Quds, bu – ikki qiblaning birinchisi, uchta haramning bittasi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning tunda sayr (isro) qilgan erlari. Ushbu kalima poklik, beg'uborlik va sharaflilikni anglatadi. Zero, asrlar osha muqaddas shahar, payg'ambarlarning vatani siftida ulug'langan, Alloh taolo Qur'onning bir nechta o'rnida muborak va muqaddas deya vasf qilgan makondir. Ibrohim alayhissalom haqida: “Unga hamda Lutga najot berib, (ularni) Biz barcha olamlar uchun muborak qilgan er (Shom)ga (yubordik)” (Anbiyo, 71), Sulaymon alayhissalom haqida: “Sulaymonga esa bo'ronli shamolni (bo'yin sundirib), uning amri bilan Biz muborak qilgan zamin (Shom) sari esadigan (qilib qo'ydik). Biz barcha narsani biluvchidirmiz” (Anbiyo, 81), Muso alayhissalomning tillaridan: “Ey, qavmim! Alloh sizlar uchun bitib (yozib) qo'ygan muqaddas er (Baytul-Maqdis)ga kiringiz va ortingizga qaytib ketmangizki, ziyon ko'ruvchilarga aylanib qolursiz” (Moida, 21), Payg'ambar alayhissalomning isro voqealari haqida: “(O'z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo''jizalarimizdan ko'rsatish uchun (Makkadagi) Masjidi Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidi Aqsoga tunda sayr qildirgan zotga tasbeh aytilur. Darhaqiqat, U Same' (eshituvchi) va Basir (ko'ruvchi)dir” (Isro,1), deya zikr etilgan.
Quds, bu payg'ambarlikning beshigi, Allohning rasullari chiqqan, Allohning barcha payg'ambarlari kirgan, biror bir payg'ambar yo'qki u erda imomlik qilmagan bo'lsa, so'ngi payg'ambar Muhammad sallallohu alayhi vasallam Isro kechasida barcha payg'ambarlarga namozda imomlik qilgan muborak joy.
Masjidul Aqso zamon nuqtai nazaridan Masjidul Harom bilan barobardir. Abu Zar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi Rasulullohdan: Yo Rasululloh! Qaysi masjid birichi qurilgan? – deb so'radilar. Masjidul Harom, - deb javob berdilar. So'ngra qaysi? - deb so'radilar. Masjidul Aqso, - deb javob berdilar. Ularning orasi qancha bo'lgan? – deb so'radi. Qirq yil, dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Payg'ambar alayhissalom dedilar: “Faqat uchta masjidgagina qasd qilib boriladi: Masjidul haromga, masjidunnabaviyga va masjidul Aqsoga” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Quds, er yuzidagi eng qadimiy shaharlardan. Uning paydo bo'lishi meloddan oldingi besh minginchi yilga borib taqaladi. O'tgan davr mobaynida ushbu shahar o'n sakkiz marta vayron qilinib, qayta tiklangan. Qudsga arab jazirasida yuzaga kelgan Yabusiy arablari asos solganlar. Shaharni barpo qilishgach, unga Salom (tinchlik) shahri deb nom berganlar.
Muarrixlarning fikricha, Qudsning tub aholisi asl Kan'oniylar sanaladi. Ularning tillari ham kan'oniy tili bo'lgan. Bobilning fathidan so'ng ularga fors tili ham rasmiy til sifatida qo'shilgan.
Masjidul Aqso Alloh taologa ibodat qilish uchun er yuzida bino qilingan Masjidul Haromdan keyingi masjid sanaladi. Shuning uchun ham o'tgan payg'ambarlarning hammalari u erda namoz o'qishga qayta qayta borganlar. Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytadilar: Baytul Maqdisni payg'ambarlar bino qilganlar, u erda biror qarich er yo'qki, birorta payg'ambar sajda qilmagan yoki farishta qadam bosmagan bo'lsa (Al-unsul halil bitarixil quds valxalil).
Masjidul Aqsoni bino qilingani haqida so'z ketganda ulamolar va muarrixlar avval boshda uni kim bino qilganligi haqida ixtilofga beriladilar. Ba'zilar, ikkala masjidni (Masjidul Harom va Masjidul Aqsoni) Odam alayhissalom bino qilganlar, deydilar. Ushbu fikrni alloma Ibnul Javziy aytganlar va Hofiz ibn Hajar rahimahulloh buni quvvatlaganlar. Bunga Ibn Hishomning Tiyjon kitobida keltirgan rivoyatini dalil qilganlar. Unda aytilishicha: Odam alayhissalom Ka'bani bino qilib bo'lganlaridan keyin Alloh taolo u kishiga Baytul Maqdis tomonga borishga va uni bino qilishga amr etdi. Odam alayhissalom uni bino qildilar va unda ibodat qildilar. Ushbu gap eng kuchli gapdur, deganlar Ibn Hajar “Fathul boriy”da. Shunga binoan, demak Masjidul Aqsoga asos solgan zot Odam alayhissalom yoki u kishining birorta o'g'illaridir. Chunki, bu ikki masjidning bino qilinishi orasidagi muddat bor yo'g'i qirq yil faqat.
Ikkinchi toifa ulamolarning gapiga ko'ra, Masjidul aqsoga asos solgan zot Ibrohim alayhissalomdir. Ma'lumki, Masjidul Haromni bino qilgan zot Ibrohim alayhissalom ekanligi borasida Qur'oni karimda dalil bor. Demak, Ka'bani qurganligi oyat bilan sobit bo'lgan ekan, Masjidul Aqsoni ham bino qilganligi ehtimoli yuqoridir. Chunki, bu ikki masjidning qurilish davri bir biriga juda yaqindir. Ushbu fikrni Shayx Ibn Taymiya o'zining Fatvolar to'plamida qo'llab: Masjidul Aqsoda Ibrohim alayhissalom davridan boshlab barcha payg'ambarlar namoz o'qishgan, Masjidul Aqso Ibrohim alayhissalom davridan mavjud, degan.
Darhaqiqat, barcha payg'ambarlarning dini Islom, garchi ularning shariatlari turlicha bo'lsada, ularning barchasiga imon keltirmaguncha kishining imoni komil bo'lmaydi. Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qilgan: “Payg'ambar (Muhammad) o'ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo'minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg'ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi” (Baqara, 285).
Quds, musulmonlarning ikki qiblasidan birinchisi bo'lib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam va sahobalar Madinai Munavvarada turib o'n olti oy davomida unga yuzlanib namoz o'qiganlar. Nihoyat, qiblaning Masjidul Harom tomonga o'zgarganligi haqidagi oyat tushdi: “Goho yuzingizni (vahiy kutib) osmon bo'ylab o'girib turishingizni ko'rayapmiz. (Hotirjam bo'ling) Sizni o'zingiz rozi bo'ladigan qiblaga (Ka'baga) yuzingizni o'girtiramiz. Yuzingizni Masjidi Harom (Ka'ba) tomonga buring! (Ey, mo'minlar, sizlar ham) qayerda bo'lsangiz, yuzlaringizni o'sha tarafga buringiz!” (Baqara, 144).
Qiblaning Masjidul Aqsodan Masjidul Haromga o'zgarishi Qudsning islomiy muqaddasotlar qatoridan chiqargani yo'q, hali hanuz ikki qiblaning birinchisi va uchta haramning biri qatorida ulug'lanadi. Zero, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: “Masjidul Haromda o'qilgan bitta namoz yuz mingta namozga, mening masjidimda o'qilgan bitta namoz mingta namozga va Baytul Maqdisda o'qilgan bitta namoz besh yuzta namozga tengdir” (Majma'uz zavoid).
Homidjon Ishmatbekov,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.