Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446

Asosiy vaqt nimalarga sarflanadi?

02.06.2021   1738   7 min.
Asosiy vaqt nimalarga sarflanadi?

Vaqt shunchalik qimmat va bebaho bo'lishiga qaramay, ko'pchilik insonlar uning bu qiymatini his etmaydilar, natijada undan foydalanib qolish uchun emas, balki uni zoye qilib, yo'qotish uchun musobaqalashadilar. Bunday “musobaqachilar” uning bebaho ulushidan mahrum insonlardir. Bu haqda hadisi sharifda quyidagicha bayon qilingan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ikki ne'mat borki, ko'p insonlar ulardan mahrumdir, (Ular): Sog'lik va bo'sh vaqtdir” (Buxoriy rivoyati).

Inson gohida sog'lom bo'lsa-da, og'ir mehnat bilan band bo'lganligi sababli fazilatli amallarni o'zlashtirish uchun fursat topa olmaydi. Ba'zida esa og'ir mehnatlardan qutulgan bo'lsa-da, uning sog'ligi bo'lmaydi. Agar bir insonning sog'ligi ham, bo'sh vaqti ham bo'lsa-yu, fazilatlarga erishib qolishga harakat qilmasa, uning ana shu dangasaligi ulardagi ulushdan mahrumlikdir. Zero, har xil to'siqlarga to'la va qisqagina umrdan imkon qadar foydalanib qolmasdan behuda o'tkazib yuborish eng qimmatli ulushdan benasib qolishdir.

Bugungi kunda vaqtni behuda amallarga sarflash odatiy holga aylanib qolgani hech kimga sir emas. “Falon joyda yangi oshxona ochilibdi”, deyilsa, vaqtini isrof qilayotganiga parvo ham qilmay yangi oshxona sari otlanadiganlar, hatto ovqatlanib kelish uchun shahar tashqarisiga yoki boshqa shaharlarga ham borib keladiganlar borligi haqiqatdir. Aslida inson eyish uchun yashashi bilan emas, balki yashash uchun eyishi bilan boshqa jonzotlardan farqlanib turmaydimi?

“Bir marta keladigan dunyoda o'ynab, kulib yurib qolish”ni aytib, shu “tashvish” bilan yashayotganlarga ulamolar quyidagicha nasihat qilganlar: “Aslida dunyoga bir marta keladigan bo'lganimiz uchun amal qilib qolishimiz lozim. Chunki bizga abadiy rohat-farog'atni qo'lga kiritish uchun faqat bir marta dunyoda turish muddatigina imkoniyat qilib berilgan. Ana shu bir martalik imkoniyatni vaqtinchalik narsalarga chalg'ib qo'ldan boy berish aqlli insonlarning ishi emas”.

Qur'oni karimda har bir kishiga ertangi kun uchun qanday amal qilganiga qarash buyurilgan:

“Ey, iymon keltirganlar, Allohdan qo'rqinglar va (har bir) jon (egasi) ertangi kun (qiyomat) uchun nimani (qanday amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir” (“Hashr” surasi, 18-oyat).

Ushbu oyatda qiyomat kuni ertangi kun deb xabar berilgan. E'tibor beriladigan bo'lsa, hammaning o'tkazgan umri kechagidek ko'z oldida turadi. Qiyomat ham oyatda xabar berilgani singari ertadek juda tez kelib qoladi. Ulamolar musulmon kishining vaqti doimo uch amaldan biriga sarflanishini bayon qilganlar:

  1. Farz amallar.Besh vaqt namoz, Ramazon ro'zasi, oila nafaqasi uchun kasb-kor qilish va harom ishlardan tiyilish kabi shariatdagi barcha buyruq va qaytariqlarni bajarishga sarflanadi.
  2. Sunnat va mustahab amallar.Qur'on tilovatini ko'paytirish, Allohni ko'p zikr qilish, qarindoshlar va qo'ni-qo'shnilar bilan bordi-keldi qilish, bemorlar va etim-esirlarning holidan xabar olish singari shariatda tavsiya qilingan barcha amallarni ado etishga sarflanadi.
  3. Muboh amallar.Ovqatlanish, dam olish, shariatda ruxsat berilgan o'yinlarni o'ynash kabi amallarga sarflanadi.

Ushbu muboh amallarni bajarishda farz va sunnat amallarga kuch-quvvat yig'ib olish niyat qilinsa, muboh amal tufayli ham savobga ega bo'linadi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu shunday deganlar: “Tunni qoim qilib savob umid qilganim singari, uxlashimdan ham savob umid qilaman”.

Musulmon kishi uchun vaqtning to'rtinchi bo'lagi bo'lmaydi. To'rtinchisi haddan oshishdir. Kim haddan oshsa, o'ziga zulm qilgan bo'ladi.

Vaqtga e'tiborli bo'lish muhimligi bayon etilar ekan, o'rtacha etmish besh yillik umr tahlil qilib ko'riladigan bo'lsa, asosiy vaqt nimalarga sarflanishi yaqqol namoyon bo'ladi:

  1. O'n besh yil atrofidagi vaqt bolalik va o'smirlik bilan o'tadi.
  2. Agar bir sutkada sakkiz soatdan uxlansa, yigirma besh yil umr uyqu bilan o'tadi
  3. Agar bir sutkada sakkiz soat kasb-kor bilan mashg'ul bo'linsa, yigirma besh yil umr ishlashga sarflangan bo'ladi.
  4. Agar bir sutkada uch mahal ovqatlanilsa, har ovqatlanishiga yarim soatdan vaqt sarflasa, to'rt yarim yildan ortiq umr ovqatlanishga ketadi.
  5. Qolgan besh yildan ortiq umr hammaning o'zi yaxshi ko'rgan sevimli mashg'ulotlariga sarflanadi.

Mazkur ishlarning barchasi niyat bilan ado etish tufayli ibodatga aylanishi mumkin. Bu esa, musulmon kishida etmish besh yillik umrni daqiqa-yu soniyalarigacha to'liq ibodatga aylantirib olish imkoni bor, deganidir. Shuning uchun har bir musulmon kishi o'tayotgan kunida qancha farz va vojib, sunnatu mustahab amallarni, ota-ona, qarindoshlar, qo'ni-qo'shni, yurt-vatan haqlarini va hakozo shariat talab qilgan amallarni niyat bilan bajarganini har doim sarhisob qilib borishi lozim. O'tayotgan har bir vaqt hisob-kitoblidir.

Alloh taolodan o'tkazayotgan kunlarimizni xayr-barakali qilishini, bugunimizni kechamizdan, ertamizni esa bugunimizdan afzal qilishini so'raymiz.

Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg'ambarimiz Muhammad mustafoga salavot va salomlar bo'lsin!

 

Shayx Abdul Fattoh Abu G'uddaning “Ulamolar nazdida vaqtning qadri” kitobidan

Qudratulloh Sidiqmetovning tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi

29.04.2025   4534   1 min.
Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi

Shu yil 28 aprel kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov boshchigida viloyat vakilligi xodimlari, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari va “Haj – 2024” ziyoratchilaridan iborat ishchi guruhi a’zolari uchun  Pop tumanidagi “Kichik Xo‘jabod“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
 

Unda Pop tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berilib, Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:


1. Imom-xatib “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish;

2. Imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish va unga ko‘mak berish;

3. Imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.


Yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari Pop tumanida ish olib bordi.


Shuningdek, Ishchi guruh a’zolari Pop tumanidagi masjidlar hududidagi mahalliy xonadonlarga kirib, ularning hol-ahvoli so‘raldi. Xususan, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, muammolari o‘rganildi, taklif, fikr-mulohazalari tinglandi va keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Namangan viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi
O'zbekiston yangiliklari