Bangladeshda Ginnesning rekordlar kitobiga kirish imkoniga ega noyob masjid qurib bitkazilmoqda.
Tangayl okrugida 201 gumbazli masjid va balandligi qariyb 140 metr bo'lgan minoraning qurilishi nihoyasiga etish arafasida.
Ushbu okrug markazidan 7 km uzoqlikda joylashgan Dakkxin Patxaliya qishlog'ining masjidi borasidagi g'oyani Bangladesh Bank xodimlari federatsiyasining sobiq prezidenti Rafiqul Islom 2012 yildayoq amalga oshirishni diliga tugib qo'ygan edi. Bunga esa qishloqdagi masjidga jamoatning sig'may qolgani sabab bo'ldi, qishloqdagilar tashabbusni qo'llab-quvvatladi.
Qurilish ishlari 2013 yilning yanvarida boshlandi va birinchi g'ishtni Rafiqul Islomning onasi Riziya Hotun qo'yib bergan edi. Rafiqul Islomning ukasi Abdul Qodirning aytishicha, hozirga kelib qurilish ishlarining 75 foizi tugallangan.
“Dunyoda chiroyli va katta masjidlar ko'p, biroq bizning masjidning farqi shuki, unda 201 ta gumbaz bor. Bilishimizcha, dunyoning hech bir masjidida gumbazlar bunchalik ko'p emas”, – deydi Abdul Qodir.
Qurilishi tugagandan keyin Dakkxin Patxaliya masjidida bir paytning o'zida 15 ming kishi namoz o'qishi mumkin bo'ladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan anjuman doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Misr Vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy, islom olamidagi nufuzli tashkilot Musulmon donishmandlar kengashi Bosh kotibi Muhammad Abdussalom hamda Ozarbayjon diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Ramin Alamshah o‘g‘li Mamedov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik hamda allomalar merosini tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda alohida qonun, qaror va maxsus farmonlar qabul qilingani, jamiyatimizda turli diniy konfessiyalar vakillari orasida ahil-inoqlik yanada mustahkamlangani va mo‘min-musulmonlar toat-ibodat qilishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi.
Martabali mehmonlar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yil sayin rivoj topib borayotganini ta’kidlashdi. Bugungi murakkab davrda mana shunday xalqaro hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish va anjumanlar tashkil etishning ahamiyati katta ekaniga urg‘u qaratildi.
Uchrashuvda tomonlar ilmiy tadqiqot, diniy ta’lim, zamonaviy fatvolar ishlab chiqish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va diniy soha xodimlari malakasini oshirish kabilarda hamkorlik qilishni kengaytirishga kelishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati