frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Dinda savolim bor: Tushlar haqida (Ko'rilgan tush biror narsadan darak beradi-mi?)

31.05.2021   65382   8 min.
Dinda savolim bor: Tushlar haqida (Ko'rilgan tush biror narsadan darak beradi-mi?)

— Tush ko'rish va uning ta'birlari to'g'risida dinimizda nima deyilgan?

– Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom: “Tush uch xildir: Solih tush – Allohdan sevinch bashoratidir. Mahzun tush – shaytondandir. Kishi o'ziga o'zi gapirgan narsani tushida ko'rishi. Agar biringiz o'ziga yoqmagan narsani tush ko'rsa, turib namoz o'qisin. Uni odamlarga aytmasin”, dedilar”. 

 

– Bilishimizcha, rahmoniy va shaytoniy tushlar bo'lar ekan, shular haqida to'xtalsangiz, iltimos.

Bu hadisi sharifda tush haqida bir necha umumiy qoida bo'lgan haqiqatlar zikr qilinmoqda. Musulmon ulamolar tushni uch turga bo'ladilar:

  1. Allohdan bo'lgan ilhomiy tushlar. Ularga “Yusuf” surasidagi tushlar misol bo'ladi. Shuningdek, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ko'rgan tushlari ham shu xildagi tushlardan.
  2. Hayotda bo'lib o'tgan narsalarni xotirlab, esga olib, so'ngra uxlagandan keyin o'sha narsalarning tushga kirishi. Bu tushning e'tibori yo'q.
  3. Shayton ta'siri ostida ko'riladigan alg'ov-dalg'ov tushlar. Buning ham hech qanday e'tibori yo'q. Shuning uchun ham har bir ko'rgan tushni e'tiborga olib, ta'birini axtarishga targ'ib qilish ham yo'q.

 

— Har qanday ko'rilgan tush biror narsadan darak beradi-mi?

— Tush inson taqdirini belgilamaydi. Buni hayotiy misol orqali ko'rish mumkin. Yaxshi va ezgu ishlar qiluvchi qalbida kiri yo'q inson ba'zan tushida yomon, xunuk manzaralar, qo'rqinchli voqea va hodisalarni ko'rishi mumkin. Bu o'sha insonning hayoti, turmush tarzi yomon ekani yoki oqibati noxush bo'lishidan darak bermaydi. Bunda u yomon tushdan panoh so'rashi talab etiladi. Buning aksi o'laroq, ba'zi hollarda yomon va razil kishilar ham yaxshi, yoqimli tushlar ko'rishi mumkin. Bu o'sha insonning oqibati yaxshi bo'lishiga dalolat qilmaydi. Demak, yaxshi odamning noxush tush ko'rishi uning yomonligiga dalolat qilmaydi.   

Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish, har safar tush ko'rganda folbin va kinnachilar huzuriga chopib boraverish aqlli, o'zini bilgan ongli insonga yarashmaydi. Biz dinimiz ko'rsatmalariga og'ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog'lom, irodamiz mustahkam bo'ladi.

 

Banda Allohni tushida ko'rishi mumkinmi? Bu rahmoniy tush bo'ladi-mi?

— Alloh taoloni tushda ko'rish bor narsa. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlarining bir necha hadislarida: “Robbimni tushimda ko'rdim”, deganlar. Shulardan biri imom Ahmad o'z “Musnad”larida, shuningdek, imom Termiziy ham “Sunan”larida keltirganlar. Mujtahid imomlarimiz ham bir necha bor tushlarida Alloh taoloni ko'rganlarini aytganlar. Ahli sunna val jamoa ulamolari: “Alloh taoloni tushda ko'rish mumkin”, deydilar. Buning haqiqati shuki, Alloh taoloning misli-o'xshashi yo'q. Bu haqda Alloh taolo:

﴿لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْءٌ﴾

“U Zotga o'xshash hech narsa yo'qdir” deb marhamat qilgan (Shuuro surasi, 11-oyat). Lekin Alloh taolo O'ziga masal-misolni isbot qilgan.

﴿اللَّهُ نُورُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ مَثَلُ نُورِهِ كَمِشْكَاةٍ فِيهَا مِصْبَاحٌ الْمِصْبَاحُ فِي زُجَاجَةٍ الزُّجَاجَةُ كَأَنَّهَا كَوْكَبٌ دُرِّيٌّ يُوقَدُ مِنْ شَجَرَةٍ مُبَارَكَةٍ زَيْتُونَةٍ لَا شَرْقِيَّةٍ وَلَا غَرْبِيَّةٍ يَكَادُ زَيْتُهَا يُضِيءُ وَلَوْ لَمْ تَمْسَسْهُ نَارٌ نُورٌ عَلَى نُورٍ يَهْدِي اللَّهُ لِنُورِهِ مَنْ يَشَاءُ وَيَضْرِبُ اللَّهُ الْأَمْثَالَ لِلنَّاسِ وَاللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ﴾

“... Alloh osmonlar va erning nuridir. Nurining misoli xuddi bir tokcha, uning ichida chiroq bor, chiroq esa shisha ichida, shisha esa go'yo durdan bo'lgan bir yulduz bo'lib, sharqiy ham, g'arbiy ham bo'lmagan muborak zaytun daraxtidan yoqiladir. Uning moyi o'ziga olov tegmasa ham, yoritib yuboray deydi...” (Nur surasi, 35-oyat).

Alloh taoloni biror narsaga o'xshatishlik bilan misol keltirish mumkin. Huddi yuqoridagi oyatda Alloh taolo nurining misolini keltirgani kabi. Misol keltirish bilan bir narsaga o'xshatish degan narsa kelib chiqmaydi.

Inson Alloh taoloni tushida ayni o'zini ham, mislini ham ko'rmaydi. Alloh taoloning ayni O'zini bu dunyoda ko'rishning imkoni bo'lmagani uchun ko'ra olmaydi. Mislini esa Alloh taoloning misli yo'q bo'lgani uchun ko'ra olmaydi. Lekin tushda Uning misolini ko'ra olishi mumkin. Vallohu a'lam!

— Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tushda ko'rish uchun alohida namoz o'qish kerak deb eshitganmiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tushda ko'rishning ma'lum bir duolari ham bor emish? Shu haqda ma'lumot bersangiz?

— Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tushda ko'rish namozi degan narsa yo'q. U zot alayhissalomni tushda ko'rish uchun tavsiyalar kelgan. Jumladan, “Qadr” surasini har kuni quyosh chiqish va botish chog'ida 21 martadan o'qishni odat qilgan kishi, “Kavsar” surasini bir kechada ming marta o'qigan kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Allohning xohishi bilan tushida ko'radi singari ko'plab tavsiyalar bor.

 

— Odam noxush tush ko'rganda nima qilish borasida hadisi shariflarda qanday ko'rsatmalar kelgan?

— Abdulloh ibn Abu Qatoda otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Solih tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz o'zi qo'rqadigan bir tush ko'rsa, chap tomoniga tuflasin va uning yomonligidan Allohdan panoh so'rasin, shunda unga zarar qilmaydi”, dedilar” (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida: “Agar birortangiz o'zi yaxshi ko'rgan narsasini tushida ko'rsa, boshqalarga aytsin. Yomon ko'radigan narsasini tushida ko'rsa, chap tomoniga uch marta tuflasin-da, boshqa tomonga yonboshlab olsin. Allohdan uning sharridan saqlashini so'rasin. Birovga bu tushini aytmasin. Shunda tush unga zarar qilmaydi”, deganlar.

 

— Halqimiz orasida “tushda tishi to'kilsa, biror kimi vafot etadi”, “ilon dushmandan dalolat” va shunga o'xshash gaplar bor. Ular qanchalik asosli?

— Avval aytilgandek, avval chap tarafiga tuflaydi, panoh tilaydi va keyin turib tahorat qilib namoz o'qiydi. Yana muhim shartlardan biri o'sha yoqimsiz tushni birovga aytmaslikdir. Vallohu a'lam.

 

Muhammad Ayyub HOMIDOV

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   20462   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari