Avval xabar berganimizdek, 16 noyabr' – Halqaro bag'rikenglik kuni munosabati bilan joriy yilning 13-19 noyabr' kunlari yurtimiz bo'ylab “Bag'rikenglik haftaligi” o'tkazilmoqda.
Haftalik davomida turli madaniy, ma'naviy-ma'rifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar o'tkazib kelinmoqda.
Bugun, 16 noyabr' kuni Toshkent shahridagi “Hayatt” mehmonxonasida turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar mas'ullari ishtirokida “Millatlararo va dinlararo bag'rikenglik - samarali hamkorlikning muhim omili” mavzusida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi.
Konferentsiyaning ochilishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi M.Komilov, UNESCO ning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o'rinbosari S.Al-Attor, O'zbekiston Respublikasi Din ishlari bo'yicha qo'mitasi raisi S.Toshboyev, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi raisi R.Qurbonov, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o'rinbosari Sh.Nurullayeva kirish so'zlari bilan ishtirok etdilar.
Shuningdek, Konferentsiyaga turli vazirliklar va idoralar, jamoat tashkilotlari, diniy konfessiyalar vakillari, milliy madaniyat markazlar faollari, yurtimizdagi millatlararo do'stlik va diniy bag'rikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo'shayotgan hamyurtlarimiz, diniy ta'lim muassasalari talabalari hamda OAV vakillari taklif etildi.
Konferentsiya ishtirokchilari tomonidan “Din va davlat munosabatlari: tarixiy yondashuv va diniy asoslar”, “Jamiyatda millatlararo totuvlikni ta'minlashda Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar”, “Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarak bag'rikenglik tamoyillari”, “Milliy madaniy markazlar – O'zbekistonda millatlararo totuvlikni ta'minlashning muhim vositasi” kabi dolzarb mavzularda chiqishlar qilindi.
“Bag'rikenglik haftaligi” doirasidagi tadbirlar Respublika bo'ylab davom etmoqda.
Din ishlari bo'yicha qo'mita
Axborot xizmati
Cafarga chiquvchilarning haqqiga duo qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan sanaladi. U zot alayhissalom:
أَسْتَوْدِعُ اللهَ دِيْنَكَ وَأَمَانَتَكَ وَخَوَاتِيمَ عَمَلِكَ
“Astavdi’ulloha diynaka va amaanataka va xavotiyma amalika”, deb sahobalarni safarga kuzatar edilar.
Ma’nosi: “Diningizni, omonatingizni va amallaringiz xotimasini Allohga topshiraman”.
Hojilarni kuzatishda quyidagi duolarni qilish tavsiya etiladi:
1. Allohim, hojilarning safarlarini oson qilgin. Ularni Senga topshirdik.
2. Allohim, hojilarni safarlari davomida har qanday balo va yomonliklardan asragin hamda oilalari bag‘riga sog‘-salomat qaytargin.
3. Allohim, hojilarning duo, ibodatlarini va qalblaridagi barcha shar’iy niyat hamda maqsadlarini ijobat etgin. Gunohlarini mag‘firat, tavbalarini qabul qilgin.
4. Allohim, hojilarning ibodatlarini O‘zing uchun xolis qilingan amallar qatorida qabul aylagin.
Allohning farz ibodatini ado etishga otlangan muhtaram yurtdoshim Alloh taolo yurtimiz, xalqimiz haqqiga qiladigan barcha duolaringizni qabul etsin. Duolaringizda bizni ham unutmang!
Hajingiz mabrur, sa’yingiz mashkur va gunohlaringiz mag‘fur bo‘lsin!
Davron NURMUHAMMAD