Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Yanvar, 2025   |   14 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:36
Shom
17:21
Xufton
18:39
Bismillah
14 Yanvar, 2025, 14 Rajab, 1446

Yangi masjid qurishga ruxsat berildi

28.05.2021   1487   3 min.
Yangi masjid qurishga ruxsat berildi

Masjidlar Alloh taologa eng mahbub maskanlardir. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Shaharlarning Allohga eng mahbub joyi – masjidlaridir”(Imom Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar. Chunki masjidlarda Alloh taologa ibodat qilinadi, U zotga zikrlar aytiladi, tasbehlar tushiriladi.

Ana shunday ma'volardan biri Toshkent viloyati Angren shahridagi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig'ini hududidagi Ohangaron va Baxt ko'chalari chorrahasida barpo etilishi rejalashtirildi. Barcha qulayliklarga ega bo'ladigan bu jome masjid Toshkent bilan vodiy viloyatlarini bir-biriga bog'lovchi A-373 xalqaro avtomobil' yo'li bo'yida 0.70 gektra maydonda barpo etilayotgani yurtimizning ham ichki, ham xalqaro sayyohlik salohiyatini yanada mustahkamlaydi.

Masjidlar Alloh taoloning Yer yuzidagi uylaridir. Ular er yuzidagi eng pokiza makonlardir. Minoralardan azon sadolari yangraydi, tavhid kalimalari takrorlanadi. Masjidlar uzra rahmatlar yog'iladi, masjid ahlini sakinat o'rab oladi, masjid ahlining ustiga barakalar yog'iladi.

Masjidlar ma'rifat maskanidir. Saodat asrida elchilar masjidlarda kutib olingan. Turli mamlakatlarga musulmon elchilar masjidlardan tarqalishgan. Alloh taolo masjidlarni shirk va kufrdan toza saqlab, bunday marhamat qiladi: «Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (masjidlarda) Alloh bilan qo'shib yana biror kimsaga duo (ibodat) qilmangiz!”(Jin surasi, 18-oyat).

Masjidlar obodligi toat-ibodat bilan, zikrlar, tasbehu tamhidlar ila bo'ladi. Alloh taolo Qur'onda karimda: «(U) bir uylardaki, Alloh ularning ko'tarilishiga va ularda O'z ismi zikr qilinishiga izn bergandir. Ularda Unga ertayu kech  tasbeh ayturlar» deb marhamat qilingan (Nur surasi, 36-oyat).

Dinimiz bizlarni masjidlar qurishga va ularni obod etishga chaqirgan. Bu ishni jannatga olib boradigan va Allohning rizosiga erishtiradigan yo'l deb e'lon qilgan: “Kim Allohning roziligini tilab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga o'shaning mislini qurib beradi”,(Imom Buxoriy rivoyati).

Mo'min kishi Alloh taoloning uylarini obod qilishga, u erda namoz o'qib, ma'naviy fayzli qilishga urinar va qalbi doimi masjidlarga bog'liq ekan, ikki dunyo baxtu saodatiga, xayru barakasiga erishajak, inshoalloh.

Angren, Chirchiq va Olmaliq shaharlari hamda viloyatimizning boshqa hududlaridagi masjidlarni barpo etilishiga o'zining hissasini qo'shayotgan saxovatpesha mo'min-musulmonlarga Rabbim jannatlardan O'zi va'da qilgan qasrlarni nasib aylasin.

 

Jasurbek domla RAUPOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ boshlaridan kechirgan eng katta qayg‘u

13.01.2025   1914   5 min.
Rasululloh ﷺ boshlaridan kechirgan eng katta qayg‘u

Muhtarama singlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir, u zotga eng ko‘p qayg‘u keltirgan musibat haqida o‘qishdan oldin fikringizni bir joyga jamlab, yaxshilab o‘ylab, quyidagi savollarga javob berib ko‘ring:

Hayotingizda qanday holatlar sizni qayg‘uga solgan?
Ularning sababi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘sha holatlarda o‘zingizni qanday tutgansiz?
Ularning qaysi birini eng og‘ir musibat deb bilgansiz?

Bu savollar haqida kengroq fikr yuritib javob bergan bo‘lsangiz, keling, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir musibat bilan tanishamiz.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday deganlar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi. Ammo ularning eng og‘iri Aqaba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abdu Yalil ibn Abdukulolga meni himoyaga olishni taklif qilgan edim. Lekin u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishlanib, boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Bir joyga kelganda o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, tepamda bir bulut menga soya solib turibdi. Razm solsam, uning ustida Jabroil bor ekan. U menga shunday nido qildi: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot huzuringga tog‘ farishtasini yubordi, ularni nima qilishni istasang, buyurishing mumkin», dedi. Shu payt tog‘ farishtasi menga salom berib, «Ey Muhammad! Nima desangiz, shuni qilaman. Istasangiz, ularning ustiga Makkadagi ikkita katta tog‘ni to‘ntarib tashlayman», dedi».

Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Alloh ularning avlodida yolg‘iz Allohga ibodat qiladigan, U Zotga hech narsani sherik qilmaydigan zotlarni chiqarishini umid qilaman», dedilar (Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).

Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasulullohning qanchalar mahzun bo‘lganlarini ko‘rgan edilar. Bu jangda yetmishta eng zabardast sahoba shahid bo‘lgan. O‘sha jangda mushriklardan biri Rasulullohning yuzlariga qilich bilan urganida yuzlari qonab ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlaridagi qonni arta turib, «Allohga da’vat qilayotgan payg‘ambarining yuziga jarohat yetkazib, tishini sindirgan qavm qanday najot topadi?» deb, kuyingan edilar. Jang tugagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahid bo‘lganlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladilar. Amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning jasadi qarshisida to‘xtab qoldilar. Hamza u zot uchun eng suyukli, qarindoshlari ichida eng qadrli inson edi. Mushriklar Hamzaning qornini yorib, ichki a’zolarini chiqarib tashlashibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib, qattiq iztirob chekdilar, «Endi menga sizning firoqingizdan og‘ir musibat yo‘q», dedilar.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza ibn Abdulmuttalibga yig‘laganlaridek qattiq yig‘laganlarini ko‘rmaganmiz. U zot amakilarini qibla tarafga qo‘yib, janozasini o‘qishga turganlarida yig‘idan o‘zlariga sig‘may ketdilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga, sahobalariga yetgan musibatlarni duo bilan, sabr bilan yengar edilar.

Ubayd ibn Rifo’a Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:

«Uhud kuni mushriklar chekingach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Saflarni to‘g‘rilanglar, Robbim azza va jallaga sano aytayin!» dedilar. Sahobalar u zotning ortlaridan saflangach, shunday dedilar: «Allohim! Senga hamdu sanolar bo‘lsin! Allohim, Sen bergan narsani tutib qoluvchi yo‘q. Allohim, Sen uzoq qilgan narsani yaqin qiluvchi yo‘q. Allohim, Sen yaqin qilgan narsani uzoq qiluvchi yo‘q. Allohim, Sen bermagan narsani beruvchi yo‘q, Sen bergan narsani to‘suvchi yo‘q. Allohim, bizga barakotingni, rahmatingni, fazlingni, rizqingni keng qilgin! Allohim, hech qachon tugamaydigan, yo‘q bo‘lmaydigan doimiy ne’mat bergin. Allohim, muhtojlik kunida ne’mat, urush kunida omonlik bergin. Allohim, bizga bergan narsalaringning yomonligidan, bizdan to‘sgan narsalaringning yomonligidan O‘zing asragin. Allohim, bizga iymonni sevdirgin, uni qalbimizda ziynatlagin, qalbimizni kufr, fosiqlik va osiylikdan burgin. Bizni to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi bandalaringdan qilgin. Allohim, bizni musulmon holimizda vafot ettirgin, musulmon holimizda tiriltirgin. Bizni xor bo‘lmagan, fitnaga uchramagan holimizda solihlarga qo‘shgin. Allohim, Sening yo‘lingdan to‘sayotgan, rasullaringni yolg‘onchiga chiqarayotgan kofirlarga qarshi O‘zing urush ochgin, ularga azobingni yuborgin! Allohim, Kitob berilgan kofirlarga qarshi O‘zing urush ochgin, Haq iloh O‘zingsan» (Imom Ahmad rivoyati).

Uhud jangi kuni ko‘z yoshlari qonlariga aralashib, nihoyatda og‘ir musibat yetib turgan lahzalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llari eng to‘g‘ri yo‘l edi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oldida turib, Alloh taologa duo qilib, ularning qalbidagi iymonni yanada mustahkamladilar. Darhaqiqat, Alloh taolo bergan narsani to‘suvchi yo‘q, U Zot to‘sganini esa beruvchi yo‘q.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.