Kuni kecha, 1 iyun' kuni Termiz shahridagi Imom Termiziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tashrif buyurdilar. Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Aliakbar domla Sayfuddinov, Diniy idora Ish boshqaruvchisi Rustam Jamilov, Imom Termiziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi direktori Shukrullo Umarov hamrohlik qildi.
Tashrif davomida muftiy hazratlari ta'lim muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, ta'lim muassasasi pedagog-o'qituvchilari, xodimlar hamda talabalarbilan mazmunli suhbat o'tkazdilar.
Suhbat davomida muftiy hazratlari ta'lim muassasasida olib borilayotgan ishlarni ijobiy baholab, istiqboldagi faoliyati borasida o'zlarining muhim ko'rsatmalar berdilar.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan Termiz shahrida xalqaro ilmiy tadqiqot markazi hamda ta'lim muassasasi tashkil etilishi bejizga emasligini ta'kidlab, bu ilm maskanlaridan buyuk termiziy allomalar kabi etuk ulamolar davomchilari etishib chiqishiga ishonch bildirdilar.
Talabalarning ta'lim salohiyatini oshirish hamda ularni kelajakda hadis va shariat ilmlarini puxta o'zlashtirib, etuk mutaxassis bo'lib etishishlari bo'yicha quyidagi tavsiyalarini berib o'tdilar:
Ta'lim muassasasi talabalariga Toshkent islom institutidan hadis ilmi, arab tili va muhovara hamda Qur'oni karim va tajvid fanlaridan dars berish uchun etuk mutaxassislarni jalb etish;
Ta'lim muassasasida yangi fan sifatida Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” asarini o'qitilish rejalashtirilgani bois, talabalar uchun “Imom Termiziy kursisi”ni joriy etish;
“Sunani Termiziy” asarini xatm qilib, hadis ilmi mutaxasssisi darajasiga etgan talabalarga “Imom Termiziy kursisi”da hadis ilmi bo'yicha ijoza olishlarini yo'lga qo'yish;
Ta'lim muassasasida ustoz-shogird an'anasini takomillashtirish;
Ta'lim muassasasining kutubxona fondini boyitib borish;
Talabalarga hanafiy mazhabi va moturidiya aqidasi asosida sof islom e'tiqodini singdirib borish.
Suhbat yakunida muftiy hazratlari ta'lim muassasasi pedagog-xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlarga muvaffaqiyatlar tilab, duo qildilar.
Shukrullo UMAROV,
Imom Termiziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi direktori
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov Toshkent islom instituti talaba- yoshlari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvni institut rektori Uyg‘un G‘afurov ochib, mazkur tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi muloqotlar barcha diniy ta’lim muassalarida tashkil etilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida o‘tgan Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda Zayniddin Eshonqulov yoshlarga o‘zining hayotiy, ilmiy va kasbiy tajribalarini so‘zlab berdi. Ma’ruzada Diniy idora tizimidagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyat yo‘nalishlari va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Zayniddin domla diniy-ma’rifiy faoliyatda ilm va ma’rifatning o‘rni, kadrlarning vatanparvarlik va axloqiy tarbiyasi va turli yot g‘oyalardan ma’naviy immunitetning shakllangani haqida o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Notiq o‘z so‘zi davomida talaba-yoshlarni sabr-toqat va qat’iy intizom bilan ilm olishga da’vat etdi. Shuningdek, ixlosli bo‘lish va ustozlarni ehtirom qilish muvaffaqiyat kaliti ekanini ta’kidladi.
Yetuk imom-xatib bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘zi ustida ishlash hamda bilim va tajribalarini oshirib borishi lozimligi haqida qimmatli maslahatlar berdi.
Ana shunday tadbirlar yoshlarning ilm olishi va kelgusidagi kasbiy faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga xizmat qiladi, rahbar xodimlar esa ular uchun hayotiy namuna bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati