Toshkentdagi Islom tsivilizatsiyasi markazida dunyodagi eng katta qo'lyozma Qur'oni karim sahifasini qo'lda ko'chirish ishlari yakuniga etdi. Bu haqda Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov ma'lum qildi.
Shoazim Minovarovning ma'lum qilishicha, ushbu sahifa Boysunqor Mirzo tomonidan otasi sulton Shohrux Mirzo uchun maxsus ko'chirilgan Boysunqur Qur'oni sahifasining biroz kattalashtirilgan takrori.
Sahifani markaz xattoti, Toshkent Islom instituti bitiruvchisi Najmiddin Fayoziy Nuriddin o'g'li 6 oy mobaynida ko'chirgan.
Maxsus qog'oz Yaponiyadan, bo'yoqlar Turkiyadan keltirilgan va sahifaga o'zbek oltini suvi bilan hal berilgan. Sahifa Islom tsivilizatsiyasi markazidagi Usmon Qur'oni uchun jihozlanayotgan xonaqohdan joy oladi.
Islom tsivilizatsiyasi markazi qo'lyozma Qur'on sahifasini Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish yuzasidan muzokaralar olib borishga kirishdi.
Bundan avval O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi qurilishi 2021 yilning oxirida yakunlanishi hamda Shavkat Mirziyoev Islom tsivilizatsiyasi markazining qurilish jarayonini ko'zdan kechirgani haqida xabar berilgandi.