Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

E'tiqod durdonalari: TILI VA QALBIGA HAQ JORIY BO'LGAN INSON (Umar roziyallohu anhu)

20.05.2021   3898   11 min.
E'tiqod  durdonalari: TILI VA QALBIGA HAQ JORIY BO'LGAN INSON  (Umar roziyallohu anhu)

 

TILI VA QALBIGA HAQ JORIY BO'LGAN INSON

36- وَلِلْفَارُوقِ رُجْحَانٌ وَفَضْلٌ     عَلَى عُثْمَانَ ذِي النُّورَينِ عَالِى

 

Ma'nolar tarjimasi:

Faruq (roziyallohu anhu) oliy Usmon zinnuroyn (roziyallohu anhu)dan ortiq va afzal bo'lgan.

 

Nazmiy bayoni:

Faruqning ustunlik, ortiqligi bor

Bo'lsa ham Zinnuroyn, oliy fidokor.

 

Lug'atlar izohi:

لِ – “shibhi mulk” (mulk ko'rinishidagi) ma'nosida kelgan jor harfi.

الْفَارُوقِ – jor majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabar.

رُجْحَانٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

فَضْلٌ  – ma'tuf.

عَلَى – “isti'lo” (ustun bo'lish) ma'nosidagi jor harfi.

عُثْمَانَ – jor majrur  رُجْحَانٌva فَضْلٌ ga mutaalliq.  

النُّورَينِ ذِي – majrur ismga sifat bo'lgani uchun ي harfi bilan e'roblanib turibdi.

عَالِى – sifatning sifati.  

 

Matn sharhi:

Abu Bakr roziyalohu anhudan so'ng valiylarning ulug'i Umar roziyallohu anhu hisoblanadi. Umar roziyallohu anhuning nasabi quyidagicha bo'lgan: Umar ibn Hattob ibn Nufayl ibn Abduluzzo ibn Riyoh ibn Abdulloh ibn Qurut ibn Rizoh ibn Adiy ibn Ka'b ibn Lu'ay. Kunyasi Abu Hafs bo'lgan. Umar roziyallohu anhu nubuvvatning oltinchi yilida Islomni qabul qilgan. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga o'ttiz to'qqizta erkak va bitta ayol kishi Islomga kirgan edilar. So'ngra Umar Islomga kirdi va ular qirqta bo'ldilar. Shunda Jabroil alayhissalom ushbu oyatni olib tushdi:

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِيُّ حَسۡبُكَ ٱللَّهُ وَمَنِ ٱتَّبَعَكَ مِنَ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ٦٤

“Ey Payg'ambar! Sizga va Sizga ergashgan mo'minlarga Alloh kifoyadir”[1].  

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo haqni Umarning tili va qalbiga joriy qilgan, u Faruqdir, Alloh taolo uning vositasida haq bilan botil orasini ajratdi”, – deganlar. Abu Umar Zakvondan rivoyat qilinadi: “Oishaga Umarni kim Faruq deb nomlagan”, – dedim. U: “Nabiy alayhissalom nomlaganlar”, – dedi”.

 

Umar roziyallohu anhu asos solgan ishlar

Umar roziyallohu anhu ko'plab ulug' ishlarga asos solgan:

– Birinchi bo'lib hijratning o'n oltinchi yili rabiul avval oyida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Makkadan Madinaga hijrat qilgan yillaridan boshlanadigan hijriy yil hisobiga asos solgan;

– Birinchi bo'lib Qur'oni karimni sahifalarga jamlashga yo'l boshlagan;

– Birinchi bo'lib taroveh namozining jamoat bo'lib o'qilishini yo'lga qo'ygan;

– Birinchi bo'lib Kufa, Basra, Shom, Misr va Musil kabi shaharlarning barpo etilishiga asos solgan;

– Birinchi bo'lib shaharlarda odamlarning ishlarini ajrim qilish uchun qozilarni tayin qilgan;

– Birinchi bo'lib devon, ya'ni ro'yxat qilish ishlarini yo'lga qo'ygan;

– Birinchi bo'lib Misrdan kemalarda oziq-ovqat mahsulotlarini keltirishni yo'lga qo'ygan. 

 

Umar roziyallohu anhuning oilalari

  1. Zaynab binti Maz'un. Bu ayolidan Abdulloh, Abdurrahmon (kattasi)[2], Hafsa roziyallohu anholar tug'ilgan.
  2. Ummu Kulsum binti Ali ibn Abi Tolib roziyallohu anho. Bu ayoli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nevaralari, ya'ni Fotima roziyallohu anhoning qizlari bo'lgan. Ushbu ayollaridan Zayd (kattasi) va Ruqoyya ismli farzandlari tug'ilgan.
  3. Ummu Kulsum binti Jarval. Bu ayolidan Zayd (kichkinasi) va Ubaydulloh ismli farzandlari tug'ilgan. Umar roziyallohu anhu bilan Ummu Kulsum binti Jarvalning oralarini Islom ajratgan.
  4. Jamila binti Sobit. Bu ayolining oldingi ismi Osiya bo'lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Jamila deb o'zgartirganlar. Bu ayollaridan Osim ismli farzandi tug'ilgan.
  5. Luhayya. Bu ayol “ummu valad”i bo'lgan. Bu ayoldan Abdurrahmon (o'rtanchasi) ismli farzandi tug'ilgan. Ushbu Abdurahmonning laqabi Abul Mujbir bo'lgan.
  6. Ummu valad cho'rilari. Bu ayolning ismini ba'zilar Fakiha bo'lgan deyishgan, lekin ba'zilar Fakiha boshqa cho'risi bo'lgan, deyishgan. Bu cho'risidan Abdurrahmon (kichigi) ismli farzandi tug'ilgan.
  7. Ummu Hakim binti Horis ibn Hishom. Bu ayolidan Fotima ismli qizi tug'ilgan.
  8. Fakiha. Bu ayol yamanlik bo'lib, Umar roziyallohu anhuning “ummu valad”i bo'lgan. Bu cho'ridan Zaynab ismli qizi tug'ilgan. Zaynab Umar roziyallohu anhuning eng kichik farzandi bo'lgan.
  9. Otika binti Zayd. Bu ayolidan Iyoz ismli farzandi tug'ilgan.

Albatta, ushbu ayollarning to'rttadan ko'pi bitta nikohda jamlanmagan. 

 

Umar roziyallohu anhuning fazllari

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu shunday degan: Umar ibn Hattob to'rtta ishda insonlardan afzal bo'ldi:

  1. Badr kuni asirlar to'g'risida aytgan fikri to'g'ri ekani Qur'on oyatlari bilan sobit bo'ldi:

﴿لَّوۡلَا كِتَٰبٞ مِّنَ ٱللَّهِ سَبَقَ لَمَسَّكُمۡ فِيمَآ أَخَذۡتُمۡ عَذَابٌ عَظِيمٞ٦٨

“Agar Allohning (taqdirda xatoni kechirishi to'g'risidagi) bitigi bo'lmaganida, albatta, sizlarga olgan (tovon)laringiz uchun ulkan azob etgan bo'lur edi”[3].      

  1. Hijob to'g'risida aytgan gapi Qur'on oyatlari bilan tasdiqlangan. Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollariga yopinchiqqa o'ranishlarini buyurgan edi. Shunda Zaynab roziyallohu anho: “Ey Hattobning o'g'li, bizning uyimizga vahiy tushib turgan bo'lsa-yu, sen bizga buyruq qilasanmi”, – dedi. Ko'p o'tmay quyidagi oyatlar nozil bo'ldi:

﴿ وَإِذَا سَأَلۡتُمُوهُنَّ مَتَٰعٗا فَسۡ‍َٔلُوهُنَّ مِن وَرَآءِ حِجَابٖۚ

“Qachonki, sizlar ulardan (payg'ambar ayollaridan) biror narsa so'rasangiz, parda ortidan so'rangiz!”[4]

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u haqida shunday duo qilganlar: “Ey Allohim, Islomni Umar bilan quvvatlagin”.
  2. Abu Bakr roziyallohu anhu to'g'risidagi fikri bilan. Bu zot Abu Bakr roziyallohu anhuga birinchi bo'lib bay'at qilib katta fitnaning oldini olgan edi”.

Umar roziyallohu anhuning xalifalikka saylanishi Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning yozma ravishdagi vasiyatiga binoan bo'lgan. Tarixda “Umari odil” deya nom qoldirgan bu zot milodiy 644 yilda namoz o'qib turgan paytida majusiy qul Abu Lu'lu'aning suiqasdi tufayli qattiq yaralangan va o'sha kuni kechqurun vafot etgan. Yoshi oltmish uchda bo'lgan. Vasiyatiga binoan Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhularning yonlariga dafn qilingan.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

FARIShTALAR HAYo QILGAN INSON

 

[1] Anfol surasi, 64-oyat.

[2] Umar roziyallohu anhuning Abdurrahmon ismli uchta, Zayd ismli ikkita o'g'illari bo'lgan.

[3] Anfol surasi, 68-oyat.

[4] Ahzob surasi, 53-oyat.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

7.01.2025   3208   2 min.
Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!

Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV