Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Mart, 2025   |   18 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:12
Quyosh
06:30
Peshin
12:36
Asr
16:45
Shom
18:36
Xufton
19:49
Bismillah
18 Mart, 2025, 18 Ramazon, 1446

Quddusdagi vaziyat bo'yicha O'zbekiston musulmonlari idorasi munosabati

20.05.2021   2916   7 min.
Quddusdagi vaziyat bo'yicha  O'zbekiston musulmonlari idorasi munosabati

 

 Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga

behisob salavotu salomlarimiz bo'lsin.

 

Tinchlik buyuk ne'mat, inson hayotining birlamchi sharti. Shuning uchun ham qadimdan barcha xalqlar tinchlikni asrash uchun moli-yu joni bilan kurashib kelgan. Ammo voqelik tinchlikni ko'plab mamlakatlar uchun hali hanuz orzu bo'lib qolayotganini ko'rsatmoqda. Hozirda mamlakatlar osoyishtaligiga raxna soluvchi omillar turlicha, davlatlar o'rtasidagi nizoli vaziyatlar, milliy va etnik qarama-qashiliklar va hakozo.

Bugungi kunda dunyoning ayrim davlatlari amalga oshirayotgan turli niqoblar ostidagi zo'ravonlik, qo'poruvchilik va bosqinchilikka asoslangan hatti-harakatlar hech bir me'yorga to'g'ri kelmaydi. Davlatlar va xalqlar o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning umume'tirof etilgan umuminsoniy qoidalar va xalqaro huquqiy normalar asosida tashkil etilishi tinchlik va barqarorlikning eng muhim shartidir.

Bugungi tahlikali davrdagi shunday holatlar har bir aqli raso kishidan doimo ogohlik va xushyorlikni, sodir bo'layotgan hodisalarga ziyrak ko'z bilan qarashni talab etadi.

Tinchlik, omonlik va xotirjamlik shunchalik ulug' ne'matki, uning qadrini faqatgina shu ne'matdan, Hudo saqlasinki, mahrum bo'lganlargina to'liq anglaydi.

Kim o'lur holatga etsa, ul bilur jon qadrini.

Yo'qsa, shinam ko'chalarda bamaylixotir yurish qayoqda? Ona-Vatan bo'ylab hatto yarim kechada bo'ladimi, o'z qishlog'idami, yurtining xohlagan go'shasida bo'ladimi hadiksiz yurish qayoqda edi?

 Bu bebaho ne'matning ulug'ligidanki, hazrat Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam  hadisi shariflarida qayta-qayta ta'kidlaganlar. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallalohu alayhi va sallamning huzurlariga bir kishi kelib:

‒  Ey, Allohning Rasuli, duolarning qay biri afzalroq? –  deb so'radi.

–  Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so'ra, – javob berdilar janob Sarvari koinot sallalohu alayhi va sallam.

Ikkinchi kuni kelib yana:

–  Ey, Allohning Rasuli, duolarning qay biri afzalroq? –  deb so'radi.

–  Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so'ra, – javob berdilar yana.

Uchinchi kuni kelib yana:

–  Ey, Allohning payg'ambari, duolarning qay biri afzalroq? –  deb so'radi.

–  Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so'rayver. Bas  qachonki senga dunyo va oxiratda afv va ofiyat berilsa, batahqiq najot topibsan – javob berdilar janob Sarvari koinot sallalohu alayhi va sallam (Imom Termiziy rivoyati).

Shu kunlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi Sharqiy Quddusdagi mo'min-musulmonlar uchun eng tabarruk mintaqada notinchliklar davom etayotganidan jiddiy tashvishdadir.

Jahon hamjamiyati Falastin-Isroil muammosini xalqaro huquq normalariga muvofiq, tinch yo'l bilan hal etilishi zarurligini bot-bot ta'kidlamoqda. Zero, Islom dini – avvalo, tinchlik va do'stlikka, ahillik va birdamlikka hamda bag'rikenglikka da'vat etadi.

Al-Aqso masjidi Islom dini manbalarida keltirilgan uch muqaddas masjiddan biridir. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: “Ulovlar faqat uchta masjid tomongagina jihozlanadi: Masjidi Harom, mening ushbu masjidim va Masjidi Aqso”.

Quddus shahrida joylashgan muqaddas makon – Masjidi Aqso yoxud Baytul Maqdis Makkadagi Masjidul Haromdan keyin qurilgan eng qadimgi masjid. Ushbu tabarruk maskanlar mo'min-musulmonlar uchun doimo azizu mukarramdir.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni avval Masjidul Aqso tomonga yuzlanib o'qidilar. O'n uch yillik Makka davri to'liq shunday o'tdi. Madina shahriga hijrat qilganlaridan keyin ham mazkur masjid qiblalikda davom etdi. Faqat o'n olti oy o'tibgina qibla Makka shahridagi Haram tomon o'zgardi.

Manbalarda qayd etilishiga ko'ra, uni Odam alayhissalom barpo etgan. Zamonlar o'tib esa Ibrohim alayhissalom uni qayta tiklagan. Keyin Ishoq va Yoqub alayhissalomlar unga mas'ul bo'ldilar. So'ng Sulaymon alayhissalom tomonidan masjid yangidan qad rostlab hozirgi ko'rinishga keldi.

Isro kechasi Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Makka shahridan Quddusga – Aqso masjidiga sayr ettirdi. Bu haqida: “O'z bandasini tunda Masjidi Haromdan atrofini barakotli qilib qo'yganimiz Masjidi Aqsoga oyatlarimizni unga ko'rsatish uchun sayr ettirgan Zot (o'ziga noloyiq sifatlardan) pokdir” (Isro, 1).

Isro kechasi Nabiy alayhissalom Makkadagi Masjidi Haromdan chiqib, farishta Jabroil alayhissalom bilan Quddus shahriga bordilar. Masjidi Aqsoda barcha payg'ambarlarga imomlik qilib namoz o'qib berdilar.

Demak, Masjidul Aqso Islom dinining shior makonlaridan biri, ikki qiblaning birinchisi, uchta asosiy masjidlar sirasidan, musulmonlarga tegishli muborak maskan. O'z navbatida ushbu mintaqada boshqa din vakillari uchun ham tabarruk hisoblangan ziyoratgohlar mavjud. Shunday ekan mintaqada zo'ravonlik, jabru sitamga chek qo'yilishi hamda bundan buyon shafqatsizlik va qon to'kilishiga yo'l qo'ymaslik juda ham muhim hisoblanadi.

Zero, Islom dini insonlarga ozor berishdan qaytaradi. Nafaqat inson zotiga, balki, chumoliga ham ozor berish, hattoki, aziyat beruvchi biror so'z aytishdan ham qaytaradi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi hozirgi qaltis vaziyatda davlatlar, millatlar va elatlar o'rtasidagi nizolarni tinch yo'l bilan hal etish eng to'g'ri yo'l, deb hisoblaydi. Ayni vaqtda, mo'min-musulmonlarni mavjud voqelikni Quddusdagi vaziyat bilan bog'lagan holda noo'rin bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishga, noto'g'ri xatti-harakatlarga da'vat qilayotgan fitnalardan ehtiyot bo'lishga chaqiramiz.

Ta'kidlash joizki, Sharqiy Quddusdagi notinch vaziyat barchamizning dillarimizni og'ritdi, ruhoniyatimizni mahzun qildi. Bunday paytlarda mo'minning mo'mindagi haqqi duo qilishdir. Zero, duo najot va qalqondir. Yaratgan Parvardigordan iltijo qilib so'raymizki, butun dunyo, xususan musulmon olamida tinchlik va ofiyatni barqaror etsin, Yer yuzidagi barcha mo'min-musulmonlarga omonlik, nusrat va qalblariga sakinat ato etsin.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalb-til-amal zikri

17.03.2025   2028   3 min.
Qalb-til-amal zikri

Zikr arab tilida "eslash", "yodga olish" degan ma’noni anglatadi. Shariatimiz istilohida esa Allohni eslash, Uning buyukligini e’tirof qilish va bandaning Yaratganga bo‘lgan muhabbatini izhor etish demakdir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

"Meni zikr qiling, Men ham sizni yodga olaman. Menga shukr qiling va noshukurlik qilmang!" (Baqara surasi, 152-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham zikrning fazilatlari haqida ko‘plab hadislar aytganlar. Masalan: "Kim Allohni ko‘p zikr qilsa, Alloh ham uni eslaydi" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Islom ulamolari zikrni turli toifalarga ajratganlar. Quyida ularning ba’zilari keltiriladi:


Qalbiy zikr (botiniy zikr).
Bu zikr til bilan aytilmaydi, balki inson qalbida Allohni doimo eslab yurishi bilan amalga oshiriladi. Bu haqda Alloh taolo bunday deydi:

"Ular tik turganlarida ham, o‘tirganlarida ham va yonboshlagan hollarida ham Allohni zikr qiladilar…" (Oli Imron surasi, 191-oyat).


Lisoniy zikr (til bilan aytiladigan zikr).
Bu zikr til orqali Allohning ismlarini yoki Uning buyukligini madh etish orqali amalga oshiriladi. Masalan:

Tasbih (سبحان الله) – "Alloh pokdir";

Tahlil (لا اله الا الله) – "Allohdan boshqa iloh yo‘q";

Takbir (الله أكبر) – "Alloh buyukdir";

Tahmid (الحمد لله) – "Hamd (maqtov) Allohgadir".


Bu zikrlar haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"Subhanalloh, Alhamdulillah, Laa ilaha illalloh va Allohu akbar – bu so‘zlar osmon va yer oralig‘ini to‘ldiradi" (Imom Muslim rivoyati).

Qur’on tilovati ham zikr sanaladi. Alloh taolo Qur’onni zikr sifatida ta’riflagan:
"Bu (Qur’on) eslatmadir (zikrdir). Kim xohlasa, Parvardigoriga yo‘l tutar" (Muzzammil surasi, 19-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, boshqalarga o‘rgatganlaringizdir", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Duolar ham zikr hisoblanadi. Har qanday duo – Allohni zikr qilishning bir shaklidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ko‘p duolar qilganlar va ummatlarini ham bunga targ‘ib qilganlar.

Jamoat bilan qilinadigan zikr.
Zikr jamoat bilan qilinsa, uning ajri yanada ko‘p bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Bir guruh odamlar Allohning uylaridan biriga to‘planib, unda Allohning kitobini o‘qib va uni o‘zaro o‘rganib chiqishsa, ularning ustiga xotirjamlik nozil bo‘ladi, rahmat ularni qoplaydi va farishtalar ularni o‘rab oladi", deb marhamat qilganlar. (Imom Muslim rivoyati)


Amaliy zikr (ibodat bilan amalga oshiriladigan zikr).
Namoz, ro‘za, sadaqa, haj va boshqa ibodatlar ham zikrning bir shaklidir. Chunki bu ibodatlarni bajarish orqali inson Allohni eslaydi va Unga yaqinlashadi. Qur’oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

"Namozni ado et. Albatta, namoz (insonni) fahsh va yomon ishlardan qaytaradi. Allohning zikri esa, eng ulug‘idir" (Ankabut surasi, 45-oyat).

Zikr har bir musulmonning qalbini tiriltiradigan va uni Allohga yaqinlashtiradigan buyuk ibodatdir. Uni qalb bilan, til bilan, amaliy jihatdan va jamoat bilan ado etish mumkin. Zikr qilishga ko‘nikkan insonning qalbi munavvar bo‘ladi, hayoti tinch va huzurli bo‘ladi.

Alloh taolo bizni ham O‘zini doimo eslaydigan bandalaridan qilsin!

Abdulmalik ALIMOV,
4-kurs talabasi.