Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom tsivilizatsiyasi institutining direktori, professor Fariza Sham «Dunyo» axborot agentligiga bergan interv'yusida O'zbekiston rahbariyatining o'zbek xalqining boy madaniy-tarixiy va ma'naviy merosi, milliy va diniy qadriyatlari hamda islom dinining insonparvarlik ahamiyatini ochib berish yo'lidagi sa'y-harakatlari yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Men, avvalambor, Malayziya keng jamoatchiligi vakillari O'zbekistonda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko'lamli islohotlar, vijdon va e'tiqod erkinligining ta'minlash, bag'rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish sohalaridagi o'zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayotganini qayd etishni istardim, - dedi u. – Darhaqiqat, O'zbekiston rahbariyatining islom tsivilizatsiyasi boy merosini har tomonlama o'rganish hamda islom dinining tom ma'nodagi insonparvarlik mohiyatini keng yoyishga bo'lgan yondashuvi alohida e'tiborga sazovordir.
So'nggi yillar mobaynida mamlakatda yirik ilmiy maskanlar o'z faoliyatini boshladi. Ular orasida Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa muassasalar bor.
Joriy yil institutimiz Islom tsivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ydi. Ushbu markaz islom tsivilizatsiyasi oltin asrining madaniy, ilmiy va ma'naviy-axloqiy mulki hamda qadriyatlarini o'zida mujassam etgan ulug'vor va noyob muassasalardan biri deb bilaman.
Yana shunisi ham e'tiborga molikki, mazkur markazning yangi binosida Markaziy Osiyoda yashagan va ilmiy-ijodiy faoliyat yuritgan, jahon madaniyati va musulmon tsivilizatsiyasi taraqqiyotiga bebaho hissa qo'shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning ulkan merosi jamlanadi. Dizayni va ko'p tarmoqliligi, unda boy ilmiy ishlar, qo'lyozmalar va osori-atiqalar to'plamlarining joy olishi yangi tadqiqot va yangi muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish hamda islom tsivilizatsiyasining oltin davri muhitiga sho'ng'ishimiz uchun juda qulay imkoniyat yaratadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati