Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

O'zbek-afg'on ulamolari davra suhbati muvaffaqiyatli o'tdi

21.05.2021   1630   4 min.
O'zbek-afg'on ulamolari davra suhbati muvaffaqiyatli o'tdi

Bugun, 21 may kuni Afg'oniston islom respublikasi delegatsiyasining yurtimizga tashrifi doirasida Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Termiziyning hadis ilmi rivojiga qo'shgan hissasi” mavzusidagi davra suhbati bo'lib o'tdi.

Unda Afg'oniston Islom respublikasi oliy milliy yarashuv kengashi raisi maslahatchisi, Milliy birdamlik partiyasining Shimoliy hududlar bo'yicha rahbari Muhammad Muhsin Donesh, Balx viloyati haj va vaqf boshqarmasi boshlig'i Mahmud Doneshju Muhammad Bunyod, Afg'oniston shimoliy hududlari shia mazhabi ulamolar kengashi raisi Said Muhammad Said Muhsin Husayniy, Afg'oniston ulamolar kengashi a'zosi Abdulvahhob Abdulbosit Payg'omiy, yurtimizdan O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Diniy idora rais o'rinbosari O'tkir Hasanboyev, Halqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Akmalxon Shokirov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov, shuningdek, Afg'oniston fuqarolarini o'qitish ta'lim markazi o'qituvchi va talabalari, OAV vakillari qatnashdi.

Tadbirni Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov kirish so'zi bilan ochib, Termiziy ulamolarining merosini o'rganishda tadqiqot markazining ahamiyati haqida ma'lumot berdi.

Shundan so'ng O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov so'zga chiqib, ikki mamlakat ulamolarining uchrashuvi qadim ilmiy an'ananing davomi ekanini bayon qilib, “Imom Termiziyning hadis ilmiga qo'shgan hissasi” mavzusi ma'ruza qildilar.
Keyin Muhammad Muhsin Donesh so'zga olib, muhaddis olim Imom Termiziyni nafaqat o'zbek xalqi, balki butun bashariyat iftixoridir” deya ta'riflab, Termiziy ulamolarining islom tamaddumiga qo'shgan ulkan hissasi asrlar davomida dunyo xalqlari uchun ma'naviy ozuqa bo'lib, turli diniy ixtiloflar yuzaga chiqishining oldini olayotganini alohida qayd etdi.

Shuningdek, Balx viloyati haj va vaqf boshqarmasi boshlig'i Mahmud Doneshju Muhammad Bunyod Imom Termiziyning hadis ilmi rivojiga qo'shgan hissasi, olimning ustoz va shogirdlari haqidagi noyob ma'lumotlar bilan o'rtoqlashdi. U tarixdan Termiz shahrining islom tamaddunida ko'prik vazifasini bajarganini, ushbu an'anani tiklash yo'lida tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy nomidagi o'rta maxsus islom bilim yurtining faoliyatini yuqori baholadi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari O'tkir Hasanboyev so'zga chiqib, “Imom Termiziy merosining mazmun-mohiyatini ochib berish, uning tarbiyaviy ahamiyatini keng yoyish hamda xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot g'oyalardan himoya qilish, millatararo totuvlik, yaxshi qo'ni-qo'shnichilik fazilatlarini tushuntirish kabi masalalar bugungi kunning eng ustuvor vazifalari bo'layotgani, kelgusida o'zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, diniy-ma'rifiy mavzularga bag'ishlangan muloqotlarni ko'paytirish, Islom dinining “Jaholatga qarshi ma'rifat” g'oyalarini keng targ'ib etish zarurdirligini ta'kidladi.

Tadbirda O'zbekiston va Afg'oniston ulamolarining o'zaro ilmiy hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, unda Termizdagi Afg'oniston fuqarolarini o'qitish ta'lim markazi talabalari ham so'zga chiqib, ta'lim olishlari uchun qilingan imkoniyat va sharoitlar haqida gapirib berishdi.

Davra suhbati yakunida Afg'oniston va O'zbekiston diniy soha vakillari o'zaro esdalik sovg'alar ulashishdi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat

9.01.2025   6550   10 min.
Dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.

Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufr­ga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.

Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.

Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.

Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.

Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.

Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.

Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.

Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘sh­lash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.

Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.

Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.

Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.

Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.

Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.

Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, bosh­qa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.

Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.

Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val ja­moa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning ta­rafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.

Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.

Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini ayt­gan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘l­ganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.

Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.

Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mash­hur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:

«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).

Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».

«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi

Maqolalar