Muqaddas Islom dinida birov bilan so'kishish, urishish, janjal qilish gunoh hisoblanadi. Bandachilik bilan gunohkor bo'lib urishib, janjallashganlarning bir-biriga adovat saqlab arazlashib yurishlari gunoh ustiga gunohdir. Jaxli chiqqanda o'ziga kelishi uchun urishgan taraflarga uch kun muhlat berilgan. O'sha muhlatdan keyin ham arazlashib, bir-birini ko'rganda yuz o'girib ketishlik xalol emas. O'rtada yuzaga kelgan noqulay holatdan chiqishni o'z bo'yniga olib qarshi tomonga birinchi salom bergan odam yaxshi odam bo'ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mo'min mo'mindan uch kundan ortiq arazlashi halol emas. Agar u uch kunni o'tkazgan bo'lsa, o'sha bilan uchrashib, salom bersin. Agar uning salomiga alik qaytarsa, ikkilari ajr (savob)ga sherik bo'ladilar. Agar salomga alik qaytarmasa, u gunohni o'ziga olgan bo'ladi. Musulmon esa arazlashdan chiqadi», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan.
Yana o'sha kishidan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmonga o'z birodaridan uch kundan ortiq arazlash halol emas. Kim o'shandan ortiq arazlab turib o'lib qolsa, do'zaxga kiradi», dedilar».Abu Dovud rivoyat qilgan.
Abu Ayyub Ansoriydan rivoyat qilinadi:
"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmonga o'z birodaridan uch kundan ortiq arazlab yurishi halol emas. Uchrashganlarida unisi ham yuz o'giradi, bunisi ham yuz o'giradi. Ularning yaxshisi avval salom berganidir", dedilar".
Arazlashgan ikki kishi ko'chada uchrashib qolib, bir-biridan yuz o'girib o'tib ketishi xalol emas. Mana shu ikki kishining kay biri avval salom bersa, shunisi yaxshirog'i bo'ladi.
Abu Dardodan rivoyat qilinadi: “Payg'ambarimiz sollalloxu alayxi vasallam:
«Sizlarga namoz, ro'za va sadaqadan ham afzalroq darajani aytib beraymi?» dedilar.
«Ha! Aytib bering!» deyishdi.
«Ikki tomonning orasini isloh qilish. Ikki tomonning orasini buzish qiruvchidir», dedilar».
Sharh: Urishib qolgan tomonlarning orasini isloh qilishning darajasi nafl ro'za tutgandan, nafl namoz o'qigandan, nafl sadaqa qilgandan yuqoridir.
Ikki tomonning orasi buzilishi halokatga olib boradigan narsadir. Bu xuddi ustara sochni qirgandek, jamiyatni qirib, rasvo qiladigan narsadir.
Buning aksi, ya'ni arazlashib, janjallashib qolgan tomonlarning orasini isloh qilish esa yuksak darajadagi savobli ishdir.
Har birimiz arazlashish va qarindoshlardan uzoqlashish, gina-adovat, nafrat, adovatni avj oldiruvchi shaytonning fitnasidan panoh tilashimiz lozim. Alloh mo'minlarning qalbini iymon bilan pokladi. Qur'on va sunnatda bayon qilingan odoblar kishining qalbidan shaytonning nasibasini chiqarib tashlaydi. Qur'on va sunnat musulmonlarni yaqinlariga nisbatan ishonchda bo'lishi uchun bir-birlariga o'zaro muhabbat va mehr-oqibat izhor qilishga buyurdi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mo'min kishi bir-biridan uch kundan ortiq arazlashib yurishi joiz emasligini marhamat qiladilar. Zero, gina-araz yaqin kishilar o'rtasida mehr-oqibat yo'qolishiga olib keladi. Shaytonga mo'minlar orasida nizo solishi uchun qulay fursat tug'iladi. Musulmonning araz qilishi uch kecha-kunduzdan ortiq bo'lsa, bu ish gunohi kabiradir. Chunki bu odamlarning orasi buzilib ketishiga olib keladi. Shuning uchun uch kundan keyin salomlashib, yarashib olish buyuriladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: "Allohga qasamki, to mo'min bo'lmaguningizcha jannatga kira olmaysizlar. To bir-biringizga mehr-muhabbatli bo'lmaguncha mo'min bo'la olmaysizlar. Agar amal qilsangiz, o'rtalaringizda muhabbat paydo qiladigan narsani aytib beraymi - oralaringizda salomlashishni yoyinglar" (Buxoriy va Abu Muslim rivoyatlari).
Kimdir oila davrasida ko'p erkalik ko'rganidan, ulg'ayganida ham unga hamma joyda shunday munosabatni kutadi. Ammo hamma ham birovning erkaligini ko'taravermaydi. Shunday ekan, har narsaga arazlab, yaqinlari bilan necha kunlab gaplashmay yurish mo'minning ishi emas. Allohga xush kelmaydigan bunday ishlardan tiyilaylik. Shunda yaqinlarimiz hurmatiga sazovor bo'lib, osuda hayot kechiramiz.
Odiljon Narzullayev
Yangiyo'l tuman Imom Sulton jome' masjidi imom xatibi
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV