Misrning «Al-Habar al-Yaum» gazetasi «O'zbekiston - dunyoning ziyorat turizmi qal'asi» sarlavhali maqola chop etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Maqola avvalida boy tarix, madaniyat, jahon tsivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo'shgan ko'plab olim va mutafakkirlar, betakror madaniy meros, ko'hna me'moriy obidalar, pazandachilik va xalq amaliy san'atiga ega bo'lgan O'zbekiston ziyorat sayyohligi yo'nalishida ham ulkan salohiyat sohibi ekani aks ettirilgan.
Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoev tomnidan imzolangan «O'zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmon mazkur yo'nalishda olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlarga huquqiy asos yaratgani alohida ta'kidlangan.
«O'zbekistonda ziyorat turizmi uchun har jihatdan mos keladigan jami 622 ta madaniy meros ob'ektining 595 tasi islom diniga, 19 tasi nasroniylik, 8 tasi esa buddaviylik diniga mansub», deb ma'lum qilingan materialda.
Maqolada O'zbekiston hududida yashab o'tgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshbandiy, Ho'ja Abduholiq G'ijduvoniy va boshqa ko'plab mashhur alloma va mutafakkirlar maqbaralari musulmon sayyohlarni o'ziga jalb qilishi va ularning merosi nafaqat islom tsivilizatsiyasi rivoji, balki dunyo ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo'shgani qayd etilgan.
Materialda mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlanishiga sabab bo'layotgan omillarga alohida e'tibor qartilgan. Ta'kidlanishicha, turistlarni jalb qilish bo'yicha qabul qilingan huquqiy-meyoriy hujjatlarga binoan, qator davlatlar fuqarolariga vizasiz rejimning joriy etilgani natijasida 2018-2019 yillarda O'zbekistonga Indoneziyadan kelgan sayyohlar soni 170 foiz, Malayziyadan 158 foiz, Turkiyadan 154 foiz va BAAdan 153 foizga o'sgan.
«Singapurning «Crescent Rating» va AQShning «Mastercard» tashkilotlari tomonidan har yili e'lon qilinadigan «Jahon musulmon sayyohlari indeksi» reytingida O'zbekiston Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar orasida sayyohlarni jalb qilayotgan «eng jozibador» hamda «xavfsizlik va bag'rikenglik darajasi yuqori» bo'lgan 10 ta mamlakat qatoridan o'rin olgani yuqori baholangan», - deya qayd etadi Misr gazetasi.
Misr gazetasi 2019 yil fevralida Buxoro shahrida o'tkazilgan I Halqaro ziyorat turizmi forumida yakunida qabul qilingan “Buxoro deklaratsiyasi”da O'zbekiston ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida e'tirof etilganiga urg'u bergan. Ushbu tadbir ishtirokchilari va etakchi mutaxassislar tavsiyasiga tayangan holda, gazeta o'z o'quvchilariga «ochiq osmon ostidagi muzey” bo'lgan O'zbekistonga hech o'ylab o'tirmasdan safar qilishni, ushbu yurtdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni tavsiya etgan.
«Al-Habar al-Yaum» o'z o'quvchilari e'tiboriga O'zbekiston Halqaro islom akademiyasi tomonidan o'tkazilgan “Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida turizmni rivojlantirish: jahon tajribasi va milliy ustuvorliklar” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferentsiya haqidagi ma'lumotlarni ham havola etgan.
Maqola intihosida «O'zbekiston turizmning barcha yo'nalishlarini rivojlantirish va xorijiy sayyohlarni jalb bo'yicha dunyoda etakchi mamlakatlardan biriga aylanishi uchun qulay imkoniyatlarga ega», deb ishonch bildiradi «Al-Habar al-Yaum» gazetasi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV