Bugungi kunda mafkuraviy tahdidlar aholining ma'lum bir qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning qarashlarini o'zlariga ma'qul bo'lgan yo'nalishda o'zgartirish, ekstremizm, axloqsizlik kabi buzg'unchi g'oyalarni singdirishga urinishdek ko'rinishlarda sodir bo'lmoqda
Hozirgi tahlikali zamonda internet tarmog'i orqali tarqatilayotgan g'arazli ma'lumotlar, turli buzg'unchi g'oyalar, odob-ahloqni emiruvchi manfur illatlar har bir ongli kishini tashvishga solishi aniq.
Keyingi paytlarda internet bilan bog'lik buzg'unchiliklar, global tarmokdan qabih maqsadda foydalanayotganlar ko'payib bormoqda. Oqibatda, zalolatga boshlovchi elektron nashrlar va videolavhalar keng yoyilmoqda.
G'alamis kimsalar yoshlarni o'z tuzoqlariga ilintirishda internetdan ustalik bilan foydalanmoqda. O'zlarini «yaqin do'st» yoki «hidoyatga chorlovchi» sifatida tanitib, yoshlarni to'g'ri yo'ldan chalg'itmokda. Aslida, ularning din va shariat haqida umuman ilmlari yuq, faqatgina to'da boshidan yodlab olganlarini takrorlashdan nariga o'tmaydilar. Boshqa tomondan qaraganda, ular bu johilligi bilan boshqalarni ham jar yoqasiga tortayotgani va kimningdir nog'orasiga uynayotganini bilmaydilar. Bundaylar avval dinu diyonat, ibodat, jannat haqida turli jozibali so'zlarni gapirib, g'o'r yoshlarni yo'ldan urib, oxir-oqibatda, razolat qurboniga aylantirmoqda.
Internetdan olingan narsa to'g'ri, ishonchli va zararsiz ekanini bilish kerak. Yaxshi-yomonning farqiga bormagan yoshlar internet orqali tarqatilgan har qanday ma'lumot-xabarlarni haqiqat deb qabul qilayotgani jiddiy xavotirga soladi.
Islom ta'limoti buzg'unchilikni, odamlar qalbiga vahima, dushmanlik va fitna urug'larini sochishni qattiq qoralaydi. Ma'lumki, so'nggi yillarda dinni o'zlariga niqob qilib olgan oqimlar, toifalar paydo bo'ldi. Ular g'arazli maqsadlari yo'lida jamiyatda buzg'unchilik, begunoh odamlar qonini nohaq to'kish kabi jinoyatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq orasida nizo chiqarishga harakat qilishmoqda.
Sarhadsiz internet dunyosiga kirgan shaxs vaqt, umr g'animat ekanini doimo yodda saqlamog'i lozim. Zero, bu global tarmoq bepoyon hududlarga ega bo'lib, unda inson adashib soatlab, kunlarini samarasiz o'tkazib yuborishi mumkin.
Bugungi shiddatli globallashuv davrida yoshlar ongu shuurini internet orqali kirib kelayotgan zararli g'oya va ta'sirlardan samarali va ishonchli himoyalash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa o'qituvchilar, ma'naviyat targ'ibotchilari, ota-onalardan yanada hushyor va ogoh bo'lishni, yosh avlodning g'oyaviy-mafkuraviy immunitetini mustahkamlash borasidagi ishlar ko'lamini yanada kengaytirishni talab qiladi. Bizga ma'lumki, ko'plab sayt va tarmoqlar katta mablag'lar evaziga fil'trlab qo'yilgan va bu holatni ko'plab davlatlarda kuzatish mumkin. Albatta, taqiqlar yoki fil'tr vositalari orqali odamlarni Internet olamidagi turli kuchlarning xatarli tahdidlaridan, keraksiz va salbiy axborotlardan saqlash kiyin va faqatgina vaqtinchalik holat bo'lishi mumkin. Yoshlarimizning ma'naviy olamida bo'shlik yuzaga kelmasligi uchun ularning qalbi va ongida sog'lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat ehtirom tuyg'usini bolalik paytidan boshlab shakllantirishimiz kerak
Taassufki, bugun yoshlarimizning aksariyati globallashuv tufayli Yevropa va xorijiy ma'naviy-madaniy oqimlar ta'siriga ko'proq ishtiyoqmand bo'lib, milliy ma'naviyatimizning hayotbaxsh, yuksak axloqiylikka asoslangan tamoyillarga ixlosmandligi sust kechmokda. Inson qadri, mas'uliyati, axloqiga bepisandlik ba'zi yoshlarning kiyinishi, fe'l-atvori, yurish-turishida yaqqol ko'zga tashlanib qolmoqda. Bizning nazarimizda inson qadriyati uning axloqiylikka yo'nalgani bilan belgilanishi kerak. Darxaqiqat, bugun axborot chunonam ko'p va tez kirib kelayaptiki ularni «hazm» qilish uchun teran tafakkur va keng dunyokarash talab etiladi. Ayniksa internet olami farzandlarimiz e'tibori va qiziqishini tortib borayotgan bugungi davrda ayrim kom'pyuter o'yinlari haqida ham shunday misollarni ketirish mumkin. Mutaxassislar ma'lumotlariga ko'ra, internet orqali tarkatiladigan komp'yuter o'yinlarining 49 foizi sezilarli darajada zo'ravonlik va yovuzlik ko'rinishiga ega, 41 foiz jangari (turli otishmalar va portlashlarga asoslangan) o'yinlarda esa o'yin qahramoni o'z maksadiga etishish uchun shunday zo'ravonlik va yovuzlik sodir etadi. 17 foiz o'yinlarda ana shu zo'ravonlik va yovuzlikning o'zi bosh maksad hisoblanadi. Turli jangovar, mentalitetimizga mos bo'lmagan, ba'zan qahramonlik vahshiylikka o'tib ketadigan bu kabi o'yinlar farzandlarimiz axloqiy-estetik tarbiyasiga to'g'ri ta'sir ko'rsata oladi deya olmaymiz. Bir qarashda ular oddiy o'yindek ko'ringani bilan zo'ravonlik g'oyalari, yovuzlik kayfiyatini uyg'otishi juda ko'p salbiy okibatlarga olib kelgani xususida hayotiy misollar ko'plab topiladi.
Internet saytlarida yoshlarga kuchli ta'sir etuvchi axborotlarni quyidagicha tasniflash mumkin.
1 – toifadagi axborotlar sirasiga yot, buzg'unchi g'oyalar, ekstremizm va terrorchilik g'oyalari, millatchilik, irqchilik.
2 – toifadagi axborotlar esa g'arb hayot tarziga xos, o'zbek mentalitetiga zid odatlar va ko'nikmalarni targib etadi. Bu ayniqsa, g'arb yoshlarining kiyinishi, odatlarini targ'ib qiluvchi maqolalar, kliplar, fil'mlarda yaqqol namoyon bo'ladi.
3 – toifaga esa pornografik axborotlarni kiritish mumkin.
4 – toifaga esa hali tekshirilmagan, o'z isbotiga ega bo'lmagan turli hujumkor axborotlar.
Internet saytlaridan tarqatilayotgan bu kabi yot g'oyalar va axborotlarni yoshlar tomonidan qabul kilinayotganligi va uning oqibatlari jahondagi barcha mamlakatlari xalkini ham tashvishga solmokda.
Yoshlarimiz ongini egallashga qaratilgan har qanday xatti-harakatlarga, milliy manfaatlarimizga raxna solishga, ma'naviyatimizga tajovuz qilishga, umrimiz mazmuni bo'lgan tarixiy xotiramizni buzishga urinayotgan g'arazli kuchlarga karshi doimo ogoh turishimiz darkor. Ana shundagina bizni hech kim, hech narsa o'z tanlagan yo'limizdan ortga qaytara olmaydi va biz ko'zlagan ulug'vor maksadlarimizga albatta etamiz.
Yurtimizga olomoncha madaniyat asosan internet tarmog'i orqali kirib kelayapti. Bu hol odob-axloq, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat pasayishi kabi ko'plab noxushliklarni keltirib chiqaryapti. Yoshlarning hayosizlarcha kiyinishi, tanalariga rasm chizdirishi, quloq va burunlarini teshib, «zirak» taqib olishlari, qiz bolalarning o'g'il bolalarga o'xshab kiyinishi kabi «moda» unsurlari aynan internet orqali yoyilayotgani aniq.
Internetdagi g'oyaviy tuzoqlar go'yo madaniyatga o'xshashi va yoshlarga moydek yoqishi bilan ham xatarlidir. Insoniy axloqda ters olomoncha madaniyat ayrim yoshlar ongiga chang solib, ma'naviyat kushandasiga aylanmokda. Achinarlisi, mazkur «madaniyat» ta'siriga berilib qolganini yoki uning qurboniga aylanayotganini ko'pincha yoshlar o'zlari sezmaydi.
Global axborot tizimidagi xabarlarni «fil'trsiz» qabul qilish oqibatida yoshlar ongi zaharlanmoqda. Masalan, biror kerakli ma'lumotni olish maqsadida saytga kirgan yoshlarning «falonchi mashhur shaxs halokatga uchradi» kabi shov-shuvli e'longa ko'zi tushadi va beixtiyor uni ochadi. U erda esa yana bir sayt ochiladi va unda aldamchi xabarlarning davomini o'qiydi. Shu tariqa g'o'r yoshlar g'alamislarning tuzog'iga ilinadi.
Bunday jirkanch «madaniyat» ta'siriga berilgan o'smir loqayd, hayotga engil-elpi qaraydigan, yurt ravnaqi va xalq tinchligiga befarq kimsa bo'lib ulg'ayadi. Shuningdek, olomoncha madaniyat tuzog'iga ilingan bolalar inson istagan ishini qilaverishi mumkin, deb biladi, ya'ni o'taketgan manqurtga aylanib qoladi.
Ijtimoiy tarmoqlarning oila va jamiyat barqarorligiga solayotgan eng katta taxdidlaridan yana biri – ulardagi muloqotlar sababli ko'plab tinch-totuv oilalar barbod bulib ketayotganidir.
Farzandining istiqbolini, yorqin kelajagini istaydigan har bir ota-ona tarbiya masalasiga jiddiy e'tibor bermog'i zarur. Bola tarbiyani turli komp'yuter uyinlari, internet va ijtimoiy tarmoqlardan emas, eng avvalo ota-onalaridan, bobo-momolaridan, ezgulikka, poklikka va dinu diyonatga chaqiruvchi yaxshi kitoblardan olsin.
Insonlar qalbi va ongi uchun katta kurashlar kechayotgan globallashuv davrida yuksak ma'naviyat, odob axloq tarbiyasiga e'tiborni kuchaytirish dolzarb vazifadir O'sib kelayotgan yosh avlodni diniy – milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ular qalbida o'z xalqi, Vataniga mehr-sadoqat tuyg'usini kuchaytirish, ularni xar-xil buzg'unchi kuchlarning axborot xurujlaridan ogoh etish, munosib himoya qilishdan iboratdir.
Odiljon Narzullayev
Yangiyul tumani "Imom Sulton"
jome masjidi imom-xatibi
Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar katta natija bermoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o‘tgan yilda 380 million dollarga yetdi.
Sir emas, ilgari hudud turizmi haqida gapirilganda ko‘pchilik faqat Ichan qal’ani hayoliga keltirar edi. Keyingi vaqtlarda bu boradagi qarashlar butunlay o‘zgardi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo‘nalishlar ishlab chiqildi va ularning umumiy soni yuztaga yetdi.
Endi bu yerda yana bir noyob majmua – "Arda Xiva" bor. Uning ochilishi Xorazm viloyatiga Prezident tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi.
Majmua qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.
"Arda Xiva" hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurildi. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda bozor rastalarini tomosha qildi.
Bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, qadimiy shahar muhitini aks ettiruvchi binolar, jami ming o‘rinli 20 ta mehmonxona qurildi. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etildi.
Shuningdek, tarixiy qiyofadagi 11 ta hunarmand uyi, sharqona bozor, "Ko‘hna Urganch" muzeyi mehmonlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Ikki kilometrlik kanalda qayiqda sayr qilish imkoniyati yana bir o‘ziga xos yangilik.
Beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi joyi hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan. Hududdagi barcha inshootlar uchun yagona sovitish va isitish tizimi barpo etilgan. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.
Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.
Ichan qal’a tarixiy bo‘lsa, "Arda Xiva" Xorazmning zamonaviy "tashrif qog‘ozi" bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
- Har qanday zaxira, yerosti boyliklari qachonlardir tugaydi. Lekin bobolarimiz bizga shunday buyuk ma’naviy meros, ulug‘vor obidalar qoldirganki, ular asrlar davomida xalqqa xizmat qilib kelayapti. Biz mana shu boylikdan elimiz manfaati yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ancha ishlar qilindi, lekin hali rejalar ham ko‘p. Men bu yo‘lda siz, yoshlarga ishonaman. Sizlar baland cho‘qqilarni ko‘zlab, shunga yarasha bilim olsangiz, zamonaviy kasblarning ustasi bo‘lsangiz, yuksak maqsadlarimizga albatta erishamiz, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Yoshlarning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, orzu-intilishlari haqida fikr almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati