Ma'naviy etuk oila – yuksak jamiyat tayanchi. Oila urf-odatlari, shajarasi, an'analari, axloqiy-ma'naviy qadriyatlarni farzandlar ongiga singdirish, har bir kishini kasb-hunar malakaci bilan qurollantirish ma'naviy barkamollikni tarbiyalash asosidir.
Islom dini xalqlarning ijtimoiy hayotiga, xususan, oilaviy munosabatlari, madaniyati va milliy an'analariga singib ketgan. Islomiy ma'naviyat manbalarida oila, oilaviy munosabat va oilaviy tarbiyaga oid qarashlar tizimi mavjud bo'lib, u oilaning shakllanishi, rivojlanishi va mustahkamlanishiga qaratilgan barcha jihatlarni o'z ichiga oladi. Bu qarashlar ilohiyot nuqtai nazaridan o'rtaga tashlansa-da, ular kishilarning hayotiy faoliyati, turmush tarzi, ijtimoiy ehtiyoji, nihoyat oilaviy munosabatlari talabidan kelib chiqqanligi uchun ham aql va kundalik turmushga muvofiq edi.
Islomda oilaviy tarbiyaning o'ziga xos xususiyatlari ko'rsatib o'tiladi. Bu xususiyatlar musulmonchilik talabidan kelib chiqqan, bolani axloqiy tarbiyalash haqidagi umumiy g'oyalar bilan bog'liq bo'lib, ular bolani insoniylik va ezgulikka da'vat etgani uchun umuminsoniy mazmunga egadir. Bugungi kunda ota-onalar islom ma'naviyatini bolalar shuuriga singdirib borishi zarur.
Qobiljon ASLANOV,
Boyovut tumani “Abduxolih
G'ijduvoniy” jome masjidi imom-xatibi
Ulamolar biror bir mazhabga ergashish borasida Quron oyatlari va hadisi shariflardan ishoralar keltirib aytishadiki,«...Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan so‘rangiz» (16:43).
Huzayfa roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisda: «Men sizlarning orangizda yana qancha qolishimni bilmayman. Shunday ekan, mendan so‘ng u ikkisi: Abu Bakr va Umarga iqtido qiling» (Termiziy, Ibn Moja, Ahmad), deyilgan.
Imom Muslim «Sahih» asarining sharhlovchisi Imom Navaviy muayyan imomga taqlid qilishning shartligini sharhlab: «Sabab shundaki, mazhablardan birini tanlashga ruxsat berish kishilarni, ular o‘z xohishlariga mos keladigan oson narsaga ergashishiga olib keladi. Ular halol va harom, ruxsat etilgan va man etilgan narsalarning orasidan o‘zlariga mosini tanlaydilar. Bu mazhablar osonlashtirilmagan, tizimlashtirilmagan yoki mashhur bo‘lmagan ilk islom davridan farqli ravishda mas’uliyat tashvishidan ozod qilishga olib keladi. Shular asosida kishi o‘zi qat’iy ravishda amal qiladigan mazhablardan birini tanlashi lozim bo‘ladi», degan .Boshqa manbada: «Bu ummat ijmo qilgan, to‘g‘irlangan, yozib qo‘yilgan to‘rt mazhabdir. Bizning kunimizgacha odamlar unga taqlid qilishib o‘zlarini o‘shandan deb hisoblaydilar. Bunda, ayniqsa, qat’iyatlilik kamaygan, xohishlarimiz ongimizga o‘rnashgan va odamning ahmoqona ehtirosi xuddi fazilat sifatida qaraladigan bugungi kunda, ko‘pgina aniq ustunlik bor», deb yozgan.
Yangi Namangan tumani "Abdulloh ibn Mas’ud" jome masjidi
imom-xatibi Sh.To‘xtabayev