Kecha, 28 may kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Taxtako'pir tumani “Dao'qara” ovul fuqarolar yig'ini hududida yangi qurilgan “Abdulkariym Axun” jome masjidi ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Adliya vaziri Saulaubay Mambetkadirov, Qoraqalpog'iston Respublikasi qoziyoti qozisi Shamsiddin domla Bauatdinov, mutasaddi vakillar, imom domlalar, ovul ahli ishtirok etdi.
Tadbir davomida so'zga chiqqan notiqlar masjid ahlini jome bilan muborakbod etib, yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada qilinayotgan ishlar haqida so'zladi, iliq tilaklar bildirdi. Shuningdek, unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Adliya vaziri Saulaubay Mambetkadirov jome xodimlariga masjidning davlat ro'yxatidan o'tkazilgani to'g'risidagi guvohnomani topshirdi.
Masjidning ochilish marosimi kunlarning ulug'i muborak jumada hudud ahligi tuhfa bo'ldi, unda tadbir qatnashchilari jamoat bo'lib juma namozini ado etib, namozxonlar bilan xayrli duolar qilindi.
Ma'lumot uchun, masjid qurilishi sohovatpesha insonlar ko'magi va xalq hashari yo'li bilan 2021 yil boshida boshlanib, hozirga kelib to'liq bitkazilgan. Shu bilan mamlakatimizdagi masjidlar soni 2091 taga, Qoraqalpog'istonda esa 55 taga etdi.
Jome 120 nafar namozxonga mo'ljallangan katta xonaqoh, bir vaqtning o'zida 15 kishi foydalanishi mumkin bo'lgan zamonaviy tahoratxona va ma'muriyat xonalarini o'z ichiga olgan. Katta gumbaz va binoga qo'shilib ketgan ikki minora masjidga o'zgacha ko'rk berib turibdi.
Masjid o'z davrining ma'naviyat va ma'rifat nurini tarqatgan din peshvosi, ulamo, ko'plab tolibi ilmlarining ustozi bo'lgan Abdulkariym Axun nomiga qo'yildi. Hozirda respublika qoziyoti tomonidan masjidga imom-xatiblikka nomzodning hujjatlari mutasaddi tashkilotlarga yuborilgan.
Alloh taolo ushbu baytullohning qiyomatgacha mo'min-musulmonlarga xizmat qilishini, uning barpo bo'lishiga hissa qo'shganlar bandalariga va'da qilgan ajru mukofotlarni ko'paytirib berishini, bundan xayrli ishlari bardavom bo'lishini nasib qilsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV