بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا" وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الَّذِي قَالَ: "أَكْرِمُوا أَوْلَادَكُمْ وَأَحْسِنُوا آدَابَهُمْ"وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَأَمَّا بَعْدُ.
FARZAND TARBIYaSI, YoShLARNING ILM-MA_''RIFATGA E_''TIBORINI QARATISh
Muhtaram jamoat! Ma'lumki, farzand ne'mati Alloh taolo tomonidan berilgan buyuk ne'mat bo'lib, har bir ota-ona bu ne'matni qadriga etib, haqqini ado qilishi zarurdir. Dinimizda farzand tarbiyasiga katta ahamiyat berilgan bo'lib, uni farzand hatto dunyoga kelmasidan oldin boshlash kerak ekani bir qancha kitoblarimizda bayon qilingan.
Muqaddas dinimiz otaning zimmasiga farzandi dunyoga kelishidan oldin bir qancha vazifalarni yuklagan. Quyida ulardan ba'zisini bayon qilamiz:
تَخَيَّرُوا لِنُطَفِكُمْ فَانْكِحُوا الْأَكْفَاءَ
(رواه الإمام ابن ماجه عن عائشة رضي الله عنها)
ya'ni: “Sizlar o'z nutfangizga munosib jufti halolni ixtiyor qilinglar. O'zingizga munosiblarga nikohlaninglar!” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Demak, farzand odob-axloqli bo'lishi uchun uning birinchi suhbatdoshi bo'lmish – onasini husni xulqli va solihasini tanlash otaning burchi ekan.
Ulamolarimiz aytadilarki, “bismilloh” bilan bo'lgan farzandni shayton ma'lum miqdorda vasvasa qilishi mumkin, lekin hech qachon uni butkul o'ziga bo'ysindira olmaydi.
Demak, farzandni shayton vasvasa qilmasligi uchun otaning hissasi juda katta ekan.
لَا يَرْبُو لَحْمٌ نَبَتَ مِنْ سُحْتٍ إِلَّا كَانَتْ النَّارُ أَوْلَى بِهِ
(رواه الإمام الترمذي عَنْ كَعْبِ بْنِ عُجْرَةَ رضي الله عنه)
ya'ni: “Qaysi go'sht haromdan ulg'aysa, jahannamga kirishga loyiq bo'ladi”(Imom Termiziy rivoyatlari).
Ma'lumki, homila ona ozuqasidan rivojlanadi. Shuning uchun onaning luqmasi homilaga albatta ta'sir qiladi. Shunday ekan, homilador ona istagan narsasini ota olib kelishda birinchi navbatda halol ekaniga e'tibor qaratishi ayni muddaodir.
Dinimiz otaning zimmasiga farzandi dunyoga kelgandan keyin bir qancha vazifalarni yuklagan. Quyida ulardan ba'zisini bayon qilamiz:
Ummu Sibyon – bolalarga ziyon etkazadigan jin toifasidir. Uning qiladigan ishi go'daklarga zarar etkazishdan iborat. Ammo bolaning qulog'iga azon va takbir aytib qo'yilsa, mazkur jin bolaga zarar etkaza olmay qoladi. Bundan tashqari, yangi tug'ilgan bolaning qulog'iga kirgan birinchi narsa Allohning zikri bo'lishi qanday ham yaxshi. Shuningdek, azon va takbir bolaning qalbiga, butun vujudiga yaxshi ta'sir qilishidan umidvorlik ham bor.
إِنَّكُمْ تُدْعَوْنَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِأَسْمَائِكُمْ وَأَسْمَاءِ آبَائِكُمْ فَأَحْسِنُوا أَسْمَاءَكُمْ
رَوَاهُ الإمام أحْمَدُ عَنْ أَبِى الدَّرْدَاءِ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ
ya'ni: “Qiyomat kunida o'z ismingiz va otalaringiz ismlari bilan chaqirilasizlar. Shuning uchun farzandlarga chiroyli ism qo'yinglar!” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Ismlarning yaxshisi – bandalik va hamdni bildiruvchisidir”, – deganlar. Shuning uchun, “Alloh taologa bandalik” ma'nosini anglatuvchi Abdulloh, Abdurahmon va “Alloh taologa hamd” ma'nosini anglatuvchi Hamidulloh kabi ismlar yaxshi ismlar hisoblanadi.
Shuningdek, Payg'ambarlar, sahobalar va tobeinlar kabi ulug' zotlarning ismlari ham qo'yishga tavsiya qilingan yaxshi ismlar hisoblanadi.
Qizlarga ham o'tgan ulug' momolarimiz, sahobiya ayollar va “ezgulik” ma'nosini anglatuvchi ismlarni qo'yish tavsiya qilinadi.
مَعَ الْغُلاَمِ عَقِيقَةٌ، فَأَهْرِيقُوا عَنْهُ دَمًا، وَأَمِيطُوا عَنْهُ الأَذَى
رَوَاهُ الإمام البخاري سَلْمَانُ بْنُ عَامِرٍ الضَّبِّىُّ رَضِي اللهُ عَنْهُ
ya'ni: “Yangi tug'ilgan bolaga aqiqa qilish bordir. Uning uchun qon chiqaring va undan nopoklikni ketkazing” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Shariatimizga ko'ra, aqiqani ko'rinishi shuki, bola tug'ilganidan keyin ettinchi kuni uning sochi olinadi va o'sha sochni og'irligicha tilla yoki kumushning qiymati miqdoricha faqirlarga sadaqa qilinadi.
Keyin xohlovchilar bolani boshiga za'faron surtishlari mumkin. Sochi olingandan keyin uning nomidan jonliq so'yiladi.
Aqiqa kunini ta'yin qilinishi borasida Oisha raziyallohu anho shunday deganlar: “Aqiqa ettinchi kuni bo'lsin. Agar ettinchi kuni bo'lmasa, o'n to'rtinchi kuni bo'lsin. Agar o'n to'rtinchi kuni ham bo'lmasa, yigirma birinchi kuni bo'lsin” (Imom Hokim rivoyatlari). Ulamolarimiz aytadilarki, mana shu kunlarda aqiqa qilishga otaning moliyaviy imkoniyati bo'lmasa, qachon qodir bo'lsa, o'sha paytda aqiqa qilishi mumkin.
Shu bilan birga ota yosh bolasini solih va taqvodor kishi huzuriga olib borib, tanglayini ko'tarishi ham marg'ub ishlardandir. Tanglay ko'tarish degani – solih va taqvodor kishi bir xurmo yoki shirin mevani oldin o'zi chaynab turib, bolaning og'ziga qo'li bilan solib qo'yishidir. Bu narsa meva bo'lgani afzaldir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam, deyarli, doimo bolalarning tanglayini xurmo bilan ko'targanlar.
مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ
(رواه الإمام الترمذي)
ya'ni: “Ota o'z bolasiga chiroyli odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, ota-ona va farzand tarbiyasiga mas'ul bo'lgan shaxslar yosh avlodni rostgo'ylik, va'daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o'zgalarga mehr-oqibatli bo'lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga etkazishga katta ahamiyat qaratishlari – dinimiz talabidir!
Azizlar! Hozirgi kunda farzandlarimiz maktabdan ta'tilga chiqmoqdalar. Mana shu paytdan ham unumli foydalanib, yoshlarimizni kasb-hunar, til kurslari kabi foydali to'garaklarga yo'naltirishimiz – ayni muddaodir. Shu bilan birga ta'til paytida farzandlarimiz kimlar bilan do'stlashyapti va bo'sh vaqtlarini kimlar bilan o'tkazyapti shularga ham alohida e'tibor berib qo'yishimiz kerak bo'ladi.
Bugungi kun yoshlariga juda ko'p imkoniyatlar yaratib berilgan. Yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to'g'ri foydalanishlari lozim. Lekin, ming afsuslar bo'lsinki, ba'zilarning farzandlari, xossatan, maktab yoshidagi yigitlar vaqtlarining aksarini internet va komp'yuter o'yinlari (playstation) klublarida har xil nojo'ya o'yin o'ynab, insonning qalbi va imoniga zarar keltiradigan rasm va videolarni tomosha qilib va to'g'ri yo'ldan adashtiruvchi notanish kishilar bilan suhbat o'tkazib, umrlarining oltin davrini zoye qilmoqdalar.
Shuningdek, ba'zi oilalarda farzand tarbiyasi to'lig'icha televizor yoki telefon apparatlariga topshirib qo'yilgan. Ularning farzandlarini o'zlari emas, balki o'sha texnik jihozlar “tarbiyalamoqda”. Har bir ota bolalari tarbiyasi uchun javobgar ekanini unutmasligimiz va oxiratda bu haqda aynan ota so'ralishini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak.
Islom dinida “ilm” deganda “diniy” va “dunyoviy” ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning e'tiqodiga oid bo'lib, oxirati uchun zarur bo'lsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir. Shuning uchun ham hadisi sharifda:
خَيْرُكُمْ مَنْ لَمْ يَتْرُكْ آخِرَتَهُ لِدُنْياهُ ولا دُنْياهُ لآخِرَتِهِ ولَمْ يَكُنْ كَلاًّ على النَّاس
(رواه الإمام الديلمي)
ya'ni: “Sizlarning eng yaxshingiz – bu dunyosini deb oxiratini unutmagan, oxiratini deb bu dunyosini unutmagan va o'zgalarga malol keltirmaganidir” deyilgan. Ushbu ta'limotlarga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o'rnak bo'lganlar.
Muhtaram azizlar! Ba'zida internet xabarlarida o'quvchilar o'z ustozlariga hurmatsizlik qilishlari, hatto oxirgi paytlarda qo'l ko'tarishlarini ham kuzatmoqdamiz. Bu xalqimiz kelajagi uchun ofat emasmi, necha asrlik tariximizda bunday holatlar hech kuzatilganmi?! Shuni ta'kidlash kerakki, ustozini va ilm maskanini hurmat qilmagan talaba va o'quvchiga hargiz foydali ilm yuqmaydi va hayotda baraka topmasligini tajribadan ko'rib turibmiz.
Farzandlarimizga ustozlar va o'qituvchilarning hurmatlarini joyiga qo'yib, ehtirom bilan muomala va munosabatda bo'lishlarini ham o'rgatishimiz kerak. Vaholanki, tarixda o'tgan va hozirgi kunda mashhur va ma'lum allomalarning hayotlariga e'tibor beradigan bo'lsak, ular ustozlarini juda yuksak darajada ehtirom qilgan, natijada ustozlarini ilmlari va duolarini olganlar. Masalan, mazhabboshimiz Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog'imni uzatmaganman. Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida ettita ko'cha bor edi”.
Yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib bilimlarini oshirishmoqchi bo'lishsa, rasmiy saytlarga murojaat qilishsin, rasmiy domlalarimizning kanallariga a'zo bo'lishsin. Zero, ijtimoiy tarmoqlarda g'arazli maqsadlar bilan faoliyat olib boradigan sayt, kanal va shaxslar juda ko'p. Ularning na manzili, na shaxsi, na ustozi, na mazhabi ma'lum! Ular jamiyatimiz va yoshlarimiz tarbiyasiga katta tahdid bo'lib, firqalanish, dinda g'ulu ketish va mazhabsizlik urug'larini sochmoqdalar.
Muhtaram jamoat! Ma'ruzamiz davomida hozirgi kunda dolzarb masalalardan biri bo'lgan yo'l harakati qoidalariga amal qilish haqida suhbatlashamiz. Sababi, xabaringiz bor, oxirgi paytlarda ba'zilar tomonidan yo'l harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida bir qancha kishilar vafot etmoqda yoki bir umrga nogiron bo'lib qolmoqda.
Islom shariati yo'l harakati qoidalariga ijtimoiy qoidalar sifatida qaraydi va unga rioya qilishga buyuradi! Zero inson ulovda yurganida o'zi va o'zgalarni xatarga qo'ymasligi, piyodalar, yo'lovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yo'l harakati ishtirokchilarining barchasi yo'l harakati qoidalariga qat'iy rioya qilishlari lozim bo'ladi. Qoidani buzish – boshqa bir yo'l harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish va unga zulm qilish hisoblanadi.
Islomning asosiy qoidalaridan biri hisoblangan hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
لَا ضَرَرَ وَلَا ضِرَارَ
ya'ni: “Islomdazarar ko'rish ham zarar berish ham yo'q” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari). Ushbu shar'iy qoidaga ko'ra, haydovchi o'zgalarning joni, moliga etkazgan zarari uchun javobgar bo'ladi. Faqat haydovchiga bog'liq bo'lmagan, uning aybi yo'q holatlar – bundan mustasno hisoblanadi.
Islom Fiqhi Akademiyasi va Saudiya Arabistoni podshohligining ilmiy bahslar va fatvo berish bo'yicha doimiy qo'mitasi kabi fatvo idoralari va jumhur ulamolar yo'l harakati qoidalariga amal qilish – vojib ekani haqida xulosa berganlar. Demak, yuqoridagi sabablarga ko'ra yo'l qoidalariga amal qilishning lozimligi hamda uni buzganlarga moliyaviy jazolar qo'llash joizligi kelib chiqadi.
Yo'llardagi baxtsiz hodisalarning aksariyati tezlikni oshirish va qarama-qarshi yo'lga chiqish oqibatida sodir bo'lmoqda. Buning sababi, birinchi navbatda – shoshqaloqlikdir. Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har bir ishda sahobalarni shoshqaloqlikdan qaytarib kelganlar va hadisi shariflaridan birida: “Bosiqlik – Allohdan, shoshqaloqlik – shaytondandir”, – deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Tezlikni cheklashda asosan haydovchi va yo'lovchilarning hayotini saqlash nazarda tutiladi. Haydovchining bu cheklovni buzishi o'zining va boshqalarning hayotini xatarga qo'yish bo'ladi. Shu bois qator fatvo markazlari va ulamolar, jumladan, Saudiya Arabistoni ulamolari ruxsat etilgan tezlikdan yuqori tezlikda harakatlanish oqibatida ro'y bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi o'z joniga qasd qilganbo'ladi, deb fatvo bergan.
Shunday ekan, musulmon kishini yo'l harakati qoidalariga amal qilishi kuzatuv kameralari yoki yo'l harakati havfsizligi bo'linmalari xodimlari nazorat qilayotgani uchun emas, Islom shariatining talabi deb e'tiqod qilgan holda bajarishi kerak! Shunda yo'lda yurish ham ibodatga aylanadi.
Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilib, barchamizni to'g'ri yo'lda bardavom aylab, turli balo-ofatlardan O'z hifzu himoyasida saqlasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Aqidada adashmaylik”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Odamlarga asliy holatingizdan-da go‘zal muomalada bo‘ling. Zero, zulm umrni qisqartiradi. Biz atrofimizdagilarga zulm qilib, haqlariga rioya qilmaganimiz uchun ham ularni yo‘qotamiz. O‘z hisob-kitoblarimizni ularning kamchiliklari ustiga quramiz, lekin ulardagi oliyjanob fazilatlarni unutamiz. Ularni batamom aybsiz bo‘lishlariga talabgormiz, shuningdek, “odam bolasi xatodan xoli bo‘lmaydi” degan gapni dalil qilib o‘zimizni oqlaymiz.
Mabodo odamlar sizni toshbo‘ron qilsalar ham, bu toshlarni to‘plab, biror-bir uyni ta’mirlash uchun ishlating. Agar sizni gullar bilan qarshi olsalar, guldastalarni sizga ta’lim bergan va nochor paytingizda qo‘lingizdan tutganlarga ulashing.
Avval Allohga ishoning, keyin esa o‘zingizga. Ayblaringizni tan oling. Ishoning, agar siz o‘sha ayblaringizdan xalos bo‘lsangiz, orzularingizning ro‘yobga chiqishiga bir qadam qoladi... O‘z xatolaringizni yodingizda tuting, do‘stlaringiz, yaqin qarindosh-urug‘laringizni atrofingizda saqlab qolishni istasangiz, ularning xatolarini esingizdan chiqaring. Bilingki, haqiqiy saodat kishi boshqalarning aybini qo‘yib, o‘z ayblari bilan ovora bo‘lishidadir.
Bordi-yu, birorta ishda muvaffaqiyatni qo‘lga kiritsangiz, g‘ururlanib ketmang! Zero, Alloh azza va jalla bu borada Najm surasining 32-oyati karimasida: “...Shunday ekan o‘zingizni oqlamang, U kim taqvodorligini yaxshi biladir”, deya marhamat qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham kamtarlikka targ‘ib qilib: “Alloh taolo menga sizlarning kamtar bo‘lishingizni vahiy qildi. Toingki, birorta odam boshqaning oldida faxrlanmasin ham, zulm ham qilmasin”,[1] dedilar.
Yiqilganingizda “odamlar ataylab choh qazib qo‘ygan” degan noma’qul xayolni miyangizdan chiqarib tashlang. Aksincha, qayta turishga harakat qiling. Qaddingizni rostlab olsangiz-da, o‘zingiz kabi yiqilganlarga yordam qo‘lini cho‘zing, o‘zlarini tiklab olishlariga ko‘maklashing. Hayot yo‘llarining pastu balandlariga, mashaqqatlariga sabrli bo‘ling, ko‘zingizni kattaroq oching va aqlingizni yig‘ing.
Dushmaningiz ustidan g‘alaba qozonsangiz-da, uning omadsizligidan quvonmang. Kishi boshiga musibat kelsa, hech bo‘lmasa duo bilan hamdard bo‘ling. Alloh taolo Shuro surasining 43-oyatida bunday marhamat qiladi: «Shubhasiz, kim sabr qilib kechirsa, albatta, bu mardlik ishlaridandir». Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bunday deb duo qilardilar: “...Alloh, hasadgo‘y dushmanni mening mag‘lubiyatim sabab quvontirma”.
Qanoat hamda dangasalik, izzat hamda g‘urur va tavoze’ bilan xorlik orasini jamlay olmaysiz. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh uchun tavoze’li bo‘lsa, Alloh uning martabasini ko‘taradi, oxir borib illiyinning eng cho‘qqisiga olib chiqadi”, deya kamtar bo‘lishga targ‘ib qilganlar.
O‘zingiz uchun bir solih kishini do‘st tuting va uni asrab-avaylang. Bu borada Rasululloh sollallhu alayhi vasallam: “Kishi o‘z qadrdon do‘stining dinida bo‘ladi, shunday ekan har biringiz kim bilan do‘st tutinganiga bir nazar tashlasin!” dedilar. Solih do‘stingizni mayda-chuyda narsalar bilan itob qilavermang, uning yanglishishlariga ahamiyat bermang, axir, tamomi kamolot sifatiga ega bo‘lish faqat Alloh azza va jallaning O‘zigagina xosdir.
Odamlar bilan xusumatlashmang. Chunki behuda tortishuvlar do‘stlik arqonini uzib, ruhiyatlar orasida to‘siq paydo qiladi. Solih kishilarning ichi tor bo‘lmaydi, aksincha, ular ko‘nglini keng qiladilar va boshqalarning ayblarini ko‘taradilar. Odamlarning yomonliklarini xotirangizdan o‘chirib tashlang va ularning yaxshiliklarini yodingizda tuting.
Sizga taalluqli ishlarda xato qilganlarga ham bag‘rikeng bo‘ling, ularni “bir uzri bordir” deya oqlashni o‘rganing. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Birortangiz Abu Zamzamday bo‘lishga kuchi yetmaydimi?! U qachon uyidan chiqsa, men o‘z obro‘yimni odamlarga sadaqa qildim, der edi”, degan so‘zlari ham odamlarning bir-birlariga aytgan ba’zi gaplari yoki xatolari borasida kengfe’lli bo‘lishga targ‘ibdir.
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.