Kuni kecha O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiya markazi direktori Shoazim Minovarov feysbuk ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida umrining 50 yili davomida yiqqan shaxsiy kutubxonasidagi xorij va yurtimizdagi eng sara mualliflarning 6 mingga yaqin asarlarini Markaz kutubxonasiga topshirgani, ushbu xazinani yosh avlodga taqdim qilgani va buni boshqalarga o'rnak bo'lishi uchun e'lon qilgani haqida xabar berdi.
Ushbu xabarni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari juda iliq qarshi olib, uning sharhiga ko'plab ijobiy fikr-mulohazalarni yozib qoldirishdi. Jumladan, ularda yoshlarning ilm-ma'rifati oshishiga xizmat qiladigan bu xayrli tashabbus ulkan savob ish ekani, hatto ayrim foydalanuvchilar bundan namuna olib, Islom tsivilizatsiya markazi kutubxonasiga kitoblarini topshirish istagini bildirgan.
Darhaqiqat, bu xayrli ish katta fidoyilikdir. Sababi kishi yillar davomida mashaqqat bilan to'plagan, shaxsiy kutubxonasidagi minglab qadrli kitoblarni kelajak avlod foydasi uchun hadya qilishga hamma ham jur'at qilavermaydi.
Alloh taolo ushbu tashabbus va hadyani dargohida qabul qilib, ajrini ko'paytirib bersin, ana shunday xayrli ishlar ma'rifatga oshno xalqimiz orasida bardavom bo'laversin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati