Ziroatchilikda meva va sabzavotlarni dori yordamida tez va ko'zga chiroyli ko'rinadigan suratda etishtirish holatlari ko'p uchraydi. Bu esa, meva va sabzavotlarning tabiiy etilishiga o'z ta'sirini ko'rsatmay qolmaydi. Ba'zan bozorlarda meva va sabzavotlarning etilishi vaqtidan avval savdo rastalariga chiqqanini ko'ramiz. Hajmi ham katta va ko'z bilan qaraganda chiroyli ko'rinadi. Ushbu meva va sabzavotlarni etishtirishda ularning tarkibiga ta'sirini ko'rsatuvchi turli dori vositalari qo'llaniladi. Bunga asosiy sabablardan biri bozorlarga ziroat mahsulotlarini erta chiqarish bilan tez fursatda katta foyda qozonishdir. Shuningdek, meva va sabzavotlarni tabiiy etilishidan oldin uzib olib, unga dori yo'llash orqali etishtirib, kattalashtirish holatlari ham kuzatiladi.
Bu turdagi meva va sabzavotlarni tabiiysidan ajratib olish unchalik qiyin emas. Shu o'rinda “Dinda buning hukmi nima?”, “Buning inson salomatligi uchun zarari yo'qmi?” kabi savollar tug'ilishi turgan gap.
“Islom ilmlari tadqiqot markazi” fatvo bo'limiga kelib tushgan quyidagi savolni e'tiboringizga havola qilamiz:
Savol: “Ba'zi ziroatchilar meva mahsulotlarining chiroyli, katta va tez fursatda etishtirish maqsadida dori mahsulotlarini qo'llashlari kuzatilmoqda. Bunday dorilarning inson salomatligi uchun zarari bor. Shuningdek, bunday dori vositalaridan foydalanishga ziroat uyushmasi ham ruxsat bermagan. Buning hukmi qanday bo'ladi?”.
Javob: “Bunday ko'rinishda faoliyat olib borish musulmonlarga yolg'on yo'l bilan mahsulotlarni etkazish bo'lgani uchun harom hisoblanadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim musulmonlarni aldaydigan bo'lsa, bizdan (musulmonlar safidan) emas”, deganlar.
Mahsulotlarni bunday ko'rinishda odamlarga taqdim qilish zararli bo'lgani bois, uni hunar qilish va undan rizq topib eyish harom hisoblanadi. Bunday mahsulotlar haqida ma'lumotga ega bo'lgan kishilar ularni bozorga olib chiqishi, sotishi va rivojlantirishi mumkin emas. Zero, bunda yomonlikka sherik bo'lib qolish bor. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Yaxshilik va taqvo yo'lida ko'maklashinglar va gunoh va dushmanchilik yo'lida ko'maklashmanglar! Allohga taqvo qiling, Alloh azobi shiddatli bo'lgan Zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Ziroat bilan shug'ullanadigan kishilar halol kasb qilish yo'lida bir-birlariga yaxshilikda ko'maklashib, musulmonlar uchun zararli bo'lgan ishlardan chetlanishlari lozim. Musulmon kishilarning zimmalarida bo'lgan haqlaridan biri – bir-birlariga nasihat qilish va yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarishdir. Zero, rivojlanish uchun asosiy omillardan biri yaxshilik va taqvo yo'lida bir-birlarini qo'llab quvvatlashlaridir. Vallohu a'lam!” (Manba: “Majallatul buhusu-l islamiyya”).
Demak, meva va sabzavot mahsulotlarini etishtirishda inson salomatligiga yomon ta'sir qiladigan dori vositalarini qo'llash dinimizda qaytarilgan amallardan ekan. Shuni alohida aytib o'tish kerakki, bugungi kunda ushbu mahsulotlarga zarar etkazadigan kasallik va illatlarga qarshi himoyalanish uchun maxsus ziroat uyushmasi tomonidan tavsiya qilingan dorilardan foydalanishning zarari yo'q. Ammo, mahsulotni tezda etishtirib, chiroyli va katta ko'rinishda bozorga olib chiqish va katta daromadga ega bo'lish maqsadida dori vositalaridan foydalanish qabih amallardan bo'lib, jamiyatga zararli mahsulot etkazish xavfi bo'lgani uchun qaytarilgandir.
Alloh taolo rizqimizga baraka ato etsin. Har birimiz rizqimizni halol va chiroyli yo'l bilan to'g'ri so'zlik ila qozonishimizni nasib qilsin!
Hayrulloh domla Sattarov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi