Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Aprel, 2025   |   24 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:07
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:11
Shom
19:14
Xufton
20:34
Bismillah
22 Aprel, 2025, 24 Shavvol, 1446

E'tiqod durdonalari: HAVAS QILINADIGAN INSON (Ali roziyallohu anhu)

31.05.2021   5819   11 min.
E'tiqod durdonalari: HAVAS QILINADIGAN INSON  (Ali roziyallohu anhu)

HAVAS QILINADIGAN INSON

38- وَلِلْكَرَّارِ فَضْلٌ بَعْدَ هَذَا    عَلَى الأَغْيَارِ طُرًّا لاَ تُبَالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Shundan so'ng Qaytmas botir (roziyallohu anhu)ning qolgan jamiki barchalardan afzalligi bor (shu so'zni mahkam ushlagin va bundan boshqa so'zlarga) e'tibor bermagin.

 

Nazmiy bayoni:

Shundan so'ng Botirga afzal ko'rilish,

Qolgan barchalardan tortma hech tashvish.

 

Lug'atlar izohi:

لِ – “shibhi mulk” (mulk ko'rinishidagi) ma'nosida kelgan jor harfi.

كَرَّارِ – jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabar.

فَضْلٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Lug'atda “ziyodalik” ma'nosiga to'g'ri keladi.

بَعْدَ – zarflikka ko'ra nasb bo'lib turibdi. 

هَذَا – ismi ishora ذَا ning oldidan tanbeh  هَ kelgan. Oqil va g'oyri oqil mufrad muzakkarga nisbatan ishlatiladi.    

عَلَى – “isti'lo” (ustun bo'lish) ma'nosidagi jor harfi.

الأَغْيَارِ – jor majrur فَضْلٌ ga mutaalliq.  

طُرًّا – tamyiz. Lug'atda “jamiki” ma'nosini anglatadi.

لاَ – nahiy harfi.

تُبَالِ – “ahamiyat berish” ma'nosidagi مُبَالاَةً masdaridan olingan fe'l. بَالٌ lug'atda “qalb” ma'nosini anglatadi. Shunga ko'ra لَا تُبَالِ so'zidan “qalbingni mashg'ul qilma” ma'nosi tushuniladi. 

 

Matn sharhi:

O'shiy rahmatullohi alayhning “shundan so'ng” degan so'zlariga ikki xil ma'no bersa bo'ladi:

  1. Abu Bakr, Umar va Usmon roziyallohu anhumlardan keyin eng afzal ko'riladigan inson Ali roziyallohu anhudir;
  2. Usmon roziyallohu anhudan keyin eng afzal ko'riladigan inson Ali roziyallohu anhudir.

Ushbu baytda Ali roziyallohu anhuni yuqoridagi uchchalalaridan ham ortiq hisoblaydigan toifalarga ham, faqat Usmon roziyallohu anhudan ortiq hisoblaydiganlarga ham, ikkalalarini bir-birlaridan ortiq ko'rmaydiganlarga ham raddiya bordir. Ya'ni shijoati bilan ajralib turgan Ali roziyallohu anhu yuqoridagilaridan keyin barcha valiylarning ulug'idir.    

Ali roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Tolibning o'g'li bo'lib, milodiy 600 yoki 603 yilda Makka shahrida tug'ilgan.

Ali roziyallohu anhuning nasabi quyidagicha bo'lgan: Ali ibn Abu Tolib ibn Abdulmuttalib ibn Hoshim.

 

Ali roziyallohu anhuning oilalari

  1. “Fotima binti Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. Fotima roziyallohu anhodan: Hasan, Husayn, Zaynab (kattasi), Ummu Kulsum (kattasi) ismli farzandlari tug'ilgan. Fotima roziyallohu anho hayotlik paytida boshqa birorta ham ayolga uylanmagan.
  2. Hovla binti Ja'far ibn Qoys. Bu ayolidan Muhammad (kattasi) ismli o'g'li tug'ilgan.
  3. Laylo binti Mas'ud ibn Holid. Bu ayolidan Ubaydulloh va Abu Bakr ismli o'g'illari tug'ilgan.
  4. Ummul Baniyn binti Hizom ibn Holid. Bu ayolidan Abbos, Usmon, Ja'far va Abdulloh ismli o'g'illari tug'ilgan.
  5. Ummu valad cho'rilari. Bu cho'rilaridan Muhammad (kichkinasi) ismli o'g'li tug'ilgan.
  6. Asmo binti Umays. Bu ayolidan Yahyo va Avn ismli o'g'illari tug'ilgan.
  7. Sahbo Ummu Habib binti Robi'a. Bu ayolidan Umar va Ruqoyya ismli farzandlari tug'ilgan.
  8. Umoma binti Abul Os ibn Robi'. Umoma Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qizlari Zaynab roziyallohu anhoning qizi bo'lgan. Bu ayollaridan Muhammad (o'rtanchasi) ismli o'g'illari tug'ilgan.
  9. Ummu Sa'iyd binti Urva. Bu ayollaridan Ummul Hasan va Ramla ismli qizlari tug'ilgan.
  10. Muhayyo binti Imruul Qoys. Bu ayolidan Ummu Honiy, Maymuna, Zaynab (kichkinasi), Ramla (kichkinasi), Ummu Kulsum (kichkinasi), Fotima, Umoma, Hadiyja, Ummul Kirom, Ummu Salama, Ummu Ja'far, Jumona, Nafisa va yana bitta qizlari bo'lgan”[1]. Ehtimol, ushbu qizlari hali nom qo'yilmasdan vafot etgan.

Albatta, yuqorida bayon qilinganidek ushbu ayollarning to'rttadan ko'pi bitta nikohda jamlanmagan.

Ali roziyallohu anhu Badr, Uhud, Handaq, Bay'atur Rizvon kabi barcha voqealarda ishtirok etgan. Faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'rinbosar qilib ketganlari sababli Tabuk g'azotida ishtirok eta olmagan.

 

Ali roziyallohu anhuning fazllari

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ali roziyallohu anhu haqlarida har bir musulmonning havasi keladigan juda ko'plab maqtovlarni aytganlar: 

–  “Sen dunyoda ham, oxiratda ham mening birodarimsan”;

–  “Kim Aliga aziyat bersa, menga aziyat beribdi”;

– “Kim Alini yaxshi ko'rsa, meni yaxshi ko'ribdi, kim meni yaxshi ko'rsa, Allohni yaxshi ko'ribdi, kim Alini yomon ko'rsa, meni yomon ko'ribdi, kim meni yomon ko'rsa, Allohni yomon ko'ribdi”;

– “Ali Qur'on bilan, Qur'on Ali bilandir, ikkalalari to Havzga kelgunlaricha bir-birlaridan ajramaydilar”;

– “Alining musulmonlar zimmasidagi haqqi otaning bolasidagi haqqi kabidir”.   

Usmon roziyallohu anhuning vafotidan so'ng milodiy 656 yilda 53 yoshida ko'pchilik musulmonlarning ittifoqi bilan xalifa etib saylangan. Halifaligining beshinchi yilida milodiy 661 yilning 19 yanvar kuni fitnachi Abdurahmon ibn Muljim suiqasdi tufayli masjidda qattiq jarohatlangan va ikki kun o'tgach, shamsiy hisob bilan 59 yoshida vafot etgan.

Sahobai kiromlar o'rtasida ba'zi ko'ngilsizliklar bo'lib o'tgan bo'lsa ham, ularning bu ishlari o'z nafslari uchun emas, balki Alloh roziligi yo'lidagi ijtihodlari bo'lgan. Imom Ahmad ibn Hanbaldan “Jamal” voqeasi ishtirokchilari haqida so'rashganlarida u zot javob sifatida quyidagi oyatni o'qib bergan:

﴿تِلۡكَ أُمَّةٞ قَدۡ خَلَتۡۖ لَهَا مَا كَسَبَتۡ وَلَكُم مَّا كَسَبۡتُمۡۖ وَلَا تُسۡ‍َٔلُونَ عَمَّا كَانُواْ يَعۡمَلُونَ١٤١

“Ular bir ummat edilar, o'tib ketdilar. Ularga o'zlari kasb qilganlari bo'lur. Sizlarga o'zingiz kasb qilganingiz bo'ladir. Ularning qilgan amallaridan sizlar so'ralmassiz”[2].

Imom Shofi'iy rahmatullohi alayh: “O'sha qonlardan Alloh bizning qo'llarimizni pok qildi, endi ular bilan tillarimizni bulg'amaymiz”, –  deb javob bergan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamga sahoba bo'lishdek baxtga musharraf bo'lgan insonlarning barchasiga Alloh taoloning roziligi bo'lsin, ularni yaxshi ko'rishni burchimiz deb bilamiz[3]

 

KYeYINGI MAVZU:

SIDDIQA VA ZAHRO roziyallohu anhumo FAZILATLARI

 

[1] Ibn Sa'd “Tobaqot”da “Ali ibn Abi Tolibning o'n to'rtta o'g'il va o'n to'qqizta qiz farzandlari bo'lgan” deya keltirgan. Qarang: Muhammad Rizo. Mavsu'atu xulafai roshidin. Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2006. – B. 12.

[2] Baqara surasi, 141-oyat.

[3] Ibrohim Laqqoniy rahmatullohi alayh: “Salafi solih so'zi mutlaq ishlatilsa sahobalar tushuniladi”, – degan. 

Shuningdek salafi solihlar so'zidan to'rtala mujtahid imomlar, Avzo'iy, Mujohid, Sufyon Savriy, Sufyon ibn Uyayna kabi ulamolar ham tushunilishi mumkin. 

Halaf ulamolar deganda hijriy 3-asrdan keyin yashab o'tgan ulamolar tushuniladi. 

Imom Zahabiy: “Mutaqaddim va mutaaxxir ulamolar orasini ajratuvchi chegara uchinchi asrning boshidir”, – degan.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Guruh rahbarlari bilan ilk yig‘ilish o‘tkazildi

21.04.2025   1516   2 min.
Guruh rahbarlari bilan ilk yig‘ilish o‘tkazildi

#Haj_2025

Yurtimizda  davlatimiz va hukumatimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli so‘nggi yillarda mo‘min-musulmonlar Islomning barcha ruknlari, xususan, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etmoqdalar.
2016 yilda 5200 nafar vatandoshimiz haj amallarini ado etgan bo‘lsa, 2017 yildan bunday sharafga erishganlar soni yana ikki ming kishiga ko‘payib, 7200 nafarga yetdi. 2022 yilda 12 mingdan ziyod, 2023–2024 yillarda esa 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmon hajni ado etdi.

Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning beshinchi ruknini ado etadilar, inshoalloh.

Bugun Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida shu yil hajga boruvchi guruh rahbarlari ishtirokida ilk yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra markazi bo‘limi boshlig‘i Maqsud Karimov qatnashgan yig‘ilishni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domda Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.

Tadbirda Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan bu yil ellikboshi bo‘lib hajga boruvchi diniy soha xodimlari ishtirok etgan bo‘lsalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Surxondaryo viloyatlaridan boruvchi guruh rahbarlari ZOOM platformasi orqali onlayn qatnashdilar.

Yig‘ilishda guruh rahbarilariga haj mavsumidagi muhim vazifalar eslatilib, ularga guruhlar aniq bo‘lgach, ziyoratchilar bilan uchrashib, Islomning beshinchi rukni bo‘lgan hajga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari, ehrom bog‘lash, hajning arkonlari, shartlari, farzlari, vojib va sunnatlarini atroflicha tushuntirishlari zarurligi qayd etildi.

Alloh taolo bu yilgi haj mavsumini yuqori saviyada o‘tkazishni nasib etsin. Har bir ziyoratchining haji mabrur bo‘lsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati

 

Guruh rahbarlari bilan ilk yig‘ilish o‘tkazildi Guruh rahbarlari bilan ilk yig‘ilish o‘tkazildi Guruh rahbarlari bilan ilk yig‘ilish o‘tkazildi Guruh rahbarlari bilan ilk yig‘ilish o‘tkazildi Guruh rahbarlari bilan ilk yig‘ilish o‘tkazildi Guruh rahbarlari bilan ilk yig‘ilish o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari