Ma'lumki, so'nggi yillar davomida mamlakatimizda sayyohlik jabhasini ravnaq toptirishga juda katta e'tibor qaratilmoqda. Bunda ziyorat turizmini rivojlantirish alohida o'rin tutadi, xabar bermoqda «Dunyo» AA.
O'zining boy tarixi, madaniyati, jahon tsivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo'shgan ko'plab olim va mutafakkirlari, betakror madaniy merosi, ko'hna me'moriy obidalari, pazandachilik va xalq amaliy san'atiga ega bo'lgan O'zbekiston ziyorat sayyohligi yo'nalishida ham ulkan salohiyatga ega ekani xalqaro miqyosda o'z e'tirofini topgan.
O'zbekiston Prezidentining «O'zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni mamlakatimizda sayyohlikning mazkur yo'nalishini rivojlantirish uchun huquqiy asos bo'lib xizmat qilmoqda.
Respublikamiz hududida turli dinlarga oid madaniy meros ob'ektlarining mavjudligi O'zbekistonda ziyorat turizmini keng targ'ib qilishga, bu yo'nalishda xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga sabab bo'layotgan muhim omillar sirasiga kiradi. Mamlakatimizdagi ziyorat turizmi uchun har jihatdan mos keladigan jami 622 ta madaniy meros ob'ektining 595 tasi islom diniga, 19 tasi nasroniylik, 8 tasi esa buddaviylik diniga mansubdir.
Mamlakatimiz hududida yashab ijod qilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshbandiy, Ho'ja Abduholiq G'ijduvoniy, musulmon olamidagi boshqa qator mashhur alloma va mutafakkirlar maqbaralari musulmon diniga e'tiqod qiladigan ko'plab sayyohlarning diqqat-e'tibori markazida bo'lgan qadamjolar hisoblanadi.
– O'zbekiston dunyo sayyohlari uchun muhim manzil bo'lgan diyordir, - deb ta'kidladi «Damga» gazetasi muhbiri Murat Palavar (Turkiya). - Mamlakat ziyoratchilarni jozibador muhiti bilan hayratga soladi. Feruza ranglar bilan jilolangan tarixiy masjidlar, madrasalar, tarix qa'riga eltuvchi karvonsaroylar har qanday sayyohni rom etishi tabiiy. Mamlakat turizm imkoniyatlari bilan bir qatorda asrlar osha sayqallashib kelayotgan milliy urf-odatlar va qadriyatlar ham mehmonlar e'tiborini tortadi.
Shuni qayd etish joizki, mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar o'zining amaliy samaralarini bermoqda. Bunga sabab bo'layotgan omillar esa talaygina.
Eng avvalo, yurtimizga ziyoratchi sayyohlarni jalb qilish bo'yicha qabul qilingan hujjatlarga binoan, qator mamlakatlarga vizasiz rejimning joriy etilganini qayd etish joizdir. Buning natijasida 2018-2019 yillarda O'zbekistonga Indoneziyadan kelgan sayyohlar soni 170 foiz, Malayziyadan 158 foiz, Turkiyadan 154 foiz va BAAdan 153 foizga o'sdi.
Shuningdek, halol turizm bo'yicha Singapurda joylashgan jahonning nufuzli tashkiloti bo'lgan “Crescent Rating” agentligi bilan 2018 yilda yaqindan hamkorlik yo'lga qo'yildi. Crescent Rating va Mastercard tashkilotlari tomonidan har yili e'lon qilindigan “Jahon musulmon sayyohlari indeksi” (Global Muslim Travel Index) reytingida mamlakatimiz 32-o'rindan 22-o'ringa ko'tarildi va Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlar orasida sayyohlarni jalb qilayotgan “eng jozibador” hamda “xavfsizlik va bag'rikenglik darajasi yuqori” bo'lgan 10 ta mamlakat qatoridan o'rin oldi.
“Crescent Rating” agentligi ma'lumotnomalarida qayd etilishicha, 2026 yilga qadar dunyo bo'ylab halol turizm yo'nalishida 230 million sayyoh bo'lishi taxmin qilinmoqda. “Pew Research Center” tadqiqot markazi 2050 yilga kelib dunyo aholisining deyarli 30 foizi musulmonlardan iborat bo'lishini hisoblab chiqqani ham nazarda tutilar ekan, mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish qay darajada muhim ekanligi yana bir bor ayon bo'ladi.
– Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-G'arbiy okrugi musulmonlari diniy idorasi va O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ziyorat turizmi, islom qadamjolarini ziyorat qilish yo'nalishidagi sa'y-harakatlar faol rivojlantirilmoqda, - dedi Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-G'arbiy mintaqasi musulmonlari diniy idorasi raisi shayx Ravil' hazrat Pancheev. – Shu ma'noda O'zbekiston o'zining tarixiy va muqaddas obidalari bilan alohida mavqega ega. Mamlakatingizda Buxoro, Samarqand, Hiva va boshqa ziyorat qilinadigan tabarruk shaharlar ko'p.
Mamlakatimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish va ushbu yo'nalishda xorijiy mutaxassislar tajriba almashish maqsadida 2019 yil 21-23 fevral' kunlari Buxoro shahrida I Halqaro ziyorat turizmi forumi o'tkazildi. Mazkur anjumanda 130 dan ziyod mamlakatning turizm hamda din sohasi olimlari va mutaxassislari ishtirok etdi. Forum tadbirlari dunyoning 20 dan ziyod OAV va internet tarmoqlari orqali keng yoritildi. Tadbir yakunida qabul qilingan “Buxoro deklaratsiyasi”da O'zbekiston ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida e'tirof etildi.
– O'zbekiston ochiq osmon ostidagi muzeyga o'xshaydi, - deydi Anqara universiteti Ilohiyot fakul'teti professori, moturidiyshunos olim So'nmez Kutlu (Turkiya). - Bu zaminda o'zingizni yolg'iz his qilmaysiz. Men O'zbekistonga borganimda o'zimni xuddi tug'ilib o'sgan Erzinjan viloyatida yurgandek his qildim. Mamlakatdagi har bir go'sha va an'analar qadrdondek, tanishdek tuyulaveradi. Men barcha do'stlarimga hech o'ylab o'tirmasdan O'zbekistonga borishni, ushbu yurtdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni tavsiya etaman.
Shu bilan birga, 2020 yilda Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha Islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan Buxoro “Islom olami madaniyati poytaxti” deb e'lon qilingani munosabati bilan onlayn shaklda ilmiy konferentsiya va muloqotlar ham o'tkazildi.
So'nggi yillarda xorijiy mamlakatlardagi tasavvuf yo'nalishi vakillarining yurtimizdagi “Yetti pir” va Naqshbandiya tariqatiga oid ziyoratgohlarga qiziqishi tobora ortib bormoqda. Malayziyada joylashgan “World Sufi Centre” jamiyati bilan birgalikda 2018-2019 yillarda an'anaviy tarzda o'tkazilgan Naqshbandiya festivaliga xorijdan 500 dan ortiq ishtirokchi keldi. Keyingi yillarda yanada ko'proq xorijiy sayyohni jalb qilish maqsadida ushbu ziyoratgohlarda keng ko'lamli qurilish va rekonstruktsiya ishlari olib borildi, ularda ziyorat amallarini bajarish uchun tahoratxonalar, zamonaviy informatsion texnologiyalar, sensorli infokiosklar o'rnatildi, yangi muzey va kutubxonalar, ovqatlanish shoxobchalari barpo etildi.
Shuningdek, mamlakatimizning boshqa sayyohlik ob'ektlarida ham ziyoratchilar uchun tegishli sharoitlar va qulayliklar yaratilmoqda. Mehmonxona va ovqatlanish maskanlarini “halol” sertifikatlash yo'lga qo'yildi. Respublikaning xalqaro aeroportlari va temir yo'l vokzallarida ibodat qilish va tahorat olish uchun maxsus joylar tashkil qilindi. Shu tariqa mustaqil ziyoratchilar yoki “Umra+” kabi katta guruhdan iborat sayyohlarni kutib olish imkoniyatlari yaratildi.
Mamlakatimizning Islom tsivilizatsiyasi markazi sifatidagi obro'-e'tiborini targ'ib etish bo'yicha ham xalqaro miqyosda e'tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Hususan, Dubay, Alan'ya, Qozon, Jakarta va Singapur shaharlarida o'tkazilgan ko'rgazma va konferentsiyalar doirasida, shuningdek, Turkiyaning «TRT Avaz», Indoneziyaning «Trans7», «NetTV», «SCTV», Malayziyaning «AlHijrah», Singapurning «HalalTrip» va boshqa xorijiy media-platformalar orqali targ'ibot ishlari amalga oshirildi. Natijada, “Mastercard-Crescentrating Halal Travel Frontier 2020” hisobotida islomiy merosni qayta tiklash orqali musulmonlar turizmi bozorida O'zbekiston yangi trendga asos solgan mamlakat sifatida butun dunyoga e'lon qilindi.
Afsuski, koronavirus pandemiyasi turizm sohasiga ham o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatdi. Shunga qaramasdan davlatimiz rahbariyati tomonidan pandemiya sharoitida mamlakatda turizm sohasini rivojlantirish va pandemiya bilan bog'liq muhitning yumshashi bilan mamlakatimizga sayyohlarning tashrifini jadallashtirish yo'nalishida tizimli ishlar olib borilmoqda. Hususan, ziyorat maqsadida tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun shart-sharoit va qulayliklar yaratish, turistik ob'ektlarni qayta ta'mirlash, halol ovqatxona va yashash joylarini yaratish, sayr qilish hududlarini tayyorlashga katta e'tibor qaratilmoqda.
Yana bir muhim jihat. Mamlakatimizda ziyorat turizmini izchil ravishda rivojlantirish maqsadida turli mamlakatlar musulmonlari, ya'ni salohiyatli ziyoratchilarning mamlakatimizning muqaddas joylari to'g'risidagi xabardorligini oshirishga ham katta e'tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda O'zbekistonning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalarida muntazam ravishda keng ko'lamdagi targ'ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Hususan, viza tizimi bekor qilingan qator mamlakatlarda targ'ibot ishlarini jadallashtirish maqsadida “O'zbekistonnning turizm brendi elchisi” instituti joriy etildi. Unga muvofiq, Hay Davidov (Isroil), Sofi Ibbotson (Buyuk Britaniya), Maxd Asri Zainal Abidin (Malayziya), Hasib Ur Rahmon (Pokiston), Eko Shri Margianti (Indoneziya) turizm elchisi va ziyorat turizm elchisi maqomiga ega bo'ldi. Ular o'z mamlakatlarida O'zbekistonning ijobiy imijini targ'ib qilish, mahalliy ommaviy axborot vositalarida turli maqola va interv'yular chop etish hamda yurtimizga sayyohlarni jalb etishga xizmat qiladigan boshqa muhim ishlarni amalga oshirmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda komil ishonch bilan aytish mumkinki, O'zbekiston turizmning barcha yo'nalishlarini rivojlantirish va xorijiy sayyohlarni jalb bo'yicha dunyoda etakchi mamlakatlardan biriga aylanmoqda. Sayyohlik jabhasi doimiy izlanish, investitsiya kiritish, zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanishni talab etadi. Shu bois O'zbekiston uchun ushbu strategik muhim bo'lgan sohani yanada rivojlantirish, mamlakatimiz bag'rida joylashgan tarixiy va madaniy merosni ko'z qorachig'idek avaylab asrash favqulodda muhim ahamiyatga egadir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.