Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

E'tiqod Durdonalari: FARIShTALAR HAYo QILGAN INSON (Usmon roziyallohu anhu)

24.05.2021   3990   11 min.
E'tiqod Durdonalari: FARIShTALAR HAYo QILGAN INSON  (Usmon roziyallohu anhu)

 

FARIShTALAR HAYo QILGAN INSON

37- وَذُو النُّورَينِ حَقًّا كَانَ خَيْرًا    مِنَ الْكَرَّارِ فِي صَفِّ الْقِتَالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Zunnuroyn (roziyallohu anhu), darhaqiqat, urush saflaridagi Qaytmas botir (roziyallohu anhu)dan afzalroq bo'lgan.

 

Nazmiy bayoni:

Albatta, Zunnuroyn a'loroq bo'lgan,

Urush saflarida qaytmas Botirdan.

 

Lug'atlar izohi:

النُّورَينِ ذُو – mubtado.

حَقًّا – mahzuf fe'lning maf'uli mutlaqi. Taqdirida أَحُقُّ fe'li bor.

كَانَ  – xabar.

خَيْرًا – noqis fe'lning xabari. Bu kalima, aslida, اَخْيَرُ ismi tafzilning hamzasi hazf qilingan shaklidir.

مِنْ – “ta'liliya” (izohlash) ma'nosida kelgan jor harfi.

الْكَرَّارِ – jor majrur كَانَ ga mutaalliq. Lug'aviy jihatdan jang maydonida o'ta hujumkor ma'nosiga to'g'ri keladi.

فِي – zarfiyat ma'nosida kelgan jor harfi.

صَفِّ – saf deganda to'g'ri chiziqda tekkis turish tushuniladi.

الْقِتَالِ – lug'atda “jang”, “kurash” ma'nolarini anglatadi.

 

Matn sharhi:

Usmon roziyallohu anhuning nasabi quyidagicha bo'lgan: Usmon ibn Affon ibn Abil Os ibn Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumannof. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan nasablari Abdumannofda birlashadi. Milodiy 576 yilda Toifda tug'ilgan. Kunyasi avval Abu Abdulloh, u vafot etgach, Abu Amr bo'lgan.  Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ikkita qizlari avval Ruqayya, u vafot etgach Ummu Kulsumga uylangan. Shuning uchun ham u zot “Zunnurayn” (ikki nur egasi) deb atalgan. Rivoyat qilinishicha, “Odam alayhissalom zamonidan to qiyomatgacha biror payg'ambarning ikki qiziga Usmon ibn Affondan boshqa uylangan kishi yo'qdir”[1].  

 

Usmon roziyallohu anhuning oilalari

  1. Ruqayya binti Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. Bu ayolidan Abdulloh[2] ismli farzandi tug'ilgan.
  2. Ummu Kulsum binti Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. Bu ayolidan farzandi bo'lmagan.
  3. Foxita binti G'ozvon. Bu ayolidan Abdulloh (kichigi) ismli o'g'li tug'ilgan.
  4. Ummu Amr binti Jundab. Bu ayolidan Amr, Holid, Ubon, Umar, va Maryam ismli farzandlari tug'ilgan.
  5. Fotima binti Valid. Bu ayolidan Valid, Sa'iyd va Ummu Sa'iyd ismli farzandlari tug'ilgan.
  6. Ummu Baniyn binti Uyayna ibn Hisn. Bu ayolidan Abdulmalik ismli o'g'li tug'ilgan.
  7. Ramla binti Shayba. Bu ayolidan Oisha, Ummu Ubon va Ummu Amr ismli farzandlari tug'ilgan.
  8. Noila binti Farofisa. Bu ayolidan Maryam ismli qizi tug'ilgan.
  9. Ummu valad cho'rilari. Bu cho'risidan Ummul Baniyn ismli qizi tug'ilgan.

Albatta yuqorida bayon qilinganidek ushbu ayollarning to'rttadan ko'pi bitta nikohda jamlanmagan. 

 

Usmon roziyallohu anhuning fazllari

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Usmon roziyallohu anhu haqlarida hamma havas qiladigan juda ko'plab maqtovlarni aytganlar:

–  “ Ey Allohim, men Usmondan rozi bo'ldim, Sen ham undan rozi bo'lgin”;

–  “ Usmon mening jannatdagi o'rtog'imdir”;

–  “Usmon dunyoda ham, oxiratda ham men bilan birgadir”;

– “Usmon ummatimning eng hayolirog'i va eng ikromlirog'idir”;

– “Usmon hayolidir, undan farishtalar ham hayo qiladilar”.

“Bir kuni Usmon roziyallohu anhu va Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhular tortishib qolishdi. Shunda Abu Ubayda: “Ey Usmon, sen menga qarshi gapiryapsan, lekin men sendan uch xislatda afzalman”, – dedi. Usmon: “Ular nima ekan”, – dedi. Abu Ubayda: “Birinchisi, men bay'at kunida hozir edim, sen yo'q eding, ikkinchisi, men Badrda qatnashganman, sen qatnashmagansan, uchinchisi, men Uhud kunida sobit turganlardan edim, sen sobit turmagansan”, – dedi. Usmon: “To'g'ri aytding, haqiqatda shunday bo'lgan, ammo bay'at kunida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni bir ish bilan jo'natgan edilar. Bay'at vaqtida qo'llarini mening nomimdan uzatib: “Bu Usmon ibn Affonning qo'lidir”, – deganlar. U zotning muborak qo'llari esa, albatta, mening qo'limdan yaxshidir. Badr kunida esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Madinaga o'rinbosar qilib qoldirgan edilar. Men qarshi chiqib, u zot tayinlagan joyni tashlab ketolmasdim. U zotning qizlari Ruqayya kasal bo'lib yotgandi, men u vafot etgunga qadar xizmatida bo'ldim, vafot etganidan so'ng uni dafn etdim. Uhud kunida qochganimga kelsak, Alloh taolo bu ish to'g'risida meni afv qilgan va qilgan ishimni shaytonga taalluqli ekanini aytgan: 

﴿إِنَّ ٱلَّذِينَ تَوَلَّوۡاْ مِنكُمۡ يَوۡمَ ٱلۡتَقَى ٱلۡجَمۡعَانِ إِنَّمَا ٱسۡتَزَلَّهُمُ ٱلشَّيۡطَٰنُ بِبَعۡضِ مَا كَسَبُواْۖ وَلَقَدۡ عَفَا ٱللَّهُ عَنۡهُمۡۗ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٌ حَلِيمٞ١٥٥

“Ikki (harbiy) bo'linma to'qnashgan kunda orangizdan ba'zi qilmishlari bilan (tayin etilgan joydan) yuz o'girib ketganlarni shayton yanglishtirgan edi. Alloh ularni afv etdi ham. Zero, Alloh kechiruvchan va halim zotdir”[3].             

Usmon tortishuvda engib chiqdi”[4].

Usmon roziyallohu anhu nihoyatda farosatli kishi bo'lgan. Bir kuni u zotning huzuriga bir kishi kirdi. Shunda Usmon roziyallohu anhu: “Sizlardan biringiz ko'zlaridagi zino asari bilan kirib kelmoqda”, – dedi. Haligi kishi hayrat bilan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin ham vahiy bormi”, – deya g'alati holatga tushib qoldi. Usmon roziyallohu anhu: “Yo'q, lekin sodiq farosat bor”, – dedi. 

Halifa Umar ibn Hattob vafotidan so'ng musulmonlarning o'zaro ittifoqlari bilan u zot 644 yilda 69 yoshida xalifa etib saylangan. 

Usmon ibn Affon[5] roziyallohu anhu milodiy 656 yilda, 82 yoshida fitnachilar tomonidan shahid qilingan va Baqi' qabristoniga dafn etilgan. Janozasini Jubayr ibn Mut'im roziyallohu anhu o'qigan.

 

 

 

[1] Mulla Ali Qori. Sharhu Fiqhil akbar. Bayrut: “Dorul kutubil ilmiya”, Ali Muhammad Dandal tahqiqi. – B. 112.

[2] Usmon roziyallohu anhuning 9 o'g'il, 7 qiz, jami 16 farzandlari bo'lgan, ikkita o'g'illarining ismi Abdulloh bo'lgan.

[3] Oli Imron surasi, 155-oyat.

[4] Muhammad Rizo. Mavsuatu xulafoi roshidin. Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2006. – B. 28.

[5] Usmon roziyallohu anhuni Ali roziyallohu anhudan afzal bo'lgan deb e'tiqod qilish Ahli sunna val-jamoa jumhurining qavli bo'lib, moturidiya va ash'ariya mazhablari ittifoq qilgan masalalardan hisoblanadi. Imom Molik rahmatullohi alayh bu masalada jumhur ulamolarga xilof qilgan bo'lsada, keyinchalik jumhurning qavliga qaytgan.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Qur’onni tilovat qilishda qanday niyat qilasiz?

25.12.2024   896   3 min.
Qur’onni tilovat qilishda qanday niyat qilasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ko‘pchilik musulmonlar Qur’onni faqatgina savob va ajr olish maqsadida o‘qishadi, ayni paytda Qur’onda ko‘plab manfaatlar borligini unutishadi.
Aslida, Qur’onni har gal aniq bir niyat bilan o‘qilsa, Alloh taoloning fazli ila o‘sha niyati amalga oshadi.
Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: "Amallar niyatlarga bog‘liqdir va har kimga niyatiga yarashasi beriladi", deganlar.

Qur’on — hayot dasturi. Niyat olimlarning sarmoyasi. Shunga binoan musulmon kishi Qur’on o‘qiganida quyidagicha niyatlarni qilishi kerak:

1. Men Qur’onni ilm olish va unga amal qilish maqsadida o‘qiyman.
2. Men Qur’onni Allohdan o‘zimga, farzandlarimga va oilamga hidoyat berishi uchun o‘qiyman.
3. Men Qur’onni Allohga munojot qilish uchun o‘qiyman.
4. Men Qur’onni dardlarimga shifo bo‘lishi uchun o‘qiyman.
5. Men Qur’onni jaholat zulmatidan hidoyat nuriga chiqish uchun o‘qiyman.
6. Men Qur’onni qalbimning qattiqligini yo‘qotish, unga xotirjamlik solish va shaytonning vasvasasini ketkazish uchun o‘qiyman.
7. Men Qur’onni hasaddan, nazar nafasdan o‘zimni va oila ahlimni asrash uchun o‘qiyman.
8. Men Qur’onni g‘ofillardan bo‘lib qolmaslik va Allohni mudom zikr qiluvchilar qatorida bo‘lish uchun o‘qiyman.
9. Men Qur’onni iymonim mustahkam bo‘lishi, ishonchim ortishi uchun o‘qiyman.
10. Men Qur’onni Allohning amriga itoat etish uchun o‘qiyman.
11. Men Qur’onni har bir harfi uchun o‘ntadan savob olish uchun o‘qiyman.
12. Men Qur’onni qiyomat kuni Qur’onning shafoatiga noil bo‘lish uchun o‘qiyman.
13. Men Qur’onni jannatda yuqori daraja topish uchun o‘qiyman.
14. Men Qur’onni Allohning huzurida darajam yuksak bo‘lishi uchun o‘qiyman.
15. Men Qur’onni qiyomat kuni ota-onamga toj kiydirish uchun o‘qiyman.
16. Men Qur’onni Allohning xos ahllaridan bo‘lish uchun o‘qiyman.
17. Men Qur’onni do‘zaxdan najot topish uchun o‘qiyman.
18. Men Qur’onni o‘zimga yoki oilamga yetgan sehr-jodu amalidan xalos bo‘lish uchun o‘qiyman.
19. Men Qur’onni Alloh mushkulimni oson, hojatimni ravo qilish uchun o‘qiyman.
20. Men Qur’onni Alloh qarzimga najot berishi uchun o‘qiyman.
21. Men Qur’onni qabrimda menga hamroh bo‘lishi, sirot ko‘prigida nur bo‘lishi uchun o‘qiyman.
22. Men Qur’onni Payg‘ambar alayhissalomning axloqlari bilan xulqlanish uchun o‘qiyman.
23. Men Qur’onni o‘zimni botil ishlardan tiyilib, savobli ishlar bilan mashg‘ul qilish uchun o‘qiyman.
24. Men Qur’onni g‘am-tashvishlardan forig‘ bo‘lish uchun o‘qiyman.
25. Men Qur’onni nafsim va shaytonga qarshi kurashish uchun o‘qiyman.

Qur’on tilovati bu - zikr. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar: "Alloh taolo shunday degan: "Kim mening zikrim bilan mashg‘ul bo‘lib, mendan hojatlarini so‘ray olmasa, Men unga so‘raganlaridan ham afzalini ato etaman". 

Alloh taolo barchamizning qilgan amallarimizni qabul aylasin.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV