O'zbekistonning Pokistondagi ziyorat turizmi elchisi Pir Hasib ur-Rahmon «Dunyo» AA uchun bergan interv'yuda so'nggi yillarda O'zbekistonda boy diniy-ma'naviy merosni o'rganish, mamlakatda yashayotgan turli millat vakillarining milliy va diniy qadriyatlarini asrab-avaylash bo'yicha islohotlarni e'tirof etdi.
– Bugun O'zbekiston va Pokiston o'zaro aloqalarni har tomonlama rivojlantirmoqda. Ularni uzoq tarixga ega rishtalar bog'lab turibdi, – dedi Pir Hasib ur-Rahmon. – O'zbekiston xalqiga eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan behad mamnunman. Ikki qardosh davlat o'rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish uchun duo qilaman.
O'zbekiston Pokistonning Markaziy Osiyodagi asosiy savdo hamkori hisoblanadi. Toshkent tomonidan 2020 yilning iyulida Islomobodga pandemiya paytida ko'rsatilgan insonparvarlik yordami fikrimni yaqqol tasdiqlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, sayyohlik va ziyorat turizmi sohasidagi vazifalar Pokistondagi Naqshbandiya tariqati izdoshlari tomonidan yuksak baholanmoqda.
O'zbekiston turizm maskani safatida ziyoratchilarga nafaqat Toshkent, Samarqand, Buxoro, Hiva shaharlarida diqqatga sazovor tarixiy joylar bilan tanishish, balki o'zbek diyorini islom madaniyati va tsivilizatsiyasi markaziga aylantirgan buyuk mutafakkir va allomalar merosidan bahramand bo'lish, ushbu bebaho boylikni o'rganish uchun qulay imkoniyat taqdim qilmoqda.
Ma'lumki, O'rta asrlar Renessansi davrida bugungi O'zbekiston zaminidan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshbandiy va boshqa ko'plab buyuk mutafakkirlar, so'fiylar, olimlar, ilohiyotchilar etishib chiqqan. Ular o'z ilmiy-ma'rifiy dahosi bilan, jumladan, Janubiy Osiyo tamadduniga ham bevosita ta'sir ko'rsatgan.
Bugungi kunda O'zbekiston rahbariyati boy ma'naviy-ma'rifiy merosni, islom ulamolarining ilmiy asarlarini, shuningdek, diniy bag'rikenglikni chuqur o'rganish va ommalashtirish borasida izchil izlanishlarga qat'iy da'vat etmoqda.
Halqaro islom akademiyasi, Islom tsivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo'yicha qo'mita, shuningdek, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazlari ana shu maqsadlarga xizmat qilyapti.
Men Pokistondagi Naqshbandiya tariqati izdoshlari delegatsiyasi tarkibida O'zbekistonga safar qilib, mamlakatdagi diniy-ma'rifiy ilm-fan sohasidagi katta o'zgarish va yangilanishlar jarayoni hamda xalqaro Islom akademiyasi va ilmiy markazlar qurilishi bilan yaqindan tanishish sharafiga muyassar bo'ldim.
Ta'kidlash kerakki, Pokiston islom mafkurasi kengashi, Din ishlari va tashqi ishlar vazirligi O'zbekiston islomiy markazlari bilan yaqin hamkorlik qilishga tayyor.
O'zbekiston Pokiston kabi so'fiylik an'analari mamlakatidir. Ushbu zaminda dunyoga buyuk hadisshunos va ilohiyotchi olim Imom Buxoriy, shuningdek, Hazrati Bahouddin Naqshband va boshqa ko'plab buyuk shaxslar tavallud topib, voyaga etgan, o'zlaridan bebaho meros qoldirgan.
Ishonchim komilki, bu boradagi sheriklikni rivojlantirish xalqlarimiz o'rtasidagi o'zaro anglashuv va do'stlikni mustahkamlashning muhim istiqbollarini ochib beradi.
To'g'ridan-to'g'ri reyslarning qayta tiklanishi Pokistondagi Naqshbandiya tariqati izdoshlari tomonidan iliq kutib olinadi. Chunki ko'plab muridlarimiz O'zbekistonga ziyoratga borishni istaydi. Bu imkoniyat umumiy imon, madaniyat, an'ana va tarix bilan bog'langan ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtiradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ibn Abbos roziyallohu anhu yoshlarga nasihat qilib: “Alloh taolo kimga ilm ato etgan bo‘lsa, uning yoshligida bergan. Yaxshilikning hammasi yoshlikda bo‘ladi”, dedilarda, quyidagi oyatlarni tilovat qildilar: “Ular aytishdi: “But-sanamlarimizni ayblab yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik” (Anbiyo surasi, 60-oyat).
Boshqa oyatda bunday deydi: “... Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir” (Kahf surasi, 13-oyat).
“Unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat (va ilm) ato etdik” (Maryam surasi, 12-oyat).
Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuradilar. Ayrim yoshlar umrining eng navqiron paytini choyxonalarda, kompyuterxonalarda o‘tkazmoqda. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar.
Aslida yoshlik paytida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.
So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz 7-8 yoshlarida Qur’oni karimni to‘liq yod olishgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirishgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim darajasiga ko‘tarilgan.
Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarga yo‘naltirishlari lozim. Ulamolarimiz aytadilarki: “Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi”.
Biz bilamizki, ilm Islom dinining asosi bo‘lib, bu din insoniyatni doimo ilmga targ‘ib qilib kelgan. Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratganidan so‘ng, unga ismlarning barchasini ta’lim berdi.
Shu ilm bilan Alloh taolo Odamni farishtalardan ustun tarafini namoyish etdi. Qur’oni Karimning avvalgi nozil bo‘lgan oyati ham «O‘qing» degan so‘z bilan boshlangan. Ilm bilan inson yuqori martabalarga erishadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda ilm egalarini maqtab shunday degan: «Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar» (Zumar, 9-oyat).
Inson ikki narsa bilan komillikka erishadi.
1. Yuksalib boruvchi maqsad va intilish.
2. Qalb ko‘zini ochuvchi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi ilm.
Alloh taolo aytadi: «Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir» (Mujodala, 11-oyat).
Ulug‘ sahoba Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu har safar shu oyatni o‘qisalar, «Ey, odamlar! Bu oyatni yaxshi anglanglar, u sizlarni ilmga targ‘ib qiladi», deb aytardilar.
Muoz ibn Jabal aytadilar: “Ilm o‘rganinglar, zero, uni o‘rganish – Allohdan qo‘rqish, uni talab etish – ibodat, muzokarasi – tasbeh, uni izlash – jiddu-jahd, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish – Allohga qurbatdir”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Olimga yerdagi va osmondagi barcha narsalar istig‘for aytadi».
Yerdagi jonzotlar va osmonlardagi maloikalar istig‘for aytib turuvchi kishilarning mansabidan ziyoda mansab bormi?!
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Kumaylga: «Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa, sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi», deganlar.
Abul Asvad aytadilar: «Ilmdan azizroq narsa yo‘qdir. Podshohlar odamlarga hokim bo‘lsalar, olimlar podshohlar ustidan hokimdir».
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Sulaymonga alayhissalom yo ilmni, yoki mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi».
Fath Musaliy: «Kasalga obu taom berilmasa, o‘ladimi?» deb so‘radilar. Atrofdagilar: «Ha, o‘ladi», deyishdi. Aytdilar: «Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi».
Hasan Basriy rahmatullohi alayh: «Ey, Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin» (Baqara, 201), oyatini bunday tafsir qiladilar: «Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodat, oxiratdagisi esa, jannatdir».
Bir donishmanddan: «Qaysi narsalarni jamlasam, yaxshi bo‘ladi?» deb so‘rashganida, «Kema halokatga uchraganda o‘zing bilan qoladigan narsani jamla», deb javob berdi. Bu bilan ilmni nazarda tutdi.
Turli fitnalar avj olgan, tarafkashlik, firqalarga bo‘linishi ko‘paygan paytda yoshlar o‘z dinlarini, aqidalarini muhofaza qilishlari lozim bo‘ladi. Tobe’inlardan Anas ibn Sirin rahimahulloh yoshlarga bunday nasihat qilardilar: “Ey yoshlar jamoasi! Allohga taqvo qilinglar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini kimdan ta’lim olayotganlarizga e’tiborli bo‘linglar. Chunki bu hadislar sizlarning dinlaringizdir!”.
Bu juda ham ahamiyatli nasihatdir. Dinimni o‘rganaman, ilm olaman yoki hadis o‘rganaman, deb yoshlar uchun eng muhim narsa – shar’iy ilmlarni avvalo ilmda mustahkam bo‘lgan, zamonasining ulamolari e’tirof etgan ulamolardan olishi zarur. Duch kelgan insondan ilm olavermasligi kerak. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan kelayotgan bu meros ilmda sobit bo‘lgan ulamolardan olinadi.
Ibn Shavzab rahmatullohi alayh: “Bir o‘spirin yigitning sunnat sohibi bo‘lgan kishini do‘st tutib, undan ilm olishi Allohning ne’matidir”, deganlar.
Amr ibn Qays Maloiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Agar yigitni ahli sunna val jamoa ahli bilan birga unib-o‘sayotganini ko‘rsang, kelajakda undan yaxshilik kutaver. Ammo uni bida’t ahli bilan o‘sib voyaga yetayotganini ko‘rsang, undan umidingni uzaver. Chunki o‘spirin bola birinchi ta’lim olgan narsasida bo‘ladi”.
Alloh taolo millatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin. Ularni din-diyonatda, odob-axloqda, insofu tavfiqda ulg‘ayishlarini, ilm-ma’rifatda ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlarini nasib etsin!
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.