini ijtimoiy tarmoqlarda ko'z-ko'z qilib maqtanish ham emas, Gap – uning qanchalik baxtiyor ekanini imkon qadar ko'p odamlar ko'rishi va hammaning hayratga tushishini juda qattiq istashdadir. Ammo bir narsani unutmaylikki, biz o'sha ijtimoiy tarmoqlarga joylayotgan baxtimizni unda ko'rayotgan yuzlab, minglab, millionlab begona ko'zlar undan o'zimiz sevinganimizdek sevinmaydi...
Yaqinda tanishlarim oilasida katta janjal bo'ldi… Yosh juftlik o'rtasidagi muomalada chuqur jarlik paydo bo'ldi. Ko'p o'tmay ularning qizchasi og'rib qoldi. Albatta, buning turlicha sabablari bordir. Ammo ulardan birini taxmin qilish mumkinki, kelinchak har kuni ijtimoiy tarmoqda goh guldasta tutib turgan jufti bilan, goh bag'riga olib turgan qizchasi bilan ko'zlarida baxt uchquni porlab turgan holatda paydo bo'ladi. Ammo ularni ko'rgan har kishi “Yaratganning marhamatini qarang, qanday ajoyib juft! Alloh taolo ularning baxtini bardavom qilsin!” demaydi-da. Aksincha, ayrim fe'lida qusuri borlar hasad qilib: “Nega uning eri shunday chiroyli buketlar sovg'a qiladi? Nima uchun ularning qizchasi bunchalik yoqimtoy? Uning omadi kulibdi...” va shunga o'xshash gaplarni aytishi mumkin, deb yozadi Sofiya Musayeva.
Buning ijtimoiy jihatlari ham bor, Aytaylik, yillar davomida tirnoqqa zor bo'lib birgina farzand ko'ra olmayotgan oilalar bor. O'sha oilalarga qizchasini ko'z-ko'z qilish og'ir botishi ham mumkin. Yana oilaviy etishmovchiliklardan aziyat chekayotganlar qancha. Biz maqtanib ijtimoiy tarmoqqa joylayotgan chiroyli tortlar, saryoqqa qovurilgan tovuq go'shtlari, ruletlar, sixga tortilna kaboblar va hokazolar ularning qayg'usini yanada ziyoda qilmasmikan. Dunyoda o'zining munosib juftini topa olmasdan iztirob chekayotganlar qancha?! Oila qurib ham sira rohat ko'rmasdan ajralish ostonasidagilar-chi! Yoki yuragiga eng yaqin odamini boy berib firoq azobini tortayotganlar yo'qmi...
Nima bo'lganda ham o'z hayotini ko'z-ko'z qilish bu – to'g'ri ish emas. Buni dinimiz ham ma'qullamaydi. Shariatimiz bizni hamma narsada vazmin bo'lishni, me'yorni saqlashni, o'z baxti haqida olamga jar solmaslikni, odamlarda o'zining baxtiga nisbatan hasad tuyg'usini uyg'otmaslikka chaqiradi.
“Ko'p yillar burun bir domlaga o'qitishga bordim. Uyini so'roqlab topib bordik. Hovlida tumonat odam yig'ilib turibdi. Navbat kutayotganlar ekan. Biz ham ularga qo'shilib turdik. Bir mahal ichkaridan bir suruv odam chiqdi. Keyin bizga kiringlar degan ishora bo'ldi. Kirsak o'rtada katta xontaxta. Uning usti to'la odamlarning surati: o'smir qizlar, ayollar, turli yoshdagi erkaklar, hatto bolalarning ham suratlari bor. Biz xontaxtani aylanib o'tirdik. Hamma o'tirganidan keyin to'rda o'tirgan domla ko'zini xiyol yopib o'qishga tushib ketdi. Men to'rdagilardan boshlab o'qib navbatma-navbat dam solar ekan-da, deb taxmin qilib turgan edim bir mahal xuddi kalashnikov avtomatidan o'q otgandek qilib “suf, suf, suf...” deb hammaga, xontaxta ustidagi suratlarga ham dam solib yubordi”, deydi bir qo'shnimiz.
Bu hikoyadan suratga qarab dam solish tajribasi amalda qo'llanilayotgani ayon bo'ladi. Demak, Internetdagi suratlarga qarab dam solar ekan, ko'z tegar ekan, issiq-sovuq qilar ekan deganlari asossiz emas ekan-da.
Bizning baxtiyorligimizni qanchalik kam odam bilsa, uni muhofaza etishimiz shunchalik qulay bo'ladi. Ko'p odam biz haqda bilmagandan keyin “ko'zi” bor odamlarning ham ko'pi bizdan bexabar bo'ladi va ko'zikish degan narsa bizni chetlab o'tib ketadi.
Ushbu mavzuda berilgan bir savolga javob bergan Odilxon qori Yunusxon o'g'li bunday degan ekan: “Ko'z tegishidan himoyalanish uchun, avvalo, Alloh taolo bergan ne'matlar shukri ado etiladi, ular bilan maqtanchoqlik qilinmaydi, imkon qadar ko'pchilikdan – to'g'ri ma'noda – berkitiladi, ne'matni ko'z-ko'z qilavermaydi”.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlaridan 2011 yilda ko'z tegishi haqida so'rashganida bu savolga javobni ushbu hadis bilan boshlagan ekanlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ko'z tegishi haqdir», dedilar».
To'rtovlari rivoyat qilishgan. Muslim va Termiziy quyidagilarni ziyoda qilishgan:
«Agar biror narsa qadardan o'tadigan bo'lsa, albatta, ko'z tegishi o'tar edi. Qachonki sizdan g'uslga yordam so'ralsa, g'uslga yordam bering», dedilar».
G'uslning bayoni Ahmad, Nasaiy va Ibn Hibbonlar rivoyat qilgan hadisda quyidagicha bayon qilinadi:
«Ko'zi tekkan kishi yuzini va ikki qo'lini chig'anog'i bilan yuvadi. Keyin kindigidan jismining pastigacha yuvadi. Suvni qadahga quyib turib, ko'z tekkanning boshidan va elkasidan quyiladi. So'ngra qadahni to'ntarilib qo'yiladi. Allohning izni ila tuzalib ketadi».
Ushbu hadisi sharifdan ayon bo'ladiki, ko'z tegishining davosini topish unchalik qulay ish emas. Birinchidan, bemorga kimning ko'zi tekkanini aniqlab olish oson ish emas, Ikkinchidan, ko'zi tekkan kishi kishi uyalganidan yoki odamlarning malomat qilishidan qo'rqib o'zining ko'zi tekkanini tan olmaslgigi mumkin. Uchinchidan esa ijtimoiy tarmoqqa suratlarini joylagan odamga dunyoning qaysi bir kunjagidan kimningdir ko'zi tekkan bo'lsa, uni aniqlab bo'ladimi, aniqlagan taqdirda ham Afrikagami, Hitoygami borib uni kim olib keladi. Kim unga bu ishlarni tushuntiradi...
Shunday ekan, azizlar, ko'z-ko'z qilmang, ko'z tegar
Donishmandlar ham baxtni mustahkam qurg'on ichra saqlash darkor va uni hadeb odamlarga ko'rsataverish shart emas, deydilar. Axir odam eng baholi va qadrli narsalarni ko'zdan pana qiladi – boyligini yashiradi, boshqa narsalarini yashiradi, nega baxtini yashirmasin!
Damin JUMAQUL,
O'MI Matbuot xizmati
“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.
Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?
Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?
Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.
Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.
So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.
Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.
Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?
Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.
2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing
Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.
- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.
Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.
Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.
“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak
Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.
Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.
Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.
Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.