Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Farzandlar – o'zimizniki!

31.05.2021   2905   15 min.
Farzandlar – o'zimizniki!

    Bismillahir rahmonir rahim!

«Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!» deb, (Kalomulloh Qur'oni karimning Qalam surasi 4 oyati)da marhamat qilib, makorimi axloqni takomillashtirish uchun yuborilgan Janobi sevimli Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni ulug'lagan Parvardigori olamga behisob hamdu sanolarimiz bo'lsin!

«Haq bo'laturib tortishuvni tark qilgan kishi uchun jannatning chekkasida bir qasr bino qilinishiga; hazil bo'lsa ham yolg'onni tark qilgan kishiga jannatning o'rtasida bir qasr bino qilinishiga; xulqi go'zal bo'lgan kishi uchun esa jannatning yuqorisida bir qasr bino qilinishiga kafilman» deb, (Imom Abu Dovud rivoyatlari) marhamat ila va'da etgan habibimiz, ko'zimiz nuri, boshimiz toji Janobi sevikli Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga cheksiz salavot-shariflarimiz va salomlarimiz bo'lsin!

Kalomulloh Qur'oni karim oyati karimalarida, Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflarida, sahobai kiromlarning go'zal fe'l-atvorlarida, ulamolarimizning noyob asarlarida, ulug'larimizning kitoblarida va dono xalqimizning dono maqollarida kelgan “Hayot” universitetida uchraydigan har xil savollarga mukammal va to'liq, batafsil va aniq javoblar har birimiz uchun ZARUR va DARKOR bo'lsa kerak...

Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari o'ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zo'r shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil ma'lumotlarni kechayu kunduz zo'ravonlik bilan tarqatayotgan bir onda, farzandlarimiz o'z-o'zlari bilan yolg'iz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, komp'yuter bilan mashg'ul bo'lib, bolalarimiz ular bilan “band” bo'lib qolganlarida mazkur vazifalar va purma'noli hikmatlar jannatmakon yurtimizning, muqaddas Vatanimizning, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga – havo,  baliqqa – suv zarurligiday zarur bo'lsa kerak...

 

Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g'arazli xuruj va xamlalardan, tuxmat va bo'htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o'nib-o'sib kelayotgan yosh avlodimizga to'g'ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g'oyalarini keng targ'ib etish vazifasi xamon dolzarb bo'lib qolmoqda. Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi mas'ullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UChUN, har bir (!) ONA UChUN buyuk vazifa va bugungi XXI asr zamonasida ENG KATTA vazifa, deb bilmog'imiz lozim! 

 

«JONLI» VA «JONSIZ» TARBIYa

 

                                                                     «Agar ogohsan sen – shoxsan sen.

                                Agar shoxsan sen – ogohsan sen»

Albatta, xalqimiz, jumladan, yosh avlod g'arb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyoti, san'atining ilg'or jihatlarini inkor etmaydi. Biroq g'arbda din va odobga zid bo'lgan qarashlarning ko'pchilikka singdirilishi oqibatida yuzaga kelgan «ommaviy madaniyat» tushunchasini g'arb ziyolilarining o'zi «g'arbning muammosi» sifatida baholayotganini hamda «ommaviy madaniyat»ning ma'naviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.

Bugungi kunda tarbiya ham, ming afsuslar bo'lsinki, ikki xil bo'lib qoldi: 1) «jonsiz» tarbiya va 2) «jonli» tarbiya.

1) «Jonsiz» tarbiya – bu internet, komp'yuter, telefon, disklar, televizor. Ming afsus va nadomatlar bo'lsinki, bu narsalar ham ko'p yoshlarimizni, ba'zi o'rinlarda sal kattaroqlarimizni ham to'g'ri yo'ldan, o'z ota-onalari ne-ne mashaqqatlar chekib o'rgatgan yo'ldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros bo'lib kelayotgan yo'ldan ozdirib va adashtirib qo'ymokda. Natijada, dono xalqimiz maqolida «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb aytilganidek, o'zlari ham, oilasi ham, qarindoshlari ham, qo'shnilari ham, do'stlari ham, yaqinlari ham, atrofdagilari ham sarson bo'lib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallasiga ham, ishlab turgan ishxonasiga ham, butun el-yurtiga ham etmoqda.

Bunday shakldagi «jonsiz» tarbiya – dono xalqimiz dunyoqarashiga va millatimiz mentalitetiga ham, Qur'oni karim oyatlari va Payg'ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflariga ham, dinimiz ko'rsatmalari va shariatimiz hukmlariga ham, ulamolarimiz fatvolari va davlatimiz qonunlariga ham, sharqona odoblarimiz va mazhabimiz me'yorlariga ham, jamiyatshunoslik aloqalari va odamgarchilik munosabatlariga ham, insoniy tuyg'ular va ruhshunoslik sir-asrorlariga ham, yurtimiz urf-odatlari va o'zbekchilik qoidalariga ham, madaniyatimiz axloqlari va insoniy aqlga ham, axloqiy norma va dono xalqimiz maqollariga ham, milliy an'analarimiz va diniy qadriyatlarimizga ham, xalqimiz ongi va musulmonchiligimiz asoslariga ham, Islom dinimiz tushunchalariga ham MUTLAQO zid ekanligini unutmaylik!

Horijiy telekanallarda nima namoyish etilsa yoki internetda nima targ'ib qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas! Biz ular orasidan imon-e'tiqodimiz, an'anayu qadriyatlarimizga MOS KYeLADIGANLARINIGINA saralab olmog'imiz shart. Bu maqsadga esa yoshlarimizga telefon, televideniye, komp'yuter va internetdan oqilona foydalanish yo'llarini o'rgatish, ularning mazkur axborot manbalaridan foydalanishlarini nazorat qilib borish orqaligina erishish mumkin. Toki xali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning beg'ubor ma'naviyatiga jiddiy zarar etmasin.

Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko'ra, AQShda jinoyatchilarning yarmidan ko'pi buzilgan oilalar farzandlari ekani ma'lum bo'lgan. Ularga ota-onasining ajrashgani tufayli etkazilgan kuchli ruhiy zarba o'rta yosh, xatto keksalik chog'ida ham salbiy ta'sir o'tkazishi aniqlangan.

2) «Jonli» tarbiya – bu ulug' ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan oltindan qimmat rivoyatlari va noyob hikmatlari, buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari, mehribon ota-onalarimizdan o'rganib kelayotgan gavhar o'gitlari va mislsiz so'zlari, elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta'lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari, jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz ta'lim maskanlarida taralayotgan durdan a'lo fanlar va beqiyos bilimlar.

Bu «jonli» tarbiyadagi ma'lumotlar esa ma'naviyat va ma'rifat yo'nalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) OTA UChUN, har bir (!) ONA UChUN beqiyos entsiklopedik manba bo'lib xizmat qiladi.  

Oiladagi bosh – bobo yoki buvi, ota yoki ona har kuni, ayniqsa juma oqshomi, bozor oqshomi kunlarida oilaviy dasturxon atrofida o'tirganlarida oilasining har bir a'zolarini ismlarini nomma-nom aytib, har bir o'g'il-qizlarini, har bir kelin-kuyovlarini, har bir nevara-chevaralarini xaqlariga yaxshi tilaklar aytib, yaxshi duolar qilsalar – bu ham «jonli» tarbiyaning bir turi hisoblanadi. Zero bunday shakldagi «jonli» tarbiyani hammalarimizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz avval-azaldan chin ixlos bilan, sof e'tiqod bilan, go'zal namuna va chiroyli ibrat bo'lib, barkamol darajada berib kelishgan. Shunda «meni otam meni xaqimga bunday duo qilganlar», «meni onam meni bunday bo'lishimni Hudodan so'rar edilar» degan ongi-shuuridagi dasturxon atrofidagi surat uni ko'z oldida doim turadi. Dasturxon atrofida, oilasi huzurida aytilgan ota-onasining umidlari, orzulari uni boshqa nojo'ya xatti-harakatlardan tiyilishga, har kuni qo'l ochib Yaratgandan so'rayotgan tilaklarni eslab, mazkur tilaklarga mos kelmaydigan ishlardan saqlanishga undaydi.

Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo'lib qolib kelayotgan dono xalqimizni yuksak ma'naviyatiga davlatimiz rahbari Muxtaram Prezidentimiz ham: «Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam bo'lmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi» deb, yana qo'shimcha sifatida bizlarga  engilmas kuch qilib berdilar.

Halqimizning milliy ma'naviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egadir. Ular oila mustahkamligini ta'minlashda ulkan poydevor vazifasini o'taydi. Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu ta'limotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi. Janob hazrat Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'z hadisi shariflarida marxamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!» Bu xususda shoirlarimizni ibratli so'zlari bor:

                      «Birinchi g'ishtni qiyshiq qo'yarkan me'mor,

                      Osmonga etsa ham qiyshiqdir devor».

Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham o'z xaq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. Ko'p yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Ayniqsa, shiddat bilan o'zgarib borayotgan hozirgi zamonda bema'ni xurujlar ko'payib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy ta'sirlari misli ko'rilmagan darajada kuchayib bormoqda. Shuning uchun barchamiz ko'zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday xamlalarga qarshi kurashmog'imiz lozim.

Ayniqsa hozirgi yozgi ta'tillardan serma'no, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib, har bir ota, har bir ona o'z farzandiga odob-axloq namunalarini, kindik qoni to'kilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuyg'ularini, bobo-buviga – ehtirom-hurmatni, ota-onaga – mehr va itoatkorlikni, oila a'zolariga – rahmdillik va mehribonlikni, o'z juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni, qo'ni-qo'shnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni, qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni, sinfdosh-kasbdoshlarga – chin do'stlik va yordam berishni, atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni, xayvon-parranda-xasharotlarga – rahm-shafqatni uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz – ham burchimiz, ham qarzimiz, ham farzimizdir! Hudoni oldida ham, bandasini oldida ham, yurt-xalqimiz oldida ham!

Bularni hammasini bolalarimizga o'rgatish uchun bizlarga hech qanday maxsus oliy ma'lumot ham, tegishli sertifikat ham, hech kanday qizil diplom ham kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uyg'otishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud! Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qon orqali o'tib kelayapdi! “Buning qonida bor-da o'zi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!

Kimning ona Vatanni sevish tuyg'usi kuchli va imon-e'tiqodi mustahkam bo'lsa, o'zining o'tmishini hurmatlab, yaxshi bilsa, «ommaviy madaniyat» tuzog'iga tushib qolmaydi, dinu davlatimizning “xaqiqiy do'stlari”ning qarmog'iga ilinmaydi. Buning uchun oilada ota-onalar farzandlari bilan milliy musiqa, xalq qo'shiq-ashulalarimizni eshitishsa, birgalikda kitob o'qishsa, o'qigan asarlarini birgalikda muhokama qilishsa, ularni turli sport sektsiyalariga va musiqa to'garaklariga jalb etishsa, erishilgan yutuqlari va egallayotgan tajribalariga qiziqishsa, ilm-hunar o'rganishlarida hamnafas bo'lishsa, yoshlarning yot g'oyalar uchun vaqti ham, qiziqishi ham bo'lmaydi.

Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz O'zi buyurgan, janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ro'hlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!       

 

Ibrohimjon INOMOV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ qoldirgan 2 narsa

10.01.2025   2209   10 min.
Rasululloh ﷺ qoldirgan 2 narsa

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.

Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.

Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.

Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.

Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.

Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.   

Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.

Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni  qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.

Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:

وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا

Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:

تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه

“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati),  deganlar.

 Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ

Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).

Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat  va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.

Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan  Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.

Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha  o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki  islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.

Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi.  Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam  bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.

Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.

Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.