Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2025   |   6 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2025, 6 Zulqa`da, 1446

Meva va sabzavotlarni dori yordamida kattalashtirish va etishtirish masalasi

04.06.2021   1868   5 min.
Meva va sabzavotlarni dori yordamida kattalashtirish va etishtirish masalasi

 

Ziroatchilikda meva va sabzavotlarni dori yordamida tez va ko'zga chiroyli ko'rinadigan suratda etishtirish holatlari ko'p uchraydi. Bu esa, meva va sabzavotlarning tabiiy etilishiga o'z ta'sirini ko'rsatmay qolmaydi. Ba'zan bozorlarda meva va sabzavotlarning etilishi vaqtidan avval savdo rastalariga chiqqanini ko'ramiz. Hajmi ham katta va ko'z bilan qaraganda chiroyli ko'rinadi. Ushbu meva va sabzavotlarni etishtirishda ularning tarkibiga ta'sirini ko'rsatuvchi turli dori vositalari qo'llaniladi. Bunga asosiy sabablardan biri bozorlarga ziroat mahsulotlarini erta chiqarish bilan tez fursatda katta foyda qozonishdir. Shuningdek, meva va sabzavotlarni tabiiy etilishidan oldin uzib olib, unga dori yo'llash orqali etishtirib, kattalashtirish holatlari ham kuzatiladi.

Bu turdagi meva va sabzavotlarni tabiiysidan ajratib olish unchalik qiyin emas. Shu o'rinda “Dinda buning hukmi nima?”, “Buning inson salomatligi uchun zarari yo'qmi?” kabi savollar tug'ilishi turgan gap.

“Islom ilmlari tadqiqot markazi” fatvo bo'limiga kelib tushgan quyidagi savolni e'tiboringizga havola qilamiz:

Savol: “Ba'zi ziroatchilar meva mahsulotlarining chiroyli, katta va tez fursatda etishtirish maqsadida dori mahsulotlarini qo'llashlari kuzatilmoqda. Bunday dorilarning inson salomatligi uchun zarari bor. Shuningdek, bunday dori vositalaridan foydalanishga ziroat uyushmasi ham ruxsat bermagan. Buning hukmi qanday bo'ladi?”.

Javob: “Bunday ko'rinishda faoliyat olib borish musulmonlarga yolg'on yo'l bilan mahsulotlarni etkazish bo'lgani uchun harom hisoblanadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim musulmonlarni aldaydigan bo'lsa, bizdan (musulmonlar safidan) emas”, deganlar.

Mahsulotlarni bunday ko'rinishda odamlarga taqdim qilish zararli bo'lgani bois, uni hunar qilish va undan rizq topib eyish harom hisoblanadi. Bunday mahsulotlar haqida ma'lumotga ega bo'lgan kishilar ularni bozorga olib chiqishi, sotishi va rivojlantirishi mumkin emas. Zero, bunda yomonlikka sherik bo'lib qolish bor. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Yaxshilik va taqvo yo'lida ko'maklashinglar va gunoh va dushmanchilik yo'lida ko'maklashmanglar! Allohga taqvo qiling, Alloh azobi shiddatli bo'lgan Zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Ziroat bilan shug'ullanadigan kishilar halol kasb qilish yo'lida bir-birlariga yaxshilikda ko'maklashib, musulmonlar uchun zararli bo'lgan ishlardan chetlanishlari lozim. Musulmon kishilarning zimmalarida bo'lgan haqlaridan biri – bir-birlariga nasihat qilish va yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarishdir. Zero, rivojlanish uchun asosiy omillardan biri yaxshilik va taqvo yo'lida bir-birlarini qo'llab quvvatlashlaridir. Vallohu a'lam!” (Manba: “Majallatul buhusu-l islamiyya”).

Demak, meva va sabzavot mahsulotlarini etishtirishda inson salomatligiga yomon ta'sir qiladigan dori vositalarini qo'llash dinimizda qaytarilgan amallardan ekan. Shuni alohida aytib o'tish kerakki, bugungi kunda ushbu mahsulotlarga zarar etkazadigan kasallik va illatlarga qarshi himoyalanish uchun maxsus ziroat uyushmasi tomonidan tavsiya qilingan dorilardan foydalanishning zarari yo'q. Ammo, mahsulotni tezda etishtirib, chiroyli va katta ko'rinishda bozorga olib chiqish va katta daromadga ega bo'lish maqsadida dori vositalaridan foydalanish qabih amallardan bo'lib, jamiyatga zararli mahsulot etkazish xavfi bo'lgani uchun qaytarilgandir.

Alloh taolo rizqimizga baraka ato etsin. Har birimiz rizqimizni halol va chiroyli yo'l bilan to'g'ri so'zlik ila qozonishimizni nasib qilsin!

 

Hayrulloh domla Sattarov,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bir chumoli dedi

02.05.2025   4585   3 min.
Bir chumoli dedi

Naml surasida: «To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: “Ey chumolilar! Uyalaringizga kiringiz...” dedi»,  deyiladi.

Sulaymon alayhissalom qo‘shini bilan kelayotganida, bir chumoli jamoasiga kutilmagan xatar yaqinlashayotganini his qildi va qolganlarni ogohlikka chaqirib, biz tarafga xatar yaqinlashib kelyapti, joningizni qutqaring: «...Yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni bosib-yanchib ketmasinlar, degan edi» (Naml surasi, 18-oyat).

Chumolining qilgan ishi qanchalar ajabtovur-a?! U xatarni payqashi bilanoq o‘zini qutqarish uchun emas, jamoasini qutqarish uchun shoshildi.

Qavmining qayg‘usini o‘z zimmasiga oldi, xatar kelmasidan uni his qila bildi va chumolilar to‘dasini “xavf bostirib kelyapti, shoshilinglar, joningizni xatardan qutqarib qoling”, deya ogohlantirdi.

Bir nazar solaylik-da, oyati karimada kelgan “chumoli” so‘zi arab tili qoidalariga ko‘ra tadqiq qilinsa, u nakra (noaniq) shaklda turibdi. Ahamiyatli jihati shundaki, “chumoli” so‘zi Qur’oni karimda noaniq shaklda keltirildi, demakki o‘sha chumoli to‘daning oddiy bir a’zosi, lekin shunday bo‘lishiga qaramay o‘zini past sanamadi. Biz esa, falonchi nima qildi, pismadonchi-chi, deb surishtirish bilan ovoramiz.

Keling, endi masalaning boshqa tomoniga e’tiborimizni qarataylik. Chumoli: “Ey chumolilar, hozir Sulaymon sizlarni qirib yuboradi. Sizlar bir kuchsiz jamoasiz, ular sizga e’tibor ham bermaydi”, dedimi?! U to‘dasidagilar bilan vaziyatni tahlil qildimi?! Chumoliga boqing. Aksincha, Sulaymon va uning qo‘shinini aybsiz deya, ular sezmayaptilar, deb ularni oqladi.

Chumolilar ham ogohlantiruvchiga qarab: “Yo‘q, sen bizning ustimizdan boshliq bo‘lmoqchisan. Senga faqat martaba, mansab kerak”, deyishdimi?! Aslo yo‘q! Aksincha, uning gapini olib, inlariga kirib ketishdi va jajji chumolining da’vatiga ergashganlari holda najotga yetib, jonlari omon qoldi.

O‘zi uchun uya qurish jarayonida sabr qilish ham chumolilarning xususiyatlaridandir. Ular qurayotgan uyalari bir necha marotaba qulab tushishiga qaramasdan, uni qayta-qayta tiklayveradilar va oxir-oqibat bir butun uya holiga keltiradilar.

Hikoyat. Rivoyat qilinishicha, Amir Temur janglarning birida mag‘lubiyatga uchraydi va o‘sha yerga yaqin bir g‘orga kirib, mag‘lubiyati haqida o‘ylaydi. U chuqur tafakkur qilarkan, ko‘zi bir chumoliga tushadi. Chumoli g‘or devoriga ko‘tarilmoqchi bo‘lib, tushib ketadi. Ikkinchi urinishda ham devordan sirpanib tushadi. Uchinchi safar ham... Amir Temur bu mitti jonivorni diqqat bilan kuzata boshlaydi, undan ko‘zini uzmaydi. Axiyri, o‘n yettinchi urinishda chumoli devorga chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Shunda Amir Temur: “Yo qudratingdan! Shu kichik maxluq sal kam yigirma marta urindi. Men nima uchun mag‘lubiyatimdan zaiflashyapman?!” – deya o‘zini koyiydi.

Buyuk qo‘mondon g‘ordan chiqib tor-mor bo‘lgan qo‘shinini yana jangga tayyorlaydi va bitta bo‘lsa-da, tirik odami qolgunicha taslim bo‘lmaslikka astoydil qaror qiladi. Uning ko‘z o‘ngida esa mitti chumolining shijoati aks etadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, chumoli hasharotlar orasida eng qat’iyatli, o‘zaro hamkor va hamjixat ekan.

Chumolining yana bir sifati ularning o‘zaro hamkorlik va hamjihatligidir. Ularning bari bir bo‘lib, bitta chiziq tortgan holda doimiy harakatda bo‘lar ekanlar.

Shu mitti chumolining harakatlari bizlarga qaysidir ma’noda o‘rnak bo‘lishi mumkinmi?!


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.