O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi «Dunyo» axborot agentligi «O'zbekiston. Islom qadamjolari» turkumida suratga olingan Toshkentdagi «Hazrati Imom» majmuasida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mushafiga bag'ishlangan videorolik Kuvayt milliy televideniyesining madaniyat, ma'rifat va turizm sohalariga ixtisoslashgan «Isro» maxsus dasturida namoyish etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Kuvayt milliy televideniyesi bosh menejeri Marvan Jarbu “Dunyo” AAga bergan interv'yusida bunday dedi:
– Mamlakatingizning Kuvaytdagi elchixonasi bilan hamkorlikda Kuvayt milliy televideniyesining maxsus dasturlarida O'zbekiston to'g'risida, xususan, uning buyuk tarixi, asrlar davomida muborak dinimiz va dunyo tsivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan ulkan hissasi, boy madaniy va ilmiy salohiyatiga bag'ishlangan turkum teleko'rsatuvlar tayyorlashga qaror qildik.
Biz Markaziy Osiyoda joylashgan O'zbekistonning boy merosi ahamiyatini juda yaxshi bilamiz. O'zbekistonda islom tsivilizatsiyasining gullab-yashnashiga, din, ilm-fan, matematika va astronomiya va boshqa fanlarning taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan buyuk ulamolar etishib chiqqan. Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Horazmiy, Farg'oniy, Imom Termiziy, Zamaxshariy, Ibn Sino, Mirzo Ulug'bek, Zahiriddin Muhammad Bobur shular jumlasidandir.
Maqsadimiz O'zbekistonning va uning buyuk madaniy merosini mintaqamizda, xususan, Kuvaytda targ'ib qilishdan iborat.
Kuvayt milliy televideniyesi dasturida asl nusxasi Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mushafi to'g'risidagi videorolikni namoyish etdik. Ushbu bebaho merosni saqlab qolgan O'zbekiston xalqiga o'zimizning hurmat va ehtiromimizni bildiramiz. Mazkur ko'rsatuv Kuvayt sun'iy yo'ldoshlari orqali to'rt marotaba efirga uzatildi.
Ushbu videorolik ko'plab teletomoshabinlarga manzur bo'ldi va ulardan O'zbekiston to'g'risida ko'proq ma'lumot taqdim etishni so'rab murojaatlar kelmoqda. Bu murojaatlar bizni yangi dasturlarni yaratishga undamoqda. Ishonchim komilki, Kuvayt ommaviy axborot vositalarida O'zbekiston to'g'risida berib boriladigan ma'lumotlar mintaqamizda mamlakatingizni kengroq tanitish uchun muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
Arab ko'rfazi davlatlari aholisi sayyohat qilishni va xorijiy mamlakatlarga investitsiya kiritishni xush ko'radi.
Bizning televideniyemiz guruhi yaqin vaqtlarda O'zbekistonga ijodiy safar bilan borishni rejalashtirmoqda. Uning doirasida mamlakatingizning diniy, madaniy va sayyohlik yo'nalishlaridagi ulkan salohiyati, uning go'zal qadamjolari va boshqa sohalardagi keng imkoniyatlariga bag'ishlangan turkum videfil'mlar va ko'rsatuvlar suratga olinadi. Ishonchim komil, mazkur loyihalarimiz, o'z navbatida, ikki tomon uchun manfaatli bo'lgan investitsiyalarni O'zbekistonga jalb etishga ko'maklashadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati