Habar berganimizdek, xorij davlatlari diniy idoralaridan kelgan takliflar asosida yurtimiz qorilari taroveh namozlarida Qur'oni karimni xatm qilib berish va diniy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazish uchun chet mamlakatlarda bo'lib turishibdi.
Jumladan, AQShdagi Turkiston – Amerika jamiyatining rasmiy taklifiga binoan Toshkent shahridagi “Ahmadjon qori” masjidi imom-xatibi Muhammadiy qori Ergashev Qo'shma shtatlarida;
Rossiya Federatsiyasi Uzoq sharq musulmonlari diniy idorasi taklifiga ko'ra, Toshkent shahridagi “To'lqin Akrom o'g'li” masjidi imom noibi Jamoliddin Qodirov va “Said Vaqqos ota” masjidi imom noibi Fazliddin Mamadaliyev Vladivostok va Janubiy Saxalin shaharlarida;
Ukraina musulmonlari idorasining taklifiga ko'ra, O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi Farrux qori Hudoyberdiyev Kiyev shahridagi masjidlarda mahalliy musulmonlar jamoati bilan taroveh namozlarida Qur'oni karimni xatm qilish, mazmunli diniy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazish uchun borgan edi.
Horijdagi mahoratli qorilarimizning O'zbekiston musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo'limiga xabar berishicha, Amerika, Rossiya va Ukrainadagi jome masjid va jamoat tashkilotlarida yurtimiz vakili sifatida xizmat safarida bo'lib turgan qorilarimiz Ramazon oyida masjid jamoatiga taroveh namozlarida imom bo'lib Qur'oni karimni muvaffaqiyatli xatm qilishgan.
Qorilarimiz taroveh namozi asnosi, iftorlik marosimlari va boshqa Ramazon tadbirlarida mahalliy musulmonlarga ma'rifiy suhbatlar uyushtirishgan. Ularda ikki mamlakatning yaxshilik yo'lidagi hamkorliklari, xalqimizning urf-odatlari, yurtimidagi ezgu ishlar haqida ma'lumotlar berildi. Natijada qorilarimiz faxriy yorlik va tashakkurnoma, mahalliy aholining duoi xayrlariga sazovor bo'lishdi. Hozirda qorilarimiz Vatanga qaytishga tayyorgarlik ko'rishmoqda. Tez orada mamlakatimizga etib kelishadi, inshoalloh.
Alloh taolo xorijdagi qorilarimizni hifzu himoyasida asrab, safarlarini bexatar qilsin, vatanimiz dovrug'ini ko'targan, xalqimizning ilmu zakovatini ko'rsatgan qorilarimiz ko'payaversin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qilganlarida oyatlarni ajratib-ajratib o‘qirdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiroatalarini oyat-oyat qilib ajratardilar: «Alhamdu lillahi Robbil-’alamin» deb, so‘ng vaqf qilardilar, «Arrohmanir-Rohiym» deb, so‘ng vaqf qilardilar» (Imom Termiziy, Imom Hokim rivoyati).
Ya’lo ibn Mamlakdan rivoyat qilinadi: «U Ummu Salama roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari haqida so‘radi. Shunda u kishi: «Sizlar qayoqdayu, u zotning namozlari qayoqda?! U zot namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganchalk uxlar, so‘ng uxlaganlaricha namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganlaricha uxlar edilar. To tongacha shunday bo‘lar edi», dedi-da, u zotning qiroatlarini maqtay ketdi. U zotning qiroatlarini maqtay turib: «Harfma-harf, aniq-aniq o‘qirdilar», dedi» Abu Dovud, Termiziy va Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.
Qatodadan rivoyat qilinadi: «Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday edi?» deb so‘raldi. Shunda u: «Cho‘ziq edi», dedi-da, keyin «Bismillahir-Rohmanir-Rohiym»ni «Bismillah»ni cho‘zib, «Ar-Rohman»ni cho‘zib, «Ar-Rohiym»ni cho‘zib o‘qib berdi». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mad – cho‘ziq unli bor o‘rinlarda madni aniq cho‘zib o‘qir edilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abdulloh ibn Abu Qaysdan rivoyat qilinadi: «Men Oisha roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida: «U zot qiroatni ichlarida qilarmidilar yoki jahriy (oshkora) qilarmidilar?» deb so‘radim. U: «Har qaysisini ham qilardilar. U zot (qiroatni) gohida ichlarida, gohida oshkora qilardilar», dedi» (Muttafaqun alayh).
Ummu Honiydan rivoyat qilinadi: «Men tunda yopig‘im ustida turib olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba oldidagi qiroatlarini eshitar edim» (Nasoiy va Ibn Moja rivoyat qilgan).
Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. «Yoki ular, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zlari yaralganlarmi?! Yoki ular yaratuvchilarmi?» oyatiga kelganda qalbim uchib ketay dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xuftonda «Vattiyni vaz-zaytun»ni o‘qiyotganlarini eshitdim. Biror kishidan u zotning ovozlaridan ko‘ra chiroyli ovoz eshitmaganman» Muttafaqun alayh.
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tuyalarida Qur’on o‘qib ketayotganlarini ko‘rdim. Fath surasini mayin qilib o‘qib ketayotgan ekanlar. Ohang qilib o‘qib ketayotgandilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Avs ibn Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga kech qolib chiqdilar. Biz: «Yo Allohning Rasuli, kech qolib ketdingizmi?» dedik. Shunda u zot: «Qur’ondan hizbim[1] qolib ketgan edi, o‘shani tugatmasdan chiqishni istamadim», dedilar. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qanday hizbga ajratar edilar?» deb so‘radik. Ular: «Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta (sura) va «Mufassal» hizbi», deyishdi» (Tabaroniy va Tahoviy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
[1] Hizb – bo‘lak degani bo‘lib, Qur’ondan har kun uchun vazifa sifatida ajratib olingan bo‘lakka nisbatan ishlatilgan. Mufassal – Qur’onning Hujurot surasidan boshlab oxirigacha bo‘lgan qismi.