frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Sof e'tiqodning ahamiyati

26.05.2021   3914   8 min.
Sof e'tiqodning ahamiyati

Musulmonlarni noto'g'ri e'tiqoddan asrash, sof e'tiqod ila tarbiya qilish bugungi kunning dolzarb masalaridan biri bo'lib kelmoqda. E'tiqodda adashish, ozgina bilgan narsasiga mahkam yopishib olib qolganlarni so'zini qabul qilmaslik, ilmsiz ravishda bilmagan narsasiga, tanimagan shaxslarga ergashish ko'pgina ko'ngilsizliklarga sabab bo'layotgani hammamizga ma'lum.   Hozirgi kunda musulmonlarning boshiga tushayotgan ko'plab, balo ofatlarning sabablaridan biri ham aqidada adashgan, oz bilgan narsasiga yopishib olgan zamona xavorijlari hisoblanadi. 

Aqidada adashish va haddan oshishning asosiy sababi bilimsizlik hisoblanadi. Bilimsizligini tan olmaslik esa baloning boshidir. Ming afsuslar bo'lsinki, avvalki va hozirgi aqida ovchilari o'zlarini olim deb biladilar ammo din sohasida tuzukroq boshlang'ich ta'limni ham olmagan bo'ladilar. Ularning birortasida ham diniy tahsil olganligi haqida shahodatnomasi yo'q.

Ulamolarimiz bu kimsalarning bilimsizliklari quyidagi sohalarda ekanligini ta'kidlaydilar:

  1. Qur'onnni bilmaslik. Qur'on ilmini yaxshi bilmay turib, oyatlarning ma'nosini o'z maqsadlariga buradilar.
  2. Sunnatni bilmaslik. Hadislarning matnidan to'g'ridan-to'g'ri hukm chiqaradilar.
  3. Shariat maqsadlarini bilmaslik.
  4. Dalil va hukm chiqarish yo'llarini bilmaslik.
  5. Ulamolarning qavllarini va asarlarini bilmaslik.
  6. Arab tili va usullarini bilmaslik
  7. Tarixni va voqeylikni bilmaslik.

Ushbu bilimlarning barchasini puxta egallamasdan turib biror hukm chiqarishga hech kimning haqqi yo'q.

Bilimsizliklarga  asoslanib  chiqarilgan hukmlardan biri, musulmonlarni “kofir” deb fatvo chiqarishning ko'payganidir. Bir mo'min insonni asossiz kufrga chiqarishning oqibati juda yomon bo'lib, ko'pchilikning boshiga balo-ofat bo'ladi. 

Aslida Rasulluloh (s.a.v) musulmonlarni bu ishdan qattiq qaytarganlar.

ثَلاثٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ : الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لا إلَهَ إِلا اللهُ لا نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلا نُخْرِجُهُ مِنْ الإِسْلامِ بِعَمَل

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “ Uch  narsa iymonning aslidir: “La ilaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni islomdan chiqarmaymiz”, dedilar.

Demak, “La ilaha illallohu” degan kishi musulmon hisoblanib, uning joniga, moliga zarar etkazmaslik, u bilan chiroyli muomalada bo'lish, gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaslik zarur. Ammo dinda haddan oshgan, aqidada adashgan kimsalar esa kalimai shahodatni aytib turgan kimsani, ahli qiblani kofirga chiqaradilar. Ulug' allomalarni va boshqa musulmonlarni o'zlarining yo'liga ergashmaganlari uchun portlatadilar, qatli om qiladilar.

Shar'iy matnlarda kelgan kufr so'zi aslida ikki xil ma'noda ishlatiladi:

  1. Kufri akbar (katta kufr) ya'ni, iymonning ziddi. Bu turdagi kufr o'z egasini do'zaxda abadiy qolishini taqozo qiladi. Bunga payg'ambarlarni yolg'onga chiqarish, bilib tursada kibr qilib iymonga kelmaslik kabilar kiradi.
  2. Kufri asg'ar (kichik kufr). Bu turdagi kufr o'z egasini do'zaxda abadiy qolishini taqozo qilmaydi. Bunga ma'siyatlar ya'ni, gunohlar kiradi. Quyidagi hadislar bunga misol bo'ladi:

سِبَابُ الْمُسْلِمِ أَخَاهُ فُسُوقٌ ، وَقِتَالُهُ كُفْرٌ

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonni so'kmoqlik fisqdir, u bilan urush qilmoq kufrdir”,  deganlar.

Boshqa hadisda:

بَيْنَ الْعَبْدِ وَبَيْنَ الْكُفْرِ تَرْكُ الصَّلاَةِ.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon va kufrning o'rtasida namozni tark etish bor”.

Yana  bir hadisda:

مَنْ حَلَفَ بِغَيْرِ اللَّهِ فَقَدْ كَفَرَ

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:  “Kim Allohdan o'zga ila qasam ichsa, batahqiq kofir bo'libdi” deb, marhammat qilganlar.

Ushbu va shunga o'xshash hadislarda zikr qilingan kufr so'zidan dindan chiqaradigan kofirlik emas balki gunoh iroda qilingan. Shuningdek, “Zinokor zino qilayotgan vaqtida, aroq ichuvchi aroq ichayotgan vaqtida, o'g'ri o'g'rilik qilayotgan vaqtida mo''min bo'lmaydi” degan hadislarda bunday ishlar o'ta qabih bo'lganligidan tahdid iroda qilinib mo'min bo'lmaydi iborasi ishlatilgan. “Namoz dinning ustuni. Kim uni qoim qilsa dinini qoim qilibdi. Kim uni tark etsa dinini vayron qilibdi” degan hadis      namozni farz emas deb, e'tiqod qiluvchi kishi haqida aytilgan.

  Ahli sunna val jamoa hammalari jumladan, aqida ilmidagi buyuk allomalarimiz Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Abu Hanifalar o'z asarlarida  gunohi kabira qilgan mo'min gunohkor bo'lsada, kofir bo'lmasligiga ittifoq qilganlar. Bunday kishilar qiyomatda gunohiga yarasha jazo olishligi yoki tavba qilib Allohning afviga musharraf bo'lishlari mumkin.

Adashgan firqalar esa ushbu va boshqa hadis mantlarini to'g'ri tushunmaganlaridan mo'min ammo gunoh ish qilgan kimsani kofirga chiqaradilar, ularni qonini halol sanaydilar.

Agar gunohi kabira qilish kufr bo'lganida zino, o'g'rilik, aroqxo'rlik va birovni zinoda ayblaganga hadd (shar'iy jazo) qo'llanishligi behuda narsa bo'lib qolar edi. Chunki  haddlar kofirga qo'llanilmaydi. Bu  esa gunohi kabira qilgani tufayli iymondan chiqadi degan gap buzuq e'tiqod ekanligini ko'rsatadi.

Abu Muin Nasafiy “Bahrur Kalom” nomli asarlarida mo'minni gunohi tufayli kofirga chiqarib, qonini halol sanaydigan adashgan firqalarga qarata ushbu dalillarni keltiradilar:

“Alloh taolo Nur surasining 31-oyatida:

وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا أَيُّهَ الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

“Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo'minlar! Shoyadki, najot topsangizlar”.

Tahrim surasining 8-oyatida:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَيُدْخِلَكُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ

“Ey, iymon keltirganlar, Allohga xolis tavba qilinglar! Shoyadki robbingiz gunohlaringizni yuvsa va sizlarni daraxtlari ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritsa”.

Ushbu oyatlardagi tavba gunoh sababidan bo'ladi. Gunoh qilgan kishigina tavba qiladi va Alloh uni afv etib jannatga kiritishini  umid qiladi.”

Yuqoridagi oyat va hadislardan gunohkor mo'min kofir bo'lmasligi ma'lum bo'ldi. Hozirgi kundagi takfirchilar esa nafaqat gunoh qilgan kishini balki aynan ularning fikriga qo'shilmagan begunoh, beayb insonlarni qatl qilmoqda.

Hanafiylarning mashhur ulamolaridan biri, “Al-Bahrur Roiq” asarining muallifi Ibn Najim aytadilar:

“Agar bu masalada kofir deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir demaslik uchun birgina dalili bo'lsa, to'qson to'qqizni qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak”, degan.

Dinda haddan oshganlar esa buni aksini aytadilar. Bu esa barcha islomiy mazhablar va ulamolarning tutgan yo'liga teskaridir. 

 

Muxamedxodjayeva  Sanobar 

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Ikki ulug‘ ne’mat

14.08.2026   47453   3 min.
Ikki ulug‘ ne’mat

#Mustaqillikning 35 yilligi

 

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).

Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.

Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.

Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.

Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV