Vaqt shunchalik qimmat va bebaho bo'lishiga qaramay, ko'pchilik insonlar uning bu qiymatini his etmaydilar, natijada undan foydalanib qolish uchun emas, balki uni zoye qilib, yo'qotish uchun musobaqalashadilar. Bunday “musobaqachilar” uning bebaho ulushidan mahrum insonlardir. Bu haqda hadisi sharifda quyidagicha bayon qilingan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ikki ne'mat borki, ko'p insonlar ulardan mahrumdir, (Ular): Sog'lik va bo'sh vaqtdir” (Buxoriy rivoyati).
Inson gohida sog'lom bo'lsa-da, og'ir mehnat bilan band bo'lganligi sababli fazilatli amallarni o'zlashtirish uchun fursat topa olmaydi. Ba'zida esa og'ir mehnatlardan qutulgan bo'lsa-da, uning sog'ligi bo'lmaydi. Agar bir insonning sog'ligi ham, bo'sh vaqti ham bo'lsa-yu, fazilatlarga erishib qolishga harakat qilmasa, uning ana shu dangasaligi ulardagi ulushdan mahrumlikdir. Zero, har xil to'siqlarga to'la va qisqagina umrdan imkon qadar foydalanib qolmasdan behuda o'tkazib yuborish eng qimmatli ulushdan benasib qolishdir.
Bugungi kunda vaqtni behuda amallarga sarflash odatiy holga aylanib qolgani hech kimga sir emas. “Falon joyda yangi oshxona ochilibdi”, deyilsa, vaqtini isrof qilayotganiga parvo ham qilmay yangi oshxona sari otlanadiganlar, hatto ovqatlanib kelish uchun shahar tashqarisiga yoki boshqa shaharlarga ham borib keladiganlar borligi haqiqatdir. Aslida inson eyish uchun yashashi bilan emas, balki yashash uchun eyishi bilan boshqa jonzotlardan farqlanib turmaydimi?
“Bir marta keladigan dunyoda o'ynab, kulib yurib qolish”ni aytib, shu “tashvish” bilan yashayotganlarga ulamolar quyidagicha nasihat qilganlar: “Aslida dunyoga bir marta keladigan bo'lganimiz uchun amal qilib qolishimiz lozim. Chunki bizga abadiy rohat-farog'atni qo'lga kiritish uchun faqat bir marta dunyoda turish muddatigina imkoniyat qilib berilgan. Ana shu bir martalik imkoniyatni vaqtinchalik narsalarga chalg'ib qo'ldan boy berish aqlli insonlarning ishi emas”.
Qur'oni karimda har bir kishiga ertangi kun uchun qanday amal qilganiga qarash buyurilgan:
“Ey, iymon keltirganlar, Allohdan qo'rqinglar va (har bir) jon (egasi) ertangi kun (qiyomat) uchun nimani (qanday amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir” (“Hashr” surasi, 18-oyat).
Ushbu oyatda qiyomat kuni ertangi kun deb xabar berilgan. E'tibor beriladigan bo'lsa, hammaning o'tkazgan umri kechagidek ko'z oldida turadi. Qiyomat ham oyatda xabar berilgani singari ertadek juda tez kelib qoladi. Ulamolar musulmon kishining vaqti doimo uch amaldan biriga sarflanishini bayon qilganlar:
Ushbu muboh amallarni bajarishda farz va sunnat amallarga kuch-quvvat yig'ib olish niyat qilinsa, muboh amal tufayli ham savobga ega bo'linadi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu shunday deganlar: “Tunni qoim qilib savob umid qilganim singari, uxlashimdan ham savob umid qilaman”.
Musulmon kishi uchun vaqtning to'rtinchi bo'lagi bo'lmaydi. To'rtinchisi haddan oshishdir. Kim haddan oshsa, o'ziga zulm qilgan bo'ladi.
Vaqtga e'tiborli bo'lish muhimligi bayon etilar ekan, o'rtacha etmish besh yillik umr tahlil qilib ko'riladigan bo'lsa, asosiy vaqt nimalarga sarflanishi yaqqol namoyon bo'ladi:
Mazkur ishlarning barchasi niyat bilan ado etish tufayli ibodatga aylanishi mumkin. Bu esa, musulmon kishida etmish besh yillik umrni daqiqa-yu soniyalarigacha to'liq ibodatga aylantirib olish imkoni bor, deganidir. Shuning uchun har bir musulmon kishi o'tayotgan kunida qancha farz va vojib, sunnatu mustahab amallarni, ota-ona, qarindoshlar, qo'ni-qo'shni, yurt-vatan haqlarini va hakozo shariat talab qilgan amallarni niyat bilan bajarganini har doim sarhisob qilib borishi lozim. O'tayotgan har bir vaqt hisob-kitoblidir.
Alloh taolodan o'tkazayotgan kunlarimizni xayr-barakali qilishini, bugunimizni kechamizdan, ertamizni esa bugunimizdan afzal qilishini so'raymiz.
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg'ambarimiz Muhammad mustafoga salavot va salomlar bo'lsin!
Shayx Abdul Fattoh Abu G'uddaning “Ulamolar nazdida vaqtning qadri” kitobidan
Qudratulloh Sidiqmetovning tarjimasi
Uch yashar qizi uyni betartib qilib tashlagani uchun otasi unga qattiqroq tanbeh berdi. Ertasiga qizi otasiga bir quti hadya qildi. Otasi bo‘sh qutini ko‘rib, qizining bu ishini tushunolmadi va: “Bu nimasi, qizim, meni masxara qilyapsanmi?” dedi. Qizi esa: “Kecha meni urishgan paytingiz sizga aytishdan qo‘rqib shu qutini ochdim va ichiga sizni yaxshi ko‘rishimni aytib, og‘zini berkitib qo‘ydim. Bugun jahlingiz chiqmay turgani uchun olib kelib berdim”, dedi. Shunda ota xato yo‘l tutayotganini anglab yetdi. Qizini opichladi. Uning bundan naqadar xursand bo‘lgani ko‘z oldida qoldi.
Oradan yillar o‘tsa-da, ishi yurishmasa yo kayfiyati bo‘lmasa o‘sha kunni eslab, bo‘sh qutini ochib qararkan, tashvishlarini unutdi.
Darhaqiqat, qiz farzand otasiga o‘g‘il farzanddan ham ko‘proq mehrli bo‘lishar ekan. Hadislarda bir qiz farzandni bo‘lsa-da, tarbiyalab o‘stirgan otaga jannat bashorati berilgani bejizmas ekan.
Alloh bergan bu ne’matlarning qadriga yetaylik. Zero, qancha odamlar, o‘g‘il bo‘lsin, qiz bo‘lsin – ko‘p yillar davomida farzand ne’matiga zor.
Akbarshoh RASULOV