Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Past ovozda, tanho va qalban duo qiling!

02.06.2021   3045   5 min.
Past ovozda, tanho va qalban duo qiling!

Hayotingizdagi eng qiyin va mashaqqatli onlarda, Allohga duo qilish ehtiyoji yanada kuchayganda, duo qilish uchun qanday sharoit ixtiyor qilganingizni eslay olasizmi? Hoynahoy, oqshom boshingizni yostiqqa qo'yib yulduzli osmonga tikilgan ko'yi uning cheksiz-chegarasiz ekanligini tafakkur qilgan holda yoki Alloh bilan yuzma-yuz qolish imkoni bo'lgan sokin, kimsasiz bir joyni tanlagan bo'lsangiz kerak. Ibodat asnosida ma'naviy huzur, asosan yolg'iz qolganda, hech kim bilmagan vaqtda, Alloh bilan tanho, yuzma-yuz bo'lganda seziladi. Hato va gunohlari uchun mag'firat, ehtiyojlarining qondirilishi uchun duo qilayotgan inson, albatta yolg'iz holda duo qilishni tanlaydi. Bunga bir misol Zakariyo alayhissalomning duosidir. Qur'on karimda uning Allohdan naslini davom ettiradigan voris istab yashirincha qilgan duosi shunday bayon qilingan:

«U Robbiga maxfiy nido qilgan chog'ini esla. U: «Ey Robbim, mening suyaklarim mo'rtlashdi, boshga oq tutashdi, ey Robbim, senga duo qilishla badbaxt bo'lmaganman» (Maryam, 3–4-oyatlar).

Duoning qabul bo'lish sabablaridan biri Allohga yuzlanuvchining kuchli, hamma narsaga qodir, hamma narsadan ogoh Zot qarshisida o'zini past tutib, iltijo qilishdir. Zotan, samimiy mo'min xoh duo, xoh namoz, xoh ro'za, xoh boshqa ibodat bo'lsin o'zini Allohning oldida ojiz, haqir sanab U Zotga qo'rquv va umid bilan duo qiladi. Qur'on karimda mo'minlarga duo qilish odobi to'g'risida quyidagi tarzda ta'lim berilgan:

«Robbingizga tazarru' ila maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshguvchilarni sevmas» (A'rof, 55-oyat).

«Robbingni ertayu kech ichingda tazarru'-la, qo'rqib, ovoz chiqarib gapirmay zikr qil va g'ofillardan bo'lma. Robbing huzuridagilar, albatta, Uning ibodatidan mutakabbirlik qilmaslar…» (A'rof, 205–206-oyatlar).

Qur'on karimda duoni yolg'iz, maxfiy va tazarru' bilan qilishga e'tibor qaratilgan. Shu sababli duo qiluvchi ovozini baland qilishi, atrofida ko'p odamlarni jamlashi muhim emas. Shuni unutmaslik kerakki, duoda ovozni balandlashtirish uning qabulini osonlashtirmaydi. Biz duo qilayotgan Robbimiz qalbimizdan o'tgan tuyg'ularni bilgan, hamma narsadan ogoh va bizga jon tomirlarimizdan ham yaqindir. Bu haqda Alloh taolo marhamat qiladi:

«Albatta, insonni Biz yaratganmiz va uning nafsi nimani vasvasa qilishini ham bilurmiz. Va Biz unga jon tomiridan ham yaqinmiz» (Qof, 16-oyat).

Yaratuvchimizning bizlarga shunchalik yaqinligini bilib turib ovozimizni behuda balandlatishning hojati yo'q. Inson qalban duo qilish bilan birga faqat o'zi eshitadigan ovoz bilan ham duo qilishi mumkin. Qur'on karimda xoh ibodat chog'ida, xoh hayotining har onida ovozini me'yorda qilish lozimligi oyatlarda quyidagicha bildirilgan:

«Yurishda mo''tadil bo'l va ovozingni pasaytir. Chunki, ovozlarning eng yomoni eshakning ovozidir» (Luqmon, 19-oyat).

«Sen: «Allohga duo qilinglar, Rohmanga duo qilinglar, qaysisiga duo qilsangiz ham, bari bir. Go'zal ismlar Unikidir», deb ayt. Namozingni juda baland ovoz ila o'qima, uni juda maxfiy ham o'qima, buning orasida bir yo'l tut» (Isro,110-oyat).

Ko'rib turganimizdek Qur'on karimda ta'lim berilgan ibodat namunasi ko'z-ko'z qilishdan uzoq. Boshqalar ko'rsin yoki eshitsin deb qilinmaydi. Faqat Alloh oldidagi burchini go'zal holda bajarish maqsad qilinadi. Qur'onda bunga juda katta ahamiyat berilgan. Duo bilan bog'liq oyatlarda qayta-qayta «Unga dinni xolis qilgan holda duo qiling» kalomi zikr etilgan.

«Sen «Robbim adolatga amr qiladi. Har bir ibodatxonada yuzingizni to'g'ri tuting. Uning diniga ixlos etgan holda duo qiling. Sizlarni avval qanday yaratgan bo'lsa, o'sha holda qaytasizlar», deb ayt» (A'rof, 29-sura).

«Bas, agar kofirlar yoqtirmasalar ham, Allohga dinni xolis qilgan holingizda yolboring» (G'ofir, 14-oyat).

«U zot tirikdir. Undan o'zga ibodatga sazovor zot yo'q. Bas, Unga dinni xolis qilgan holda duo qiling. Olamlarning Robbi Allohga hamdlar bo'lsin» (G'ofir, 65-oyat).

Ushbu oyatlarda zikr etilgan «Unga dinni xolis qilgan holda duo qiling» kalomidan murod Allohga dinni xolis tutgan holda duo-ibodat qilish, Allohga xolis bo'ysungan holda, shariatga to'la amal qilgan holda, iymon-e'tiqodga yolg'onu riyoni aralashtirmay duo-ibodat qilishga chaqirishdir.

Din faqat Allohnikidir. Ibodatlar ham faqat Uning roziligini ko'zlab qilinadi. Duo-ibodatlarini boshqalarga ko'rsatish uchun qilganlar haqida shunday deyilgan:

«Bir «namozxonlar»ga vayl bo'lsinki. Ular namozlarini unutuvchilardir. Undoq kishilar riyo qiladiganlardir» (Maa'un, 4–6-oyatlar).

 

“Qur'oni karimga ko'ra duo” kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda

23.06.2025   5142   1 min.
Ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda

Yig‘ilish avvalida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi Sulton Rayev Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov hamrohligida Islom sivilizatsiyasi markazi binosi va majmuaning ikkinchi qavatida joylashgan xalqaro tashkilotlar uchun ajratilgan maxsus joy bilan tanishdi. 
 

Markazda davom etayotgan yig‘ilish doirasida esa TURKSOY va Markaz o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
 

Ilmiy kengash a’zolari, ishchi guruh rahbarlari, xalqaro hamkor mutaxassislar va loyihalar ijrochilari ishtirokida o‘tkazilayotgan yig‘ilish doirasida Markaz ekspozitsiyasini boyitish bo‘yicha masalalar muhokama qilinmoqda.


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

Ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda Ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda Ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda