Angliyaning Preston shahri rasman 693-shahar meri va birinchi musulmon sifatida ushbu lavozimni egallagan Javed Iqbolni rasman olqishladi, deb xabar bermoqda islam.ru.
"Oilam va ko'p yillar davomida yashagan shahar Prestonning birinchi musulmon meri bo'lish sharafiga muyassar bo'lganim bu men uchun ko'p narsani bildiradi. Bu bizning ko'p madaniyatli shahrimizning o'ziga xos tan olinishi va turli irq, din va e'tiqoddagi odamlar bilan birga yashab, birga ishlashda davom etayotganidir", - deydi Javed Iqbol.
"Hayotim davomida jamiyat hayotini yaxshiroq o'zgartirishga va aks holda eshitilmasligi mumkin bo'lganlarga ovoz berishga intildim. Preston shahar Kengashida xizmat qilish sharafi va Preston Meri bo'lish katta sharafdir", - dedi u.
Pokistonda tug'ilgan, Javed Iqbol ilk bor Buyuk Britaniyaga 1968 yilda ko'chib o'tdi , u bu erda Brokxolz maktabi va Mur-Park-avenyudagi oltinchi sinf kollejini tamomladi.
1974 yilda turmushga chiqqan rafiqasi Tohira bilan Ribblton-avenyudagi birinchi oilaviy uyini sotib oldilar. Oradan ko'p o'tmay, u 2007 yilda pensiyaga chiqquniga qadar ishlagan Qirollik pochtasiga ishga kirdi.
Iqbol o'z faoliyati davomida Qirollik muhandislar polkida ham xizmat qilib, serjantlik martabasiga ko'tarilgan va 1992 yilda oilaviy majburiyatlarga e'tibor qaratish uchun xizmatni tark etgan.
2007 yilda Javed Iqbol Preston shahar Kengashiga saylandi, u 2017 yildan beri Rejalashtirish qo'mitasi raisi hisoblanadi.
Mer etib tayinlanishidan ikki yil oldin Iqbol uning muovini bo'lib xizmat qildi.
Shu oy boshida britaniyalik musulmon Sodiq Hon pandemiyadan keyin Britaniya poytaxti uchun "yaxshiroq va porloq kelajak" qurishni va'da qilib, ikkinchi muddatga London meri etib qayta saylanganini ta'kidlash lozim.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.