Keyingi hayoti ota-ona tarbiyasiga bog'liq. Ota-ona unga qay e'tiqod, qaysi dunyoqarashni singdirsa, o'sha bo'yicha voyaga etadi. Biz o'zimiz imonimiz musaffoligini saqlasak, dunyoga bo'lgan munosabatimizni, e'tiqodimizni to'g'ri qilib olsak, avlodu zurriyotlarimiz ham bizga ergashadi.
Mashhur rivoyatga ko'ra, hakimlardan biriga olti oylik chaqaloqni qanday tarbiyalash bo'yicha maslahat qilgan odamga donishmand: “Tarbiyada olti oy kechikibsiz”, deya tanbeh bergan ekan. Farzand tug'ilmasidan ilgari boshlanadigan tarbiya qaysi? Bu albatta halollik. Halol luqma bilan voyaga etgan boladan yomonlik chiqmaydi. Shuning uchun ham buyuk allomalarning ota-onalari so'ramay tanovul qilingan bir tishlam olmaning egasidan rozilik so'raganlar.
Tijoratlariga bir chaqa shubha aralashtirmaganlar. Mevalari g'arq pishgan bog' ichida xizmat qilib, uning egasining ruxsatisiz mevasidan tatib ham ko'rmaganlar. Boborahim Mashrabga o'xshash go'daklar esa erda yotgan uzum donasini so'ramay egani uchun ona qornida volidasiga xitob qilganlar: “Onajon agar uzum egasini rozi qilmasangiz, men dunyoga kelmagayman” deya. Halq orasida ona qornida ovozi kelgan go'daklar, o'g'il tug'ilsa, unga Mashrab deya nom qo'yilishi shundan.
Oila jamiyatning eng kichik bo'lagi. Oilada saodat, farovonlik bo'lishi uchun unda adolatni ta'minlash kerak. Bu avlodlarimizni yot g'oyalardan asrash borasidagi eng muhim tamoyildir. Yoshlarga dunyo adolat mezoniga qurilganini, insonning niyati va a'moliga qarab unga saodat kulib boqishini singdirishimiz kerak.
Buning uchun u oilaviy adolat muhitida o'sishi kerak. Ishlamay yotgan akani ko'rgan uka mehnat qilgisi kelmaydi. Ba'zi oilalar bor: hamma narsaning zo'ri erkatoy o'g'ilga, qizlarga esa undan qolgani ham bo'laveradi. Bola yoshligidan adolatsizlikni, zulmni his qildimi? Bu juda og'ir masala. Qush uyasida ko'rganini qiladi.
U oilasida jabrga uchradi. Endi butun dunyo bolaning ko'ziga zulmat bo'lib ko'rina boshlaydi. Dunyo jabr-zulmga to'la, degan qarash yot oqimlarning asosiy g'oyalaridan biri. Demak, mehrni, tarbiyani, ta'limni, mehnatni, mukofotni, o'rni kelganda tanbehni bolalar o'rtasida teng taqsimlash kerak. Tenglik, adolat, hurriyat, insof tuyg'ulari oila muhitida kamol topadi.
Olim Shayx Ali Sallobiy hafizahulloh haqiqiy musulmon bilan radikal musulmonning farqini ajoyib tushuntib beribdilar:
Birinchidan, imoni but musulmon o'z imoni bilan mashg'ul bo'ladi. Radikal musulmon birovlarning imoni bilan mashg'ul bo'ladi.
Ikkinchidan, chinakam musulmon o'zini va boshqalarni jannatga kirishi uchun harakat qiladi. Radikal musulmon boshqalarni do'zaxiy ekanini isbotlashga harakat qiladi.
Uchinchidan, haqiqiy musulmon kishilarning xato va toyilishlarini kechirish uchun uzr qidiradi. Radikal musulmon esa insonlarni jazolash va ularni gapirib yurish uchun ularning xatolari, ayblari va toyilishlarini qidirib yuradi.
Shu bilan bir qatorda adolatli bo'lish, farzandlarimizga dunyo adolat mezoniga qurilgan, degan haqiqatni singdirishimiz kerak.
Inson qanchalik insofli, diyonatli, imonli, vijdonli, husni xulq bo'lsa, u ikki dunyo saodatiga erishadi. Kimki bir zarra yaxshilik qilsa, oqibatini ko'radi. Zarra yomonlik qilsa, uning ham oqibatini ko'radi.
Zero, inson o'zi jannatni qanchalik yaxshi ko'rsa, boshqalarning ham jannatiy bo'lishini shunday xohlashi kerak. Komil inson butun insoniyatga xayrixoh bo'ladi.
Yana bir haqiqat shuki, oila muhitida kechirimli bo'lish xislati shakllanishi kerak. Ota-ona g'azabi avjida paytida ham bolasiga mehr ko'rsata olsa, ba'zida tanbeh bilan, ba'zida shirin so'z bilan tarbiya olgan farzand boshqalarni ham kechirishni biladi. O'zgalar xatosini kechirish, barchaga kechirimli bo'lish bag'rikenglik deyiladi. Bolalarimizning bag'rilarini keng qilaylik. Shunda ular dunyoda rohat bilan yashaydilar. Oxiratda saodatga erishadilar.
Saidafzal Saidjalolov,
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o'qituvchisi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati