frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Mazhab masalasidagi ba'zi savollarga javoblar

02.06.2021   3140   6 min.
Mazhab masalasidagi ba'zi savollarga javoblar

1-savol: “Ahli sunna val jamoa aqoidi” kitobini o'qib, undagi bir hadis to'g'risida so'ramoqchi edim: “Ummatim etmish uch firqaga bo'lingaydir. Bularning hammasi do'zaxdadir. Illo, bittasi (najotdadir)”, deyilgan. 

Javob: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir necha firqalarning paydo bo'lishi to'g'risida bashorat qilganlar: 

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qildilar: “Ummatim etmish uch firqaga bo'lingaydir. Ularning hammasi do'zaxdadir. Illo, bittasi (najot­dadir). Shunda ular kim deyildi. U zot: “Mening va sahobalarimning yo'lini tutganlardir”, dedilar” (Imom Termiziy, Ibn Moja va Abu Dovud rivoyatlari). 

Hadisi sharifda aytilganidek, yahudiy toifasi etmish bir, nasroniy toifasi etmish ikki, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) ummatlari etmish uch firqaga bo'lingan. Har bir musulmon botil mazhablarning xato yo'llaridan saqlanish uchun ahli sunna val jamoa aqidasini yaxshi bilishi zarur. 

Ahli sunna val jamoadan tashqari etmish ikki firqaning o'zagi ettita bo'lib, ular mo''tazila, shia, xavorij, xorijiya, murji'a, najjoriyya, jabariyya va mushabbihalardir. 

Ular yana o'z oralarida sodir bo'lgan ixtiloflar natijasida besh, o'n va yigirma firqaga bo'linib, 72 firqani tashkil qiladi. Achinarli tomoni shundaki, adashgan firqalarning barchasi bir-birlarini “kofir” deb ayblaydilar. 

Yetmish ikki firqaga bo'linib ketganlar asosan o'zlarining havoyi nafslari va shayton ig'vosiga uchganlar bo'lib, ulardan mo''tazilalar 20, shialar 22, xavorijiylar 20, murji'alar 5, najjoriyyalar 3, jabariyyalar 1, mushabbihalar 1 firqaga bo'lindilar va jami 72 firqa bo'ldi. Ularning ba'zilarini e'tiqodlari bid'at, ba'zilariniki esa kufrgacha borib etdi. 

Yuqoridagi taqsimotni Shayx Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy o'zining “Jome'ul mutun fiy haqqi anvois sifotil ilohiyya va aqoidil moturidiyya va lafzil kufri va tashihil a'molil ajibiyya” (Alloh taoloning turli sifatlari, moturidiyya aqoidi, kufr so'zlari izohi va amallarni to'g'ri bajarish haqida matnlar to'plami) kitobida boshqacharoq ko'rsatgan. Unda aytilishicha, zalolatda bo'lgan mazhablar bir necha guruhlarga bo'linadi: 

  1. Mo''tazila 20 firqaga bo'lingan. 
  1. Horijiya 20 firqaga bo'lingan. 
  1. Murji'a 5 firqaga bo'lingan. 
  1. Jabariyya. 
  1. Mushabbiha. 
  1. Najjoriyya 3 firqaga bo'lingan. 

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin o'rtaga chiqqan turli xil oqimlar o'zlarining bid'atchi ekanini anglab etishmagan. 

Islom dinini niqob qilib olib, olimlik da'vo qi­layotgan kishilardan ehtiyot bo'lish zarur. Ularga aslo befarq bo'lmaylik. Dinda befarq bo'lish aslo yaramaydi. 

2-savol: Bugungi kunda masjidlarimizda namozxonlar har xil shaklda namoz o'qishmoqda. Har kim o'z ixtiyori bilan xohlagan mazhabiga ergashishi mumkinmi? 

Javob: Mutaaxxir (keyingi) ulamolar musulmonlarni muayyan bir mazhabga ergashishlari vojib, deganlar. Chunki har bir musulmon o'zi to'g'ridan-to'g'ri Qur'on va hadisdan hukmlarni olish imkoniyatiga ega emas. Va yana har kim o'zi bilganicha amal qiladigan bo'lsa, omma o'rtasida turli ixtilof va nizolarning kelib chiqishiga sabab bo'ladi. Mana shunday ko'ngilsizliklarning oldini olish, jamiyat barqarorligini saqlab qolish maqsadida ulamolar musulmonlarni muayyan bir mazhabga ergashishlarini vojib deganlar. 

3-savol: Men mazhablar o'rtasidagi namozdagi farqni so'ramoqchi edim. Biz qaysi hadisni olganmiz boshqa mazhabdagilar qaysi hadisni olgan. Shunga to'liq ma'lumot bersangiz. Alloh rozi bo'lsin. 

Javob: Siz “Kifoya” kitobini olib namoz bobini o'qib chiqing. Ushbu kitobda mazhabimizga ko'ra namoz o'qishning dalillari batafsil bayon qilingan. 

4-savol: Bir do'stim Litva davlatida ishlayapti u erda bir masjid bor va do'stim ishlayotgan joydan ancha uzoq va shu masjidning imomi tojik millatiga mansub domla bo'lib, boshqa mazhabda ekan. Juma namozlarini ado etish uchun qandaydir echim bormi? 

Javob: O'sha boshqa mazhabda bo'lgan imomga iqtido qilgan holda o'z mazhabiga muvofiq ado etaveradi. Namozni boshida takbiri tahrimada qo'l ko'tarishda unga ergashadi. Qolgan o'rinlarda imom qo'l ko'tarsa ham, u ko'tarmay o'qiyveradi. Bir mazhab vakili ikkinchi mazhab vakiliga iqtido qilishi durust. 

5-savol: Mazhab nima? Mazhab dunyo bo'yicha nechta? 

Javob: Mazhab degani boradigan yo'l degan ma'noni anglatadi. Dinimizda haq deb e'tirof qilingan fiqhiy mazhablar to'rtta bo'lib, ular hanafiy, molikiy, shofi'iy va hanbaliy mazhablaridir. 

6-savol: Men masjidda yonimda namoz o'qiyotgan kishini ko'rsatgich barmog'ini yuzlantirayotganiga ko'zim tushti. Bu bizning hanafiy mazhabimizga to'g'ri keladimi? 

Javob: Bu amalni “ishoratu sabboba”deyiladi, hanafiy ulamolarimiz ham uni namozning sunnatlaridan deb hisoblaydilar. 

7-savol: Nega mazhablar har xil namoz o'qiydi? Qaysi hadislarni hujjat qilib olishgan. Hamma mazhablarning qaysi hadisni hujjat qilib olishganini qisqa qilib tushuntirib bersangiz. Mazhab o'zgartirish gunoh emasmi. 

Javob: Sizga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Ixtiloflar haqida”, “Ixtiloflar, sabablar, echimlar”, “Mazhablar birlik ramzi” nomli kitoblaridan birini, eng kamida birinchisi – eng kichik hajmlisini o'qib chiqishni tavsiya qilamiz. Batafsil ma'lumot va tushunchaga ega bo'lasiz, inshaalloh!

O'MI Matbuot xizmati

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston va Indoneziya ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

10.09.2026   40346   1 min.
O‘zbekiston va Indoneziya ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Indoneziya Respublikasi Haj va Umra vaziri Muhammad Irfan Yusuf bilan uchrashdi.

Uchrashuvda turistik almashinuvni kengaytirish, ziyorat turizmini rivojlantirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va turoperatorlar hamkorligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Turistik oqimni oshirish maqsadida Toshkent–Jakarta, shuningdek, tarixiy shaharlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lovchi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

Muloqot davomida Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan yangi aviaqatnovlarni subsidiyalash bo‘yicha mexanizmlarni qo‘llash mumkinligi qayd etildi. Shuningdek, Indoneziyadan sayyoh jalb qilgan mahalliy turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratilishi ham ta’kidlandi.

Indoneziyada har yili 2 milliondan ortiq fuqaro Haj va Umra ziyoratiga yo‘l oladi. O‘zbekistondagi 1 200 dan ziyod ziyorat maskani, jumladan, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband merosi Indoneziya bozori uchun muhim turistik salohiyat hisoblanadi.

Indoneziya Haj va Umra vazirining tashrifi doirasida Samarqand va Buxorodagi ziyorat maskanlari bilan tanishuv tashkil etildi. Buxoro va Samarqandni Indoneziya bozorida ziyorat turizmi yo‘nalishlari sifatida targ‘ib qilish, maxsus turlar ishlab chiqish, Haj va Umra operatorlari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Imom Buxoriy majmuasi hududida indoneziyalik investorlar ishtirokida “Hadith Hotel” besh yulduzli mehmonxonasining ishga tushirilishi ham ikki mamlakat turizm sohasidagi hamkorlikning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, “Umra plyus” dasturi, turoperatorlar o‘rtasidagi hamkorlik va ziyorat turizmi infratuzilmasini rivojlantirish O‘zbekistonning Indoneziya bozoridagi mavqeini mustahkamlash hamda turistik oqimni oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari