O'zbekiston Transport vazirligida BAA aviatsiya ma'muriyati vakillari bilan muzokaralar bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Transport vazirligi ma'lum qilishicha, uchrashuvda ikki mamlakat o'rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Parvozlar chastotasini ko'paytirish, yangi yo'nalishlarda aviaqatnovlarni yo'lga qo'yish xususida fikr almashildi.
Ikki mamlakat aviatsiya ma'muriyati vakillari maslahatlashuvlar yakunlari bo'yicha quyidagi kelishuvlarga erishdi:
- «Fly Dubai» aviakompaniyasi Dubay – Toshkent – Dubay yo'nalishida parvozlar chastotasini haftasiga 5 tadan 6 ta reysga oshiradi;
- «Air Arabia PJSC» aviakompaniyasi Sharja – Toshkent – Sharja yo'nalishida parvozlar chastotasini haftasiga 2 tadan 3 ta reysga ko'paytiradi;
- «Air Arabia Abu Dhabi» aviakompaniyasi esa Abu-Dabi – Toshkent – Abu-Dabi yo'nalishida parvozlar chastotasini haftasiga 2 tadan 4 ta reysga qadar ko'paytiradi.
Shuningdek, «Wizz Air Abu Dhabi» aviakompaniyasiga Buxoro va Urganch shaharlariga parvozlarni amalga oshirish huquqi berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida konstruktiv muloqot va o'zaro manfaatli hamkorlikni qo'llab-quvvatlash borasida kelishib oldi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib turgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi delegatsiya Makka shahridagi mehmonxonada ziyoratchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Soha rahbarlari bilan muloqotda bo‘lgan yurtdoshlarimiz muborak amallarni bekamu ko‘st ado etish uchun qilingan sharoitlardan benihoya mamnunliklarini izhor etib, mana shunday ezgu ishlarga rahnamolik qilayotgan muhtaram Prezidentimiz va mutasaddilardan cheksiz minnatdor ekanlarini bildirdilar.
Haqiqatan, hamyurtlarimiz uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Mazkur mehmonxonaning foyelari keng bo‘lib, qulay o‘rindiqlar joylashtirilgan va ziyoratchi o‘z xonasiga ko‘tarilmoqchi bo‘lsa, yetarli adadda liftlar ishlamoqda. Shu joyning o‘zidan ishchi guruh vakillari ziyoratchilarimiz talab-istaklariga doimo hozirjavob bo‘lishmoqda.
Har bir xonada yuvinish xonasi mavjudligi, sovutkich, muzlatkich, stol-stul, jurnal stoli, telefon, televizor va zamonaviy mebellar bilan jihozlanganini ta’kidlash kerak. Shuningdek, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim va televizor ham mavjud.
Bir necha yuz kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan uch mahal laziz taomlar, sarxil mevalar, salatlar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mehmonxonada tibbiyot xonasi va ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan bo‘lib, malakali shifokorlar va tajribali mutaxassislar uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda. Harami sharifga 24 soat davomida avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.
Mana shunday sa’y-harakatlar yurtimizdagi “Inson qadri – ulug‘”, degan yuksak tamoyil fuqarolarimiz dunyoning qaysi burchagida bo‘lsa ham amalda ekanini yaqqol namoyon etadi. Shu bois ham muqaddas zaminlarda ulug‘ ibodat uchun yaratilgan qulaylik, e’tibor va ehtiromdan benihoya ruhlangan ziyoratchilarimiz muhtaram Prezidentimizga samimiy tashakkurlarini yetkazishni soha rahbarlaridan iltimos qildilar.
Muftiy hazratlari ziyoratchilarimiz bilan birga peshin namozini ado etib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi, haj va umra ibodatlari bardavom bo‘lishi va bu borada davlatimiz Rahbarining olib borayotgan ishlariga xayru baraka so‘rab duolar qildilar.