O'zbekistonning N'yu-Yorkdagi (AQSh) Bosh konsulxonasi vakillari Ogayo shtatining Sinsinnati shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli o'tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Tadbir davomida zarur huquqiy-konsullik maslahatlari berilib, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi tushuntirildi. Shuningdek, vatandoshlarimizga 10 dan ortiq interaktiv va axborot konsullik xizmati olish imkonini beruvchi consulate.mfa.uz veb-portali konsullik xizmatlari taqdim etildi.
Diplomatlar yurtdoshlarimizga respublikada siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va o'zgarishlar haqida ma'lumot berdi. Mamlakat rahbariyati tomonidan xorijda mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan fuqarolarga har tomonlama yordam ko'rsatish, shuningdek, o'zbek muhojirlari salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyoti jarayonlariga keng jalb etish borasida ko'rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi.
Bosh konsulxona vakillari «Hamkor Uz Cincinati Association» o'zbek diasporasi tashkiloti rahbariyati va faollari bilan ham muzokaralar o'tkazdi. O'zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlangan bayram tadbirlarini o'tkazish bilan bog'liq tashkiliy masalalar muhokama qilindi. Milliy bayramlar va respublikamizda o'tayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy voqealar munosabati bilan birgalikda tadbirlar tashkil etish to'g'risida o'zaro kelishuvga erishildi. Tomonlar Amerika jamoatchiligi orasida o'zbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosi haqida ko'proq ma'lumot tarqatishga qaratilgan qo'shma sa'y-harakatlar rejasini ishlab chiqishga qiziqish bildirdi.
Muloqot davomida Bosh konsulxona delegatsiyasi Sinsinnati shtatida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi O'zbekiston jome' masjidi qurilishiga tayyorgarlik ishlarining borishi bilan ham tanishdi. «Hamkor Uz Cincinati Association» mulki o'laroq 8665 State Route 48, Maineville, Ohio 45039 manzilida joylashgan 2,7 gektar maydon ko'zdan kechirildi.
Ayni paytda «Hamkor Uz Cincinati Association» o'zbek diasporasi tashkiloti Ogayo shtatining arxitektura va qurilish kompaniyalari o'rtasida qurilajak binoni loyihalash va dizayn smetalarini tayyorlash bo'yicha tanlov e'lon qilgan. Majmua hududida 600-700 kishiga mo'ljallangan ibodat uchun asosiy bino, tahorat olish xonalari va boshqa maxsus yordamchi inshootlar va 100 dan ortiq avtomobil' uchun to'xtash joyi barpo etiladi. Shuningdek, majmuada «Hamkor Uz Cincinati Association» o'zbek diasporasi vakolatxonasi hamda o'zbek tili va adabiyoti, odobnoma va boshqa fanlar bo'yicha vatandoshlarimiz farzandlari o'qiydigan sinf xonalari joylashadi.
Loyiha Amerika Qo'shma Shtatlarida yashovchi vatandoshlar tomonidan amalga oshiriladigan ehson mablag'lari hisobiga moliyalashtiriladi.
«Hamkor Uz Cincinati Association» rahbariyatiga vatandoshlarimizning Sinsinnati shahrida o'zbek masjidini qurish bo'yicha tashabbusi O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan olqishlanishi va bu masala yuzasidan respublika diniy idorasi diaspora tashkiloti bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'yishga tayyorligi ma'lum qilindi. Masjid qurilishi yakunlangach, O'zbekiston musulmonlari idorasi respublika imom-xatiblaridan birini ushbu maskanda diniy xizmatlarni bajarishga yuborish masalasini ko'rib chiqishga tayyorligi ham qayd etildi.
Amerika Qo'shma Shtatlarida vatandoshlarimiz bolalarni o'qitish uchun besh jildli «O'zbek tilining izohli lug'ati» kitobi, ushbu olis diyorda O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ'ib qilishga qaratilgan taqdimot materiallari va milliy ramzlar «Hamkor Uz Cincinati Association» o'zbek diasporasiga topshirildi.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.