2021 yil 21 may kuni Afg'oniston Islom Respublikasi delegatsiyasining O'zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida diniy soha vakillari bilan uchrashuv boshlandi.
Tadbir doirasida Afg'oniston Islom Respublikasi Oliy milliy yarashuv kengashi raisi maslahatchisi, Milliy birdamlik partiyasining Shimoliy hududlar bo'yicha rahbari Muhammad Muhsin Donesh, Balx viloyati haj va vaqf boshqarmasi boshlig'i Mahmud Doneshju Muhammad Bunyod, Afg'oniston shimoliy hududlari shia mazhabi ulamolar kengashi raisi Said Muhammad Said Muhsin Husayniy, Afg'oniston ulamolar kengashi a'zosi Abdulvahhob Abdulbosit Payg'omiy, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari O'tkirbek Hasanboyev Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurullo Umarov, ommaviy axborot vositalari va boshqalar ishtirok etishmoqda.
Dastavval, martabali mehmonlar Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy o'rta-maxsus ta'lim muassasasi faoliyati, yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi.
Anjumanni o'tkazishdan asosiy maqsad ajdodlarimizning ma'naviy merosini chuqur o'rganish asosida yoshlarda sog'lom dunyoqarashni kuchaytirish, ularni azaliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, islom dini ravnaqi hamda Islom tsivilizatsiyasi rivojiga benazir hissa qo'shgan Muhammad Hakim Termiziy, Imom Termiziy, Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy, Varroq Termiziy va boshqa termiziylarning olamshumul ahamiyatga molik diniy-ma'naviy merosini o'rganishga bag'ishlangan bugungi tadqiqotlar natijalarini umumlashtirish hamda ularning navbatdagi bosqichida dolzarblik kasb etayotgan vazifalarni belgilab olishdan iborat.
Ayni damda markazning kichik majlislar zalida uchrashuv davom etmoqda.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi MATBUOT HIZMATI
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati