O'mon Sultonligining «Oman Observer» gazetasida O'zbekistonda Ramazon oyining nishonlanishi to'g'risidagi «Iftorga o'zbek lazzati» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Jurnalist Yusuf Kabir tomonidan yozilgan material o'monlik o'quvchilarni O'zbekistonda Ramazon oyi bilan bog'liq urf odatlar, saharlik va iftorlik dasturxoniga tortiladigan milliy taomlar bilan tanishtiradi.
Muallifga ko'ra, muqaddas Ramazon oyi O'zbekistonda o'ziga xos ulug'vorlik va diniy qadriyatlar bilan o'tkaziladi. Ro'za tutish, iftorlik an'analari va madaniyati har bir o'zbek xonadonida hatto sobiq mustabid davrida ham saqlab qolingan.
«O'zbek xalqi bir vaqtlar o'zlarining diniy va milliy urf-odatlaridan mahrum bo'lgan edi. O'zbekiston mustaqil davlat, deb e'lon qilinganidan so'ng milliy urf-odatlar bilan birga diniy qadriyatlar ham qayta tiklandi, – deb yozadi muallif. – Shundan buyon Ramazon oyi mamlakat aholisi orasida katta ko'tarinkilik bilan o'tkaziladi. Mahalliy urf-odatlariga ko'ra, o'zbeklar iftorlik vaqtida o'z qo'shnilari bilan taom ulashadi. Bu an'ana, ayniqsa, hayit bayrami arafasida yanada ommalashidi. O'zbek oilasining yana bir o'ziga xos odati bor. Ya'ni har bir o'zbek xonadonida ro'za ochilishida oila boshlig'i duo qiladi hamda birinchi bo'lib taomga qo'l uzatadi. Bu qoida va tartib O'zbekistonning barcha mintaqalarida amalda».
Maqolada qayd etilishicha, o'zbek xonodonida yoziladigan dasturxon juda batartib. O'zbekistonliklarning eng sevimli taomlari – bu an'anaviy shirinliklar, nisholda, patir non, somsa, qandolat va, albatta, palovdir. Bularning barchasi O'zbekistonda Ramazon oyi davomida sevib tanavul qilinadi.
Materialda, shuningdek, o'zbek oshxonasining shoh taomi - palov va nisholdani tayyorlash usullari haqida ma'lumotlar o'rin olgan.
«Nisholda sog'liq uchun juda foydali va hazm qilishni engillashtiradi», - deyiladi nashrda.
Muallifning o'monlik o'quvchilarga tavsiya etishicha, o'zbek palovini tayyorlash uchun yaxshi guruch tanlash kerak. Qo'y go'shti, sabzi va piyoz asosiy masalliqlardan hisoblanadi. Sabzini uzun shaklda to'g'rash lozim.
«Agar siz palovni pishirishni eplagan bo'lsangiz, uni anor va turupdan tayyorlangan «Toshkent» salati bilan tanavvul qilib, ushbu taomning mazasidan zavq oling», - deb yozadi Yusuf Kabir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu yilning 12 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, masjidlar qurish, haj va umra, ishga joylashish, oilaviy munosabatlar, kitob chop etish, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati