Shu yil 29 mayda Tatariston Respublikasi Yutazin tumani Urussu shaharchasida ayollar o'rtasida Butunrossiya qoriyalar musobaqasi bo'lib o'tadi. Bu haqda Tatariston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu tanlov Rossiya fuqarosi bo'lgan yoshidan qat'iy nazar musulmon ayollari ishtirok etadi. Tanlov talabiga ko'ra, ular Qur'oni karimni o'rganish va yodlash markazlari talabasi bo'lmasligi kerak. Har bir ishtirokchi faqat bitta yo'nalish bo'yicha qatnashishi mumkin. O'tgan yilgi tanlov g'oliblariga Qur'oni karimning 5 porasi bo'yicha musobaqada qatnashishga ruxsat beriladi.
Mazkur musobaqa Tatariston musulmonlari diniy idorasi, Tatariston Respublikasi janubiy-sharqiy qoziyoti, Yutazin tumani muhtasibligi va Yutazin shahar okrugi ma'muriyati tomonidan tashkil etilgan.
Qur'oni karimning besh porasini (26, 27, 28, 29, 30) yoddan bilgan nomzodlar o'rtasidagi tanlov g'olibiga 50 ming rubl (7 million 195 ming so'm) miqdorida pul mukofoti beriladi. Ikkinchi o'ringa Yutazin muhtasiblik idorasining maxsus sovrini, boshqa sovrinli o'rinlar ham qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, barcha ishtirokchilar rag'batlantiruvchi sovg'alar bilan taqdirlanadi.
O'MI Halqaro aloqalar bo'limi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati