Shu yil 3-7 iyun' kunlari Tatariston respublikasi poytaxti Qozon shahridagi Qozon yarmarkasi hududida “Islom nuri – Luch islama” musulmon madaniyati ko'rgazmasi bo'lib o'tadi.
Ushbu tadbir millatlararo va dinlararo munosabatlarni uyg'unlashtirish, Islom dinini qabul qiladigan xalqlarning madaniyatini rivojlantirish, shahar aholisi va mehmonlarini musulmon madaniyati va urf-odatlari bilan tanishtirish va yosh avlod bilan muloqotni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan.
Mazkur madaniy tadbir bir nechta ekspozitsiyalarni birlashtiradi: ma'naviy-ma'rifiy yo'nalish, “Musulmon modasi”, “Halol” standartlariga muvofiq mahsulotlar, “Hunarmandlar shahri” badiiy va xalq hunarmandchiligi, “Sharqona pichoq” harbiy va sovuq qurollari shular jumlasidandir.
Shuningdek, ko'rgazma doirasida anjuman va davra suhbatlari o'tkaziladi, unda taniqli ma'ruzachilar nafaqat islomiy tadbirkorlik sohasidagi dolzarb masalalarni, balki ularning ma'naviy-ma'rifiy mazmuni, mazmunli uchrashuv va suhbatlar, Qur'oni karim suralari tilovati, ijodkor va hunarmand ustalar darslari, hunarmandlarning chiqishlari, sovuq qurollar bilan jang qilish san'ati vakillari chiqishi, musulmonlarning gastronomik festivali va boshqa tadbirlar bo'lib o'tadi.
O'MI Halqaro aloqalar bo'limi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov Toshkent islom instituti talaba- yoshlari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvni institut rektori Uyg‘un G‘afurov ochib, mazkur tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi muloqotlar barcha diniy ta’lim muassalarida tashkil etilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida o‘tgan Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda Zayniddin Eshonqulov yoshlarga o‘zining hayotiy, ilmiy va kasbiy tajribalarini so‘zlab berdi. Ma’ruzada Diniy idora tizimidagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyat yo‘nalishlari va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Zayniddin domla diniy-ma’rifiy faoliyatda ilm va ma’rifatning o‘rni, kadrlarning vatanparvarlik va axloqiy tarbiyasi va turli yot g‘oyalardan ma’naviy immunitetning shakllangani haqida o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Notiq o‘z so‘zi davomida talaba-yoshlarni sabr-toqat va qat’iy intizom bilan ilm olishga da’vat etdi. Shuningdek, ixlosli bo‘lish va ustozlarni ehtirom qilish muvaffaqiyat kaliti ekanini ta’kidladi.
Yetuk imom-xatib bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘zi ustida ishlash hamda bilim va tajribalarini oshirib borishi lozimligi haqida qimmatli maslahatlar berdi.
Ana shunday tadbirlar yoshlarning ilm olishi va kelgusidagi kasbiy faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga xizmat qiladi, rahbar xodimlar esa ular uchun hayotiy namuna bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati