— Eshitishimizcha, masjidga borganda masjidni bir marta o'ng tarafidan yurib aylansa, miskinlarning hajiga o'tar emish. Bu qanchalik to'g'ri?
— Bunday gap dinimizda yo'q. Masjidga borishning o'zi katta fazilat va savobga erishishdir. Vallohu a'lam!
— Boshqa mamlakatlarga ish yuzasidan borib qolsak, u erdagi masjidlarda namozlar bizdagidan boshqacharoq o'talishiga guvoh bo'lamiz. Bu holda qanday yo'l tutish kerak?
— Borgan joyingizdagi imom ahlus sunna val-jamoadan bo'lsa, iqtido qilinadi va o'zimizning mazhabimizda qanday o'qiyotgan bo'lsangiz, shunday o'qiyverasiz. Sahobalarni haqorat qiladigan toifalarning orqasida namoz o'qishdan saqlaning.
— Masjidda tupurish mumkin emas, deyishadi. Ammo ayrim masjidlarning ichida hojatxonalar ham bo'ladi. Masjid hovlisida hojatxona qurish mumkin-mi?
— Hadislarda masjidni namoz o'qiladigan qismiga boshqalarga ozor berishi mumkin bo'lgan harakatlardan tiyilishga buyurilgan. Tupurish ham shular jumlasidan. Masjid hududiga axlatlarni tashlash uchun mo'ljallangan idishlar qo'yilsa, joiz bo'ladi. Ammo masjid hududida namozxonlar uchun tahoaratxona bo'lishining moneligi yo'q. Tahoratxonada namoz o'qish joiz bo'lmaydi.
— Ayrim holda masjid qabriston bilan yonma-yon joylashgan bo'ladi. Shu to'g'ri-mi?
— Bu savolingizga “Fatoviy al-Azhar” — Al-Azhar fatvolari” majmuasidagi quyidagi fatvoni javob tariyqasida taqdim etishga ijozat bersangiz:
- Ichida qabr bor masjiddagi namoz hukmi: Agar qabr masjiddan ajralgan joyda bo'lsa, ya'ni namoz o'qilmaydigan joyda, unga qo'shni masjiddagi namoz to'g'ridir. Buning haromligi yoki makruhligi yo'q.
- Ammo qabr masjidning ichida bo'lsa, Ahmad ibn Hanbalning mazhabidan boshqa imomning mazhabida joizdir. Faqat ular, qabr namozxonning old tarafida bo'lishi makruh, deganlar. Chunki, bunda qabrga namoz o'qiganga o'xshashlik bor. Lekin qabr oldida namoz o'qishdan uni muqaddas bilishi va ulug'lash ko'zlangan bo'lsa, haromdir. Gohida shirkka olib borishi ham mumkin. Bas, qabr namozxonning orqasida, chap yoki o'ng tarafida bo'lsin!
— Ayrim masjidlar hovlisida mushki anbar, atirlar, diniy kitoblar sotiladi. Masjidlar ichida savdo qilish joiz-mi?
— Masjidning xonaqosida joiz emas. Hovlisida joiz. Masjidning tashqarisida hunarmandchilik, sotish maqsadida xat bitish, haq evaziga maktabdorlik qilish joizdir. Termiziy va Nasoiy keltirgan rivoyatda shunday deyilgan: “Payg'ambar alayhissalom masjidda she'r aytishdan, oldi-sotdi qilishdan va juma kuni namozdan oldin halqa bo'lib o'tirishdan qaytardilar”. Vallohu a'lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:
– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.
– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.
– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.
Shunda bog‘ egasi:
– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.
Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:
– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.
Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.
Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: “Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.
Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.
“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.
Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.