Kavkaz musulmonlari idorasi qoziyoti kengashi a'zosi Hoji Surxay ta'kidlashicha, endilikda Ozarbayjon musulmonlari masjidlarni birma-bir ziyorat qilishi mumkin.
Mamlakat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tezkor shtab o'tkazgan brifingda Prezident yordamchisi, ma'muriyatning iqtisodiy ishlar va innovatsion rivojlanish siyosati bo'limi boshlig'i Shahmar Movsumov ibodat joylari faoliyati Ozarbayjonda 10 iyundan qayta tiklanadi, dedi.
Keyinchalik Vazirlar Mahkamasi masjid va cherkovlarda diniy marosimlarni tiklash uchun asosiy shartlarni e'lon qildi. Hukumatning asosiy talabi masjidlarda namozxonlar sonining mumkin bo'lgan maksimal miqdorning 50 foizidan oshmasligi, lekin bir vaqtning o'zida 50 kishidan ko'p bo'lmaganligini ta'minlashi shart qilindi.
Koronavirus pandemiyasi sababli Ozarbayjonda qariyb bir yarim yil davomida masjidlar yopilgan edi.
Dinshunos mas'ul yangi qoidalarga qanday rioya qilishni tushuntirib berdi. "Bu bir vaqtning o'zida 50 kishi namoz o'qiydi, degani emas. Namozxonlar navbatma-navbat va bosqichma-bosqich, niqoblarini echmasdan va ijtimoiy masofa qoidalariga rioya qilgan holda namoz o'qishlari mumkin bo'ladi", dedi Hoji Surxay.
Kavkaz musulmonlari idorasi qoziyoti kengashi 50 kishining chegarasini juda oqilona fikr deb hisoblaydi. Kelgusi masjidlarni yumshatishga tayyorgarlik ham allaqachon boshlangan. Hozirda masjidlar xonalarini tozalash, maxsus belgi va qo'llarni tozalash vositalarini o'rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
O'MI Halqaro aloqalar bo'limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV