Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446

Muborak vasiyatlar: Mayyitlarni yuvgin, ruhsiz jasadni yuvish ta'sirli nasihatdir; Janoza namozini o'qish; Ma'yus kishi Allohning panohida barcha yaxshiliklarga tayyor turadi.

11.05.2021   4582   39 min.
Muborak vasiyatlar: Mayyitlarni yuvgin, ruhsiz jasadni yuvish ta'sirli nasihatdir; Janoza namozini o'qish; Ma'yus kishi Allohning panohida barcha yaxshiliklarga tayyor turadi.

Mayyitlarni yuvgin, ruhsiz jasadni yuvish ta'sirli nasihatdir;

Janoza namozini o'qish;

Ma'yus kishi Allohning panohida barcha yaxshiliklarga tayyor turadi.

Mayyitlarni yuvgin, ruhsiz jasadni yuvish
ta'sirli nasihatdir

Barcha tirik jonzotlar, jumladan, inson ham, bir kun o'ladi. Alloh taoloning irodasi va amri bilan bandalarning jonlari jasadlaridan sug'urib olinadi. Ko'pchilik o'lim ilohiy taqdir ekanini unutib, sabablarning ortidan quvadi, kimlarnidir aybdor qilib, jazolashga urinadi. Bu o'rinda bilish muhim bo'lgan masala shuki, birovning o'limiga qasddan sababchi bo'lgan kishi jazolanishi, xato qilib sababchi bo'lganida esa, xun to'lashi shariat talablaridandir. Maqsadimiz bu masalani ochiqlash emas. Siz, azizlarga mayyitni yuvish va uning janozasini o'qish tartibini bayon etishdir.

Tajribali keksalarimiz kasal yotgan insonning o'limi yaqinlashganini Alloh taoloning tavfiqi bilan sezishadi va darhol bu haqda kasalning eng yaqin kishilarini ehtiyotkorlik va donolik bilan ogohlantirishga urinishadi. Shariat talabiga ko'ra, o'lim asarlari sezilib qolgan kimsa oldida nimalar qilish kerak? Dod-faryod solib, hammayoqni buzish kerakmi yoki otadan qolayotgan mol-dunyolarga ega chiqish uchun chora-tadbirlarni tezroq ko'rish kerakmi?! Yo'q! Bu esli-hushli, mo'min odamning ishi emas. Solih mo'min inson shariat ko'rsatmalariga quloq tutadi, vafot topayotgan kimsaning, xoh u otasi bo'lsin, xoh akasi bo'lsin, haqini poymol qilib qo'yishdan, Alloh taoloning oldida gunohkor bo'lib qolishdan qo'rqadi.

Dinimiz ko'rsatmalariga ko'ra, o'lim holatida bo'lgan kasal huddi qabrdagidek o'ng tomoni qiblaga qilib yotqiziladi va hayotida shioriga aylangan mahbub kalimasi – Kalimai shahodat uning oldida talqin qilinadi, ya'ni takrorlab turiladi. Chunki Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “O'liklaringizga (jon taslim qilayotganlaringizga) “La ilaha illalloh”ni talqin qilinglar”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Joni chiqqach, ko'zlari yumib qo'yiladi va iyagi boshi bilan qo'shib bog'lanadi. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Abu Salama vafot etganida ko'zlarini muborak qo'llari bilan yumib qo'yganlar.

Mayyitning o'limi haqida e'lon qilishning shariatga zid joyi yo'q. Chunki insonlar savob umidida janoza namoziga shoshiladi, mayyitni kafanlash, ko'tarib borish va dafn qilishda ishtirok etishadi. Bu ish yaxshilik va taqvo yo'lida o'zaro ko'maklashish hisoblanadi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Madinai munavvaraning bir chetida yashovchi miskin ayol haqida: “Agar u vafot qilsa, meni chaqiringlar”, deganlar. Mayyitning vafoti haqida yaqin qarindoshlari, tanishlari, mahalla-ko'y xabardor qilinishi kifoyadir. Mayyitning yaqinlari ko'chalarda jar solib, qichqirib, odamlarni chaqirishi maqbul ish emas. Chunki bu johiliyat odatlaridandir. Janozada hozir bo'lish farzi kifoya hisoblanadi, ba'zi musulmonlarning ado qilishi bilan qolganlar zimmasidan soqit bo'ladi. Yig'ilib olib, mayyit xonadonini g'ussaxonaga aylantirgan holda, uning yaqinlari tinchini buzib, azaxonlik qilish shariat ko'rsatmalariga muvofiq kelmaydi.

Mazhabimiz ulamolari so'zlariga ko'ra, mayyitni tez dafn qilish mustahab hisoblanadi. Bunga ular Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning quyidagi hadisini dalil qilishadi: “Vafot topganlaringizni shoshiltiringlar, agar u yaxshi kimsa bo'lsa, uni yaxshilikka tez eltgan bo'lasiz, agar yomon kimsa bo'lsa, bunday ahli do'zaxni o'zingizdan nari qilgan bo'lasiz”.

Vafot etgan kimsani dafnga tayyorlashda qilinadigan ishlarning birinchisi, uni yuvish – g'usl qildirish. To'rt mazhab ulamolarining barchasi nazdida, mayyitni yuvish vojibdir. Ushbu hukm hadis, ijmo va aqliy dalillar bilan sobit bo'lgan. Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmonning musulmon zimmasida oltita haqi bor: yo'liqqanida unga salom berishi, chaqirganida chaqirig'iga labbay deb javob qilishi, aksirib “Alhamdulillah” deganida “yarhamukalloh” deyishi, kasal bo'lganida undan xabar olishi, vafot etganida janozasiga ergashishi va o'zi uchun nimani yaxshi ko'rsa, birodari uchun ham o'sha narsani yaxshi ko'rishi”, dedilar. “Umdatul qoriy sharhu Sahihil Buxoriy” kitobida kelishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) haqlar qatorida vafot etganida yuvishni ham sanaganlar. Rivoyat qilinishicha, Odam (alayhissalom) vafot etganida u zot (alayhissalom)ni farishtalar yuvishgan va farzandlariga: “Bu o'liklaringizga qiladigan ishingizdir”, deyishgan.

Mayyitni yuvish ham uning janozasi kabi farz kifoyadir. Ya'ni, bu omma musulmonlarning vazifasi bo'lib, ba'zilar amalga oshirishi bilan barchadan soqit bo'ladi. Agar biror sabab bilan qaysidir bir musulmon yuvilmay ko'milsa, barcha musulmonlar gunohkor bo'ladi.

Mayyitni yuvishga tayyorlashda uning barcha kiyimlari echilib, avratlari bir bo'lak latta bilan berkitiladi va taxt ustiga yotqiziladi. Taxtning qiblaga nisbatan qanday qo'yilishi borasida ulamolarimizdan turli so'zlar kelgan. Keyingi ulamolarimiz nazdida, ularning to'g'rirog'i yuvish uchun qanday qulay bo'lsa, shunday qo'yishdir.

Inson avratiga qarash tirikligida ham, vafotidan keyin ham haromdir. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Tirikning ham, o'likning ham soniga qaramanglar”. Avratni to'sish uchun ishlatiladigan latta bo'lagi kindikdan to tizzagacha yopsa, kifoya. So'ng yuvuvchi bir bo'lak matodan qilingan qo'lqopini kiyib, mayyitning avratlarini yuvadi. Chunki birovning uyat joylarini ushlashning haromligi ularga qarashning haromligidan kattaroqdir. So'ng namoz uchun qilinadigan tahoratdek tahorat qildiriladi. Chunki Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qizlari Zaynabni yuvayotgan Ummu Atiyyaga: “O'ng tomonidan va tahorat qiladigan a'zolaridan boshlanglar”, deganlar. Mayyitning tahorati bilan tirik odamning tahorati o'rtasida bir qancha farqlar bor. Ular quyidagilar:

  1. Mayyit mazmaza (og'ziga suv olib g'arg'ara qilish) va istinshoq (burniga suv olib chayish) qildirilmaydi. Chunki mayyitda ushbu ikki ishning bajarilishi amri maholdir.
  2. Ikki oyog'i yuvilmaydi. Tiriklikda yuvindilar oyoq ostiga jamlanadi va yuvilgan oyoqni yana bulg'aydi. Mayyit esa taxtning ustida bo'ladi va barcha oqindilar pastga oqib ketadi.

Tahoratning qolgan amallari qanday bo'lsa, shundayligicha, o'z o'rinlarida amalga oshiriladi. Tahoratdan so'ng mayyitning boshi, soqollari xushbo'y sovun va kirni osonroq, yaxshiroq ketkazadigan boshqa kir yuvish vositalaridan foydalangan holda yuviladi. Biroq soch-soqollari taralmaydi. Oysha (roziyallohu anho) mayyitning sochlarini tarayotgan bir qavmni ko'rib, ularga: “Nima uchun o'liklaringizni peshona sochlaridan tortqilayapsiz?” dedi. O'likning sochini tarashdan qaytarishning mubolag'asi uchun “soch tarash” so'zi o'rniga “peshona sochlaridan tortish” so'zini ishlatdi. Yana shuningdek, mayyitning sochi taralganida undan tolalar to'kilishi mumkin. Mayyitni qanday o'lgan bo'lsa, shundayligicha ko'mish sunnatdir. Ayni shuning uchun ham mayyitning tirnoqlari, mo'ylovlari, soqollari va boshqa tuklari, garchi o'sib ketgan bo'lsa ham, olinmaydi, yulinmaydi. Bu ishlarning barchasi tirik paytida ziynat uchun qilinadi. Mayyitni esa ziynatlash shariatdan emas, balki uni poklash kerak. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning “O'liklaringizga nisbatan kelinlaringizga qiladigan ishlaringizni qilinglar” ma'noli hadisi shariflari, mayyitning badanidan biror narsani ketkazmasdan ziynatlash deb ta'vil qilingan.

Mayyit tahorat qildirilganidan so'ng chap tomoniga yonboshlatiladi va badanining o'ng tomoni taxtga tegib turgan joyigacha toza va pokiza, kirning osonroq ketishiga yordam beruvchi kir yuvish vositalari qo'shilgan suv bilan uch marta yuviladi. Zero, har bir yaxshi amalni o'ng tomondan boshlash sunnatdir. So'ng o'ng tomonga yotqiziladi va badanining chap tomoni ham taxtga tegib turgan joyigacha shu taxlitda uch marta yuviladi. Keyin mayyit o'tqiziladi va qorni engilgina silanadi. Agar najosat chiqsa, artiladi va u joy uch marta yuviladi.

So'ng agar najosat chiqsa va yuvilsa, qayta tahorat va g'usl qildirilmaydi. Kafan ho'l bo'lib ketmasligi uchun mayyit sochiq bilan artiladi.

Erkak kishi uch kiyim – izor, qamis va lifofa bilan kafanlanadi. Izor va lifofa boshdan oyoqqacha badanni o'raydigan – ikki tomondan bog'lash uchun bir qarich miqdorida uzun, qamis bo'yindan to oyoqqacha o'raydigan bo'ladi. Mayyitni kafanlash uchun avval lifofa, ustidan izor, uning ustidan esa qamis to'shaladi va mayyit uning ustiga yotqiziladi. Kafan bo'laklari alohida-alohida, avval chap, so'ngra o'ng tomonlari o'raladi. Agar kafan ochilib ketishi mumkin bo'lsa, bog'lab qo'yiladi.

 

Janoza namozini o'qish

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Barcha yaxshi va fojir kimsalarning janozalarini o'qinglar”, deganlar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan to bugungacha Islom ummati o'tganlariga janoza namozini o'qib kelmoqda. Yuqorida aytib o'tganimizdek, janoza namozi farzi kifoyadir, bir necha odamning ado etishi bilan barcha musulmonlardan soqit bo'ladi. Tajovuzkor va yo'lto'sarlarga qilmishlari bois janoza namozi o'qilmaydi. Chunki Ali (roziyallohu anhu) Nahravondagi tajovuzkorlarni yuvmagan va ularga janoza ham o'qimagan. Bu ishga biror sahoba e'tiroz bildirmagan. Ulamolarimiz fatvolariga ko'ra, o'lik tug'ilgan bolaga ham janoza o'qilmaydi. Agar ba'zi ofatlar sabab insonning jasadi parchalanib ketgan bo'lsa, jasadning yarmidan ko'pi topilmagunicha unga janoza o'qilmaydi. Umumiy a'zolarining yarmidan ko'pi topilganidagina janoza o'qish mumkin. Shuningdek, g'oyib mayyitga ham janoza o'qish, mazhabimiz ulamolari nazdida, mashru emas.

Janoza namozida imomlik qilishga, eng avvalo, sulton, so'ng qozi, so'ngra o'sha joyning tayinlangan imomi, keyin esa mayyitning yaqinlari haqlidir. Bu borada mayyitning vasiyatlari asos bo'lmaydi. Yurtimizning ba'zi joylarida o'limdan oldin janoza namozini kim o'qishi borasida vasiyat qilish odat tusiga kirgan. Hatto imomning o'zi ham mayyitning egalaridan janoza namoziga biror kishi vasiyat qilingan-qilinmaganligi haqida so'raydi. Janoza namozi o'likning haqi emas, bu borada vasiyat qilsa. Balki janoza namozi tiriklar zimmasidagi bajarishlari kerak bo'lgan farz amaldir. Unga imomlik qilish ishini ham shariat tayinlaydi. Imomlikka haqli bo'lish tartibini esa biz yuqorida sanab o'tdik.

Janoza namozida imom mayyitning, u xoh erkak, xoh ayol bo'lsin, ko'kragi to'g'risida turadi va to'rt takbirli janoza namozini o'qiydi. Birinchi, janoza namozini o'qishga niyat qilib, takbir aytib, quloq qoqadi, so'ng qo'llarini bog'lab, namozda o'qiladigan sanoni o'qiydi. Sano budir:

سُبْحَانَكاللَّهُمَّوَبِحَمْدِكوَتَبَارَكَاسْمُكوَتَعَالَىجَدُّكوَلَاإلَهَغَيْرُك

Ma'nosi: “Yo Alloh! Senga hamd aytib, nuqsonlardan pokligingni yod etaman. Isming maxluqlar sifatidan buyukdir. Ulug'liging yuksakdir. Sendan o'zga iloh yo'qdir”.

So'ng ikkinchi takbirni aytadi. Ushbu va keyingi takbirlarda quloq qoqilmaydi. Takbirlarda osmonga qarash qattiq gunohdir. Ikkinchi takbirdan so'ng namozlarda o'qiladigan salavotni ikkinchi “innaka hamiydum majiyd”gacha o'qiydi, ya'ni:

اللَّهُمَّصَلِّعَلَىمُحَمَّدٍوَعَلَىآلِمُحَمَّدٍكَمَاصَلَّيْتَعَلَىإبْرَاهِيمَوَعَلَىآلِإبْرَاهِيمَإنَّكحَمِيدٌمَجِيدٌاللَّهُمََّبَارِكْعَلَىمُحَمَّدٍوَعَلَىآلِمُحَمَّدٍكَمَابَارَكْتعَلَىإبْرَاهِيمَوَعَلَىآلِإبْرَاهِيمَإنَّكحَمِيدٌمَجِيدٌ

Ma'nosi: “Ey Parvardigor, Ibrohim va uning ahli oilasiga salavotlar yuborganingdek, Muhammad va u zotning ahli oilasiga ham salavotlar yo'lla. Albatta, Sen barcha hamdga loyiq buyuk Zotdirsan. Ey Parvardigor, Ibrohim va uning ahli oilasiga barakotlar berganingdek, Muhammad va u zotning ahli oilasiga ham barakotlaringni ato et. Albatta, Sen barcha hamdga loyiq buyuk Zotdirsan”.

Keyin uchinchi takbirni aytadi va kitoblarimizda mashhur bo'lgan janoza duosini o'qiydi, ya'ni:

اللَّهُمَّاغْفِرْلِحَيِّنَاوَمَيِّتِنَاوَشَاهِدِنَاوَغَائِبِنَاوَصَغِيرِنَاوَكَبِيرِنَاوَذَكَرِنَاوَأُنْثَانَااللَّهُمَّمَنْأَحْيَيْتَهُمِنَّافَأَحْيِهِعَلَىالْإِسْلَامِوَمَنْتَوَفَّيْتَهُمِنَّافَتَوَفَّهُعَلَىالْإِيمَانِ

Ma'nosi: “Ey Parvardigorim, bizning tiriklarimizning ham, o'liklarimizning ham, bu joyda hozir bo'lganlarimizning ham, hozir bo'lmaganlarimizning ham, kichiklarimizning ham, kattalarimizning ham, erkaklarimizning ham, ayollarimizning ham gunohlarimizni kechir. Ey Parvardigor, bizlardan kimga jon ato etsang, uni Islomda tiriltirgin, kimni vafot toptirsang, unga imonni hamroh qilgin!”

Duodan so'ng to'rtinchi takbirni aytadi va ikki tomonga salom beradi. Mazhabimiz ulamolari salomdan so'ng ma'lum bir duoni o'qishni ta'kidlamagan. Ba'zi ulamolar quyidagi mashhur qur'oniy duoni o'qish afzal deydi, ya'ni:

رَبَّنَاآتِنَافِيالدُّنْيَاحَسَنَةًوَفِيالْآخِرَةِحَسَنَةًوَقِنَاعَذَابَالنَّارِ

Ma'nosi: “Ey Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham O'zingning yaxshiliklaringni ato etgin va bizni do'zax azobidan saqlagin!”

Bizning yurtlarda esa janoza namozidan so'ng “istirjo'”, ya'ni:

إنَّالِلَّهِوَإِنَّاإلَيْهِرَاجِعُونَ

duosini aytish odat tusiga kirgan. Ma'nosi: «Albatta, barchamiz Allohnikimiz va Uning huzuriga qaytajakmiz».

Mayyitni dafn qilishga kelsak, qabr lahad qilib kavlanadi. Chunki Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Lahad qilib qazish bizdadir, erdan yoriq ochish esa o'zgalarning ishi”, deganlar. Avval chuqur qaziladi. Uning chuqurligi bel yoki ko'krak barobaricha bo'lishi mumkin, bundan ham chuqurroq bo'lsa, zarari yo'q, balki yaxshiroqdir. Keyin ushbu chuqurning yon tarafidan og'zi kichikroq, ichi keng, inson yotganida sig'adigan hujra qaziladi. Mana shu hujra lahad deb ataladi. Ulamolar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning yuqorida zikr qilingan hadislaridan maqsad lahad qilib, dafn etishning mustahabligini bayon qilishdir, deydi. Chunki tuproqning holatiga qarab, ba'zi joylarda lahad qilishning imkoni yo'q. Bunday paytda shaqq – chuqur qazishning o'zi kifoya. Mayyitni qabrga qo'yishga uning yaqinlari: o'g'il, ota, aka-uka va boshqalar haqlidir. Shuningdek, qabrga qo'yuvchilarning soni toq bo'lishi shart emas. Chunki Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni ravzai muboraklariga Abbos, Fazl ibn Abbos, Ali va Suhayb (roziyallohu anhum) qo'ygan. Mayyit qabr oldiga olib kelingach, u qabrning qibla tomoniga qo'yiladi va qabrga qo'yuvchi kishiga uzatiladi. U o'zi qiblaga qaragani holda may­yitni oladi va quyidagi so'zni o'qigan holda qo'yadi, ya'ni:

بِاسْمِاللَّهِوَعَلَىمِلَّةِرَسُولِاللَّهِ

Ma'nosi: “Allohning nomi bilan va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning millati – sunnatiga muvofiq qo'yaman”. Ushbu kalimani Imom Moturidiy, duo emas, balki shahodatdir, degan.

Mayyitni lahad ichiga olib kirgach, yuzini qiblaga qilib, yonbosh holatida yotqiziladi. Agar kafan bog'langan bo'lsa, echib qo'yiladi. Keyin qabr og'zini yopishda xom g'isht va qamishdan foydalaniladi. Yog'och va pishiq g'isht ishlatilmaydi. Chunki ular imorat uchun kerak. Pishiq g'ishtda olovning asari bor. So'ng qabrni ko'mishda o'zidan chiqqan tuproqqina ishlatiladi, boshqa joydan tuproq olib kelib ko'milmaydi.

 

Ma'yus kishi Allohning panohida barcha

yaxshiliklarga tayyor turadi

Inson tirik chog'ida qiladigan har bir yaxshi amalining foydasini oxiratda ko'radi. Shuning uchun ham har bir odam qo'lidan kelganicha yaxshi amallarni ko'p qilishi lozim.

Alloh taolo yaxshilik haqida bunday marhamat qiladi:

﴿۞لَّيۡسَ ٱلۡبِرَّ أَن تُوَلُّواْ وُجُوهَكُمۡ قِبَلَ ٱلۡمَشۡرِقِ وَٱلۡمَغۡرِبِ وَلَٰكِنَّ ٱلۡبِرَّ مَنۡ ءَامَنَ بِٱللَّهِ وَٱلۡيَوۡمِ ٱلۡأٓخِرِ وَٱلۡمَلَٰٓئِكَةِ وَٱلۡكِتَٰبِ وَٱلنَّبِيِّ‍ۧنَ وَءَاتَى ٱلۡمَالَ عَلَىٰ حُبِّهِۦ ذَوِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينَ وَٱبۡنَ ٱلسَّبِيلِ وَٱلسَّآئِلِينَ وَفِي ٱلرِّقَابِ وَأَقَامَ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتَى ٱلزَّكَوٰةَ وَٱلۡمُوفُونَ بِعَهۡدِهِمۡ إِذَا عَٰهَدُواْۖ وَٱلصَّٰبِرِينَ فِي ٱلۡبَأۡسَآءِ وَٱلضَّرَّآءِ وَحِينَ ٱلۡبَأۡسِۗ أُوْلَٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ صَدَقُواْۖ وَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُتَّقُونَ١٧٧

«Yuzlaringizni mashriq va mag'rib tomonlariga burishingiz (ibodat qilishingizning o'zi to'la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg'ambarlarga imon keltirgan, o'zi yaxshi ko'rgan molidan qarindoshlariga, etimlarga, miskinlarga, yo'lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo'lida beradigan, namozni to'kis ado etib, zakotni to'lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og'ir-engil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshilik (ahli)dir. Aynan o'shalar (imonlarida) sodiqlardir va aynan o'shalar taqvodorlardir» (Baqara, 177).

Odatda, odamlar yaxshilik nima ekani haqida har xil fikrga boradi. Har kim o'zining yo'lini yaxshi deb tushunib, yaxshilikka o'zicha ta'rif beradi, chegaralar qo'yadi, belgilar belgilaydi. Ular ko'pincha yaxshilikni belgilashda aqllarini, ota-bobolaridan qolgan urf-odatlarni, o'zlari yashab turgan jamiyatdagi o'lchovlarni qo'llaydi. Birlari yaxshilik deb tushungan narsani boshqalari mutlaqo yomonlik deb bilishi ham mumkin.

Islom dinida yaxshilik Alloh taolo yaxshi degan narsalardir. Ularning nima ekani mazkur oyatda ta'riflab berilgan:

﴿يَسۡ‍َٔلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَۖ قُلۡ مَآ أَنفَقۡتُم مِّنۡ خَيۡرٖ فَلِلۡوَٰلِدَيۡنِ وَٱلۡأَقۡرَبِينَ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينِ وَٱبۡنِ ٱلسَّبِيلِۗ وَمَا تَفۡعَلُواْ مِنۡ خَيۡرٖ فَإِنَّ ٱللَّهَ بِهِۦ عَلِيمٞ٢١٥

«Sizdan (ey Muhammad!) qanday ehson qilishni so'raydilar. Ayting: “Nima xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, etimlar, miskinlar va musofirlarga qiling! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir”» (Baqara, 215).

Nafaqaga loyiqlar ichida ota-ona birinchi zikr qilinmoqda. Insonga o'zidan keyingi birinchi haqdor ota-onasi bo'ladi. Ularni muhtoj qo'yib, boshqalarga nafaqa qilishdan nima foyda bor? Shuningdek, yaqin kishilar, qarindoshlar haqdorlik borasida boshqalardan ko'ra ustundir. Nafaqa qilish xuddi shu tartibda bo'lishi lozimligi Payg'ambarimiz (alayhissalom)ning hadislarida ham zikr qilingan.

Imom Muslim Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (alayhissalom) bir kishiga: “Sadaqa qilishni o'zingdan boshla, ortib qolsa, ahlingga qil, agar ahlingdan ham ortib qolsa, qarindoshlaringga qil, agar qarindoshlaringdan ham ortib qolsa, ulardan boshqalarga va hokazo”, degan ekanlar.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir mo'minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga engillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu oxiratda engillik beradi. Modomiki banda birodarining yordamida ekan, Alloh taolo uning yordamida bo'ladi. Kim ilm talabida yo'l yursa, Alloh taolo unga jannat yo'lini oson qilib qo'yadi. Odamlar Allohning uylaridan biriga yig'ilib, Allohning Kitobini tilovat qilib, uni o'zaro dars qilib o'rgansalar, ular ustiga osudalik tushadi, ularni rahmat qoplaydi va farishtalar o'rab oladi. Alloh taolo o'z huzuridagilarga ularni zikr qiladi. Amali ortga tortgan kimsani nasl-nasabi oldinga chiqarolmaydi”, dedilar» (Imom Muslim).

  1. Musulmonlar bir tana a'zolaridir.

Insoniyat bitta tananing a'zolariga o'xshaydi. O'zaro bir tan-bir jon bo'lib ketgan bu insonlar hamisha bir-birlarining g'am-tashvishlariga ham, quvonchlariga ham sherikdir. Ular birodarlarining shodligidan o'zlarida yo'q sevinsa, musibatlaridan qayg'uga tushadi. Mo'minlarning shodiyonalari ham, g'am-tashvishlari ham o'rtada bo'ladi. Bu haqda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deydilar: “Mo'minlar bir-birlariga mehr-muhabbat va g'amxo'rlik qilishda bamisoli bitta tana kabidir. Agar tanada bir a'zo og'risa, qolgan a'zolar isitma va bedorlik bilan unga sherik bo'ladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Mo'minlar hamisha birodarlari boshidan g'am-tashvish bulutini aritishga alohida e'tibor bergan. Bu yo'lda bor imkoniyatlarini ishga solganlar.

Ba'zan kishi moliyaviy jihatdan qiynalib qoladi. U eyish-ichish, boshpana, davolanish kabi asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun birodarlarining yordamiga muhtoj bo'ladi. Ana shunday holatlarda musulmonlar qiynalgan birodarlariga saxovat qo'lini cho'zishlari, hech bo'lmasa, unga qarzi hasana berishlari lozim. O'z foydasi yo'lida birovlar qonini ichuvchi sudxo'rlik pokiza Islom muhitida ko'rinmasligi kerak. Johillar qiynalib qolgan kishini ko'rsa, undan o'z foydalari yo'lida unumli foydalanishga, uning bor-budini shilib olishga harakat qiladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿۞إِنَّ رَبَّكَ يَعۡلَمُ أَنَّكَ تَقُومُ أَدۡنَىٰ مِن ثُلُثَيِ ٱلَّيۡلِ وَنِصۡفَهُۥ وَثُلُثَهُۥ وَطَآئِفَةٞ مِّنَ ٱلَّذِينَ مَعَكَۚ وَٱللَّهُ يُقَدِّرُ ٱلَّيۡلَ وَٱلنَّهَارَۚ عَلِمَ أَن لَّن تُحۡصُوهُ فَتَابَ عَلَيۡكُمۡۖ فَٱقۡرَءُواْ مَا تَيَسَّرَ مِنَ ٱلۡقُرۡءَانِۚ عَلِمَ أَن سَيَكُونُ مِنكُم مَّرۡضَىٰ وَءَاخَرُونَ يَضۡرِبُونَ فِي ٱلۡأَرۡضِ يَبۡتَغُونَ مِن فَضۡلِ ٱللَّهِ وَءَاخَرُونَ يُقَٰتِلُونَ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِۖ فَٱقۡرَءُواْ مَا تَيَسَّرَ مِنۡهُۚ وَأَقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتُواْ ٱلزَّكَوٰةَ وَأَقۡرِضُواْ ٱللَّهَ قَرۡضًا حَسَنٗاۚ وَمَا تُقَدِّمُواْ لِأَنفُسِكُم مِّنۡ خَيۡرٖ تَجِدُوهُ عِندَ ٱللَّهِ هُوَ خَيۡرٗا وَأَعۡظَمَ أَجۡرٗاۚ وَٱسۡتَغۡفِرُواْ ٱللَّهَۖ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٞ رَّحِيمُۢ٢٠

«Namozni barkamol ado eting, zakotni (o'z joyiga) bering va (miskinlarga ehson qilish bilan) Allohga “qarzi hasana” bering!» (Muzzammil, 20)

Musulmon ushbu sifati bilan Parvardigori huzurida ajr-mukofotga loyiq bo'ladi:

﴿مَّن ذَا ٱلَّذِي يُقۡرِضُ ٱللَّهَ قَرۡضًا حَسَنٗا فَيُضَٰعِفَهُۥ لَهُۥٓ أَضۡعَافٗا كَثِيرَةٗۚ وَٱللَّهُ يَقۡبِضُ وَيَبۡصُۜطُ وَإِلَيۡهِ تُرۡجَعُونَ٢٤٥

«Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo'lida o'z boyligidan sarflaydigan) kishi bormi, unga bir necha barobar ko'p qilib qaytarsa? Holbuki, Alloh (rizqni) tang ham, keng ham qilur va (sizlar) Uning huzuriga, albatta, qaytarilajaksiz» (Baqara, 245).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir musulmonga ikki marta bir dirham qarz bersa, ularning birini sadaqa qilib yuborgandek ajr oladi”, dedilar (Ibn Hibbon rivoyati).

Qarz ayrim hollarda ajr-savobda sadaqadan yuqori bo'lishi mumkin. Bu esa oluvchi va beruvchining holatiga bog'liq. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Isro kechasida jannat eshigiga “Sadaqaga o'n barobar, qarzga o'n sakkiz barobar ajr bo'lur”, deb yozilganini ko'rib, so'radim:

– Ey Jabroil, nima sababli qarz sadaqadan afzal bo'ldi?

Jabroil javob berdi:

– Chunki so'rovchi ba'zida narsasi bo'laturib ham tilanaveradi. Qarz oluvchi esa faqat muhtoj bo'lgani uchun so'raydi» (Ibn Moja).

  1. Qiyin ahvolda qolgan kishiga yordam berish.

Qarzga botib, uzishga kuchi etmayotgan yoki qaramog'idagilarni edirib-ichirishdan ojiz qolgan nochor kishiga yordam qo'lini cho'zmoq shariatimiz buyurgan amallardan hisoblanadi. Qiynalib qolgan mo'minga quyidagicha yordam berish mumkin:

a) qarz bergan kishi to qarzdor qarzini to'lashga qodir bo'lgunga qadar sabr qilishi. Nochor-qarzdor birodariga bunday engillik berish vojibdir:

﴿وَإِن كَانَ ذُو عُسۡرَةٖ فَنَظِرَةٌ إِلَىٰ مَيۡسَرَةٖۚ وَأَن تَصَدَّقُواْ خَيۡرٞ لَّكُمۡ إِن كُنتُمۡ تَعۡلَمُونَ٢٨٠

«Agar (qarzdor) qiynalsa, boyigunga qadar kutish lozim. Agar bilsangiz, (bergan qarzingizni qarzdorga) sadaqa qilib yuborishingiz o'zingiz uchun yaxshiroqdir» (Baqara, 280).

b) qarz bergan kishi qarzining bir qismini yoki hammasini kechib yuborishi. Yoki qarzni to'lash muddati kelganida qiyin ahvolga tushib qolgan nochor musulmonga boshqa birov qarz berib yoki qarzini o'tab berib, uni bu mushkul ahvoldan qutqarishi. Bu engillik shariatda mandub sanalib, Alloh taoloning fazliga sabab bo'ladi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim qiynalib qolgan kishiga muhlat bersa yoki qarzini kechib yuborsa, Alloh taolo uni o'z panohiga oladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimda-kim qiyomat kunidagi tashvishlardan Alloh unga najot berishini istasa, nochorga yordam qilsin yoki uning qarzini o'tab bersin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Alloh taolo bunday saxovatli bandasiga shu dunyoda ham muko­fotlar beradi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Duosi ijobat bo'lishini va g'am-tashvishi arishini istagan banda qiynalib qolgan kishiga yordam bersin”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

  1. Alloh taolo bandalariga engillik beradi.

Mol-davlat ham, farzandlar ham foyda bermaydigan kunda banda, hech shubhasiz, Alloh azza va jallaga yuzlanadi.

﴿ٱلۡمُلۡكُ يَوۡمَئِذٍ ٱلۡحَقُّ لِلرَّحۡمَٰنِۚ وَكَانَ يَوۡمًا عَلَى ٱلۡكَٰفِرِينَ عَسِيرٗا٢٦

«O'sha kunda haqqoniy podshohlik (yolg'iz) Rahmon uchundir. U (kun) kofirlarga ko'p qiyin kun bo'lur» (Furqon, 26).

Allohga kufroni ne'mat qilib, ibodat nima, shukr nima bilmagan, atrofdagi odamlarga yaxshilik va ehson ko'zi bilan boqmagan kimsalar uchun u kun haqiqatan juda og'irdir. Alloh taoloning ibodati va shukrida qoim bo'lgan, Parvardigori fazli-marhamatini umid etib, nochor bandalarga yordam bergan mo'minlar qiyomat kunida qilgan yaxshi amallariga munosib tarzda mukofotlanadi. Alloh taolo ularning xato-kamchiliklarini kechib yuborib, bu og'ir kunni engil qiladi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Bir kishi odamlarga qarz berar va xizmatkoriga: “Agar qiynalgan odam bo'lsa, qarzini kechib yubor. Shoyad, Alloh bizni kechirsa”, der edi. Haligi banda Allohga ro'baro' bo'lganida, Alloh taolo uning gunohlarini kechib yubordi», dedilar (Imom Buxoriy).

Abu Mas'ud (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Sizlardan oldin o'tganlardan bir kishi hisob-kitob qilinganida, unda hech qanday yaxshilik topilmadi. Faqat u boy-badavlat bo'lib, odamlar bilan aralashib yurar va xizmatkorlariga: “Qiynalgan odamdan pulni kechib yuboringlar”, der edi. Alloh azza va jalla dedi: “Bu ishga Biz haqliroqmiz. Uning gunohlaridan o'tinglar”» (Imom Muslim).

  1. Ilm tarqatish.

Islom dini ilm o'rganishni va uni boshqalarga o'rgatishni targ'ib qiladi.

﴿۞وَمَا كَانَ ٱلۡمُؤۡمِنُونَ لِيَنفِرُواْ كَآفَّةٗۚ فَلَوۡلَا نَفَرَ مِن كُلِّ فِرۡقَةٖ مِّنۡهُمۡ طَآئِفَةٞ لِّيَتَفَقَّهُواْ فِي ٱلدِّينِ وَلِيُنذِرُواْ قَوۡمَهُمۡ إِذَا رَجَعُوٓاْ إِلَيۡهِمۡ لَعَلَّهُمۡ يَحۡذَرُونَ١٢٢

«Mo'minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari Payg'ambardan) dinni o'rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlan­tirmaydilarmi?!» (Tavba, 122)

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bizdan bir narsani eshitib, uni eshitganidek (odamlarga) etkazgan kishining yuzini Alloh yashnatsin. Qabul qiluvchilardan shundaylari bor, ular etkazgan kishidan ko'ra yaxshiroq anglaydi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Banda uchun eng xayrli va o'limidan so'ng ham ajr-savobi etib turadigan amal boshqalarga ilm o'rgatishdir. Zero, Alloh taolo ilm sababli ilm tolibini aziz-mukarram qildi. Insonlarga ilm berish jamiyatga yaxshilik qilishdir. Bu yaxshiliklar ichida eng ulug'idir. Chunki bu ishi bilan inson jamiyat rivojiga hissa qo'shadi. Kelajak avlodni ilmli, ma'rifatli, ziyoli qilish yo'lidagi har bir harakati uchun Alloh taolo qiyomatda ulug' ajr-mukofotlar beradi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Banda vafot etishi bilan uning amali uziladi. Faqat uch narsa bundan mustasno: sadaqai joriya, foydali ilm va uning haqiga duo qiluvchi solih farzand”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Eng afzal sadaqa musulmon kishining ilm o'rganib, so'ng uni musulmon birodariga o'rgatishidir” (Ibn Moja rivoyati).

Inson inson bo'lur bor bo'lsa dini,

Islom aziz qildi Salmon Forsiyni.

Taqvo qil, ishonma hargiz nasabga,

Nasabi ne berdi Abu Lahabga?!

Qo'lingdan kelgancha yaxshilik qilgin,

Bo'lmasa o'zingni yomondan tiygin.

Oxiratda aziz bo'lmoq istasang,

Dunyo hayotingda yaxshilik qilgin.

Banda qilgan amaliga munosib mukofotlanadi. Ya'ni, birovning og'irini engil qilgan bo'lsa, uning ham og'iri engil qilinadi. Kimningdir g'am-tashvishini aritgan bo'lsa, uning ham g'am-tashvishi aritiladi. Birovning aybini berkitsa, uning ham aybi berkitiladi va hokazo. Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qaysi bir mo'min och birodariga taom edirsa, Alloh taolo unga qiyomat kuni jannat mevalaridan ediradi. Qaysi bir mo'min chanqagan birodariga suv ichirsa, Alloh taolo qiyomat kuni unga Rahiqul maxtumdan ichiradi. Qaysi bir mo'min yalang'och birodarini kiyintirsa, Alloh taolo unga jannatning ko'm-ko'k liboslaridan kiydiradi”, dedilar» (Imom Termiziy).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir hadisi sharifda: “Alloh taolo rahmdil bandalariga rahm qilur!” deganlar (Muttafaqun alayh).

Hamisha o'zgalar g'amini eb, ularga qo'lidan kelganicha yordam berib, xalqi, Vatani, jamiyati rivojiga xizmat qiluvchi ishlar bilan mashg'ul bo'lib yuradigan saxovatli zotlarning oqibati xayrli bo'ladi. Ular imon va Islomda turib omonatlarini topshiradi. Qiyomat kuni Alloh taolo faqat musulmon bandasini o'z rahmatiga oladi. Kofirlar uchun u kunda hech qanday engillik, yordam yoki g'am-tashvishning arishi yo'qdir!

Islomga dushmanligi bo'lmagan kishilarning ham og'irini engil qilish mumkin. Yaxshilik barcha-barcha uchun matlubdir. Ya'ni, har qanday jonzotga yaxshilik qilish lozim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo har bir narsaga yaxshilikni yozib qo'ydi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) boshqa hadisi shariflarida: “Har bir qurimagan jigarda (ya'ni, har bir jonga qilingan yaxshilikda) ajr bor”, dedilar (Muttafaqun alayh).

﴿ٱلَّذِينَ يُنفِقُونَ فِي ٱلسَّرَّآءِ وَٱلضَّرَّآءِ وَٱلۡكَٰظِمِينَ ٱلۡغَيۡظَ وَٱلۡعَافِينَ عَنِ ٱلنَّاسِۗ وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٣٤

«Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (Oli Imron, 134).

 

Allohning izni bilan kitob bitdi (o'qiganlarimizga amal qilib, dunyoda saodat, oxiratda najot topishimizga erishtirsin...)

 

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Har bir murojaat e’tibor markazida

15.01.2025   2144   1 min.
Har bir murojaat e’tibor markazida

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan samimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgani ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol. 
 

Bugun, 15 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi.


Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, oilaviy masalalar, haj, ish, diniy ta’lim hamda moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.


Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.


Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

Har bir murojaat e’tibor markazida Har bir murojaat e’tibor markazida Har bir murojaat e’tibor markazida Har bir murojaat e’tibor markazida Har bir murojaat e’tibor markazida
O'zbekiston yangiliklari