Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446

Asosiy vaqt nimalarga sarflanadi?

02.06.2021   1736   7 min.
Asosiy vaqt nimalarga sarflanadi?

Vaqt shunchalik qimmat va bebaho bo'lishiga qaramay, ko'pchilik insonlar uning bu qiymatini his etmaydilar, natijada undan foydalanib qolish uchun emas, balki uni zoye qilib, yo'qotish uchun musobaqalashadilar. Bunday “musobaqachilar” uning bebaho ulushidan mahrum insonlardir. Bu haqda hadisi sharifda quyidagicha bayon qilingan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ikki ne'mat borki, ko'p insonlar ulardan mahrumdir, (Ular): Sog'lik va bo'sh vaqtdir” (Buxoriy rivoyati).

Inson gohida sog'lom bo'lsa-da, og'ir mehnat bilan band bo'lganligi sababli fazilatli amallarni o'zlashtirish uchun fursat topa olmaydi. Ba'zida esa og'ir mehnatlardan qutulgan bo'lsa-da, uning sog'ligi bo'lmaydi. Agar bir insonning sog'ligi ham, bo'sh vaqti ham bo'lsa-yu, fazilatlarga erishib qolishga harakat qilmasa, uning ana shu dangasaligi ulardagi ulushdan mahrumlikdir. Zero, har xil to'siqlarga to'la va qisqagina umrdan imkon qadar foydalanib qolmasdan behuda o'tkazib yuborish eng qimmatli ulushdan benasib qolishdir.

Bugungi kunda vaqtni behuda amallarga sarflash odatiy holga aylanib qolgani hech kimga sir emas. “Falon joyda yangi oshxona ochilibdi”, deyilsa, vaqtini isrof qilayotganiga parvo ham qilmay yangi oshxona sari otlanadiganlar, hatto ovqatlanib kelish uchun shahar tashqarisiga yoki boshqa shaharlarga ham borib keladiganlar borligi haqiqatdir. Aslida inson eyish uchun yashashi bilan emas, balki yashash uchun eyishi bilan boshqa jonzotlardan farqlanib turmaydimi?

“Bir marta keladigan dunyoda o'ynab, kulib yurib qolish”ni aytib, shu “tashvish” bilan yashayotganlarga ulamolar quyidagicha nasihat qilganlar: “Aslida dunyoga bir marta keladigan bo'lganimiz uchun amal qilib qolishimiz lozim. Chunki bizga abadiy rohat-farog'atni qo'lga kiritish uchun faqat bir marta dunyoda turish muddatigina imkoniyat qilib berilgan. Ana shu bir martalik imkoniyatni vaqtinchalik narsalarga chalg'ib qo'ldan boy berish aqlli insonlarning ishi emas”.

Qur'oni karimda har bir kishiga ertangi kun uchun qanday amal qilganiga qarash buyurilgan:

“Ey, iymon keltirganlar, Allohdan qo'rqinglar va (har bir) jon (egasi) ertangi kun (qiyomat) uchun nimani (qanday amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir” (“Hashr” surasi, 18-oyat).

Ushbu oyatda qiyomat kuni ertangi kun deb xabar berilgan. E'tibor beriladigan bo'lsa, hammaning o'tkazgan umri kechagidek ko'z oldida turadi. Qiyomat ham oyatda xabar berilgani singari ertadek juda tez kelib qoladi. Ulamolar musulmon kishining vaqti doimo uch amaldan biriga sarflanishini bayon qilganlar:

  1. Farz amallar.Besh vaqt namoz, Ramazon ro'zasi, oila nafaqasi uchun kasb-kor qilish va harom ishlardan tiyilish kabi shariatdagi barcha buyruq va qaytariqlarni bajarishga sarflanadi.
  2. Sunnat va mustahab amallar.Qur'on tilovatini ko'paytirish, Allohni ko'p zikr qilish, qarindoshlar va qo'ni-qo'shnilar bilan bordi-keldi qilish, bemorlar va etim-esirlarning holidan xabar olish singari shariatda tavsiya qilingan barcha amallarni ado etishga sarflanadi.
  3. Muboh amallar.Ovqatlanish, dam olish, shariatda ruxsat berilgan o'yinlarni o'ynash kabi amallarga sarflanadi.

Ushbu muboh amallarni bajarishda farz va sunnat amallarga kuch-quvvat yig'ib olish niyat qilinsa, muboh amal tufayli ham savobga ega bo'linadi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu shunday deganlar: “Tunni qoim qilib savob umid qilganim singari, uxlashimdan ham savob umid qilaman”.

Musulmon kishi uchun vaqtning to'rtinchi bo'lagi bo'lmaydi. To'rtinchisi haddan oshishdir. Kim haddan oshsa, o'ziga zulm qilgan bo'ladi.

Vaqtga e'tiborli bo'lish muhimligi bayon etilar ekan, o'rtacha etmish besh yillik umr tahlil qilib ko'riladigan bo'lsa, asosiy vaqt nimalarga sarflanishi yaqqol namoyon bo'ladi:

  1. O'n besh yil atrofidagi vaqt bolalik va o'smirlik bilan o'tadi.
  2. Agar bir sutkada sakkiz soatdan uxlansa, yigirma besh yil umr uyqu bilan o'tadi
  3. Agar bir sutkada sakkiz soat kasb-kor bilan mashg'ul bo'linsa, yigirma besh yil umr ishlashga sarflangan bo'ladi.
  4. Agar bir sutkada uch mahal ovqatlanilsa, har ovqatlanishiga yarim soatdan vaqt sarflasa, to'rt yarim yildan ortiq umr ovqatlanishga ketadi.
  5. Qolgan besh yildan ortiq umr hammaning o'zi yaxshi ko'rgan sevimli mashg'ulotlariga sarflanadi.

Mazkur ishlarning barchasi niyat bilan ado etish tufayli ibodatga aylanishi mumkin. Bu esa, musulmon kishida etmish besh yillik umrni daqiqa-yu soniyalarigacha to'liq ibodatga aylantirib olish imkoni bor, deganidir. Shuning uchun har bir musulmon kishi o'tayotgan kunida qancha farz va vojib, sunnatu mustahab amallarni, ota-ona, qarindoshlar, qo'ni-qo'shni, yurt-vatan haqlarini va hakozo shariat talab qilgan amallarni niyat bilan bajarganini har doim sarhisob qilib borishi lozim. O'tayotgan har bir vaqt hisob-kitoblidir.

Alloh taolodan o'tkazayotgan kunlarimizni xayr-barakali qilishini, bugunimizni kechamizdan, ertamizni esa bugunimizdan afzal qilishini so'raymiz.

Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg'ambarimiz Muhammad mustafoga salavot va salomlar bo'lsin!

 

Shayx Abdul Fattoh Abu G'uddaning “Ulamolar nazdida vaqtning qadri” kitobidan

Qudratulloh Sidiqmetovning tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

28.04.2025   11232   1 min.
O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi”  mavzusida chiqish qildi.
 

Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.


Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.


O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi
O'zbekiston yangiliklari