بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الَّذِي خَلَقَ الكَوْنَ فَنَظَّمَهْ، وَخَلَقَ الإِنْسَانَ وَكَرَّمَهْ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي سَنَّ الدِّينَ وَعَظَّمَهْ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِينْ، اَمَّا بَعْدُ
Islom dinida atrof-muhitni asrashga e'tibor
Muhtaram jamoat! Tabiat – Alloh taoloning ulkan ne'matlaridan biridir. U Zot bizga atrof-muhitni ozoda saqlashni, muhofaza qilishni, ifloslantirmaslikni buyurgan. Alloh taolo bizning baxtiyor, qulay yashashimiz uchun tayyorlab, jihozlab bergan bu sayyorani ifloslantirmasligimiz, unda buzg'unchilik qilmasligimiz yoki unga nisbatan yomon muomalada bo'lmasligimiz lozim. Aks holda erdagi buzg'unchilik, tabiatni asramaslik dahshatli falokatlarga olib keladi. Darhaqiqat, bugungi kunda sayyoramizda bo'layotgan ko'plab falokatlarni ko'rib turibmiz. Masalan, suvlarning ifloslanishi, haroratning ko'tarilishi, atmosferaga turli zaharli gazlarning ko'p miqdorda chiqarilishi va hokazo. Oldinlari bu kabi noxush olatlar kuzatilmagan edi. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi:
ظَهَرَ الْفَسَادُ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ بِمَا كَسَبَتْ أَيْدِي النَّاسِ لِيُذِيقَهُمْ بَعْضَ الَّذِي عَمِلُوا لَعَلَّهُمْ يَرْجِعُونَ
ya'ni: “Odamlarning qilmishlari tufayli quruqlik va dengizda buzg'unchilik paydo bo'ldi. Bu ularning (o'z qilmishlaridan) qaytishlari uchun qilgan ba'zi (yomon) ishlari (jazosi)ni ularga tottirish uchundir” (Rum surasi 30-oyat).
Ya'ni qahatchilik, qurg'oqchilik, ziroat va tijoratdan barakaning ketishi, turli kasalliklarning tarqalishi hamda o't, suv balosi kabi ofatlar odamlarning qilmishlariga yarasha jazo hisoblanib, shu bilan birga, ularni ogohlantirish uchundir.
Nabiy sallallohu alayhi vasallam payg'ambar etib yuborilgan davr insoniyat aqlini johiliyat tushunchalari egallagan edi. Odamlar hayvonlarga qiymatsiz, his-tuyg'usiz maxluqlar deb qarashardi. Lekin Nabiy sallallohu alayhi vasallam mo'minlarni o'sha hayvonlarga e'tiborli bo'lishga chaqirdilar, shunga buyurdilar. Shuning uchun ham Payg'ambarimiz haqli ravishda olamlarga rahmat deya madh etilganlar.
Rasuli akram alahissalom O'zlarining muborak hadislarida shunday marhamat qilganlar:
إِنَّ اللهَ طَيِّبٌ يُحِبُّ الطَّيِّبَ، نَظِيفٌ يُحِبُّ النَّظَافَةَ، كَرِيمٌ يُحِبُّ الْكَرَمَ، جَوَادٌ يُحِبُّ الْجُودَ
(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya'ni:“Albatta, Alloh xushholdir – xushhollikni sevadi, pokizadir – pokizalikni sevadi, karamlidir – karamlilikni sevadi, o'ta saxiydir – o'ta saxiylikni sevadi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Darhaqiqat, Nabiy sallallohu alayihi vasallam bizga yo'llarni, ko'chalarni ozoda tutish, yo'ldan aziyat beruvchi narsalarni olib tashlashga buyurib, bu ish sadaqaning bir turi ekanligini ta'kidlaganlar. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
وَإِمَاطَةُ الأَذَى عَنِ الطَّرِيْقِ صَدَقَةٌ
(رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ)
ya'ni: “Yo'ldan aziyat beruvchi narsaning olib tashlashingiz ham – sadaqadir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Yo'llarni iflos qilmaslik, unga chiqindilar, po'choqlar, ichimlik suvi idishlari va shularga o'xshash narsalarni tashlamaslik – dinimizning talabidir. Zotan, bizning dinimiz ta'limotida poklik iymondan ekani qat'iy ta'kidlangan. Alloh taolo er yuzini isloh qilishga amr etgan:
وَلاَ تُفْسِدُواْ فِي الأَرْضِ بَعْدَ إِصْلاَحِهَا وَادْعُوهُ خَوْفاً وَطَمَعاً إِنَّ رَحْمَتَ اللّهِ قَرِيبٌ مِّنَ الْمُحْسِنِينَ
ya'ni: “Va isloh qilingandan keyin er yuzida fasod qilmang va Undan qo'rqib tama' ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir” (A'rof surasi 56-oyat).
Muhtaram jamoat! Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam bir muborak hadisi shariflaridan birida:
جُعِلَت ليَ الأرضُ مسجدًا وطَهورًا
(رَوَاهُ الإمَامُ البَزَّارُ)
ya'ni: “Men uchun erning hammasi sajda qiladigan joy va poklovchi qilib berildi” deganlar (Imom Bazzor rivoyatlari).
Bu hadisi sharifda tuproqning pokligiga, uni muhofaza qilish zarurligiga ajoyib tarzda ishora qilinmoqda. Chunki mo'min-musulmon odam tuproq ustida namoz o'qiydi. Shu bois uni iflos qilmaslik lozimdir.
Shuningdek, Nabiy sallallohu alayhi vasallam tinchlik paytida ham, urush asnosida ham daraxtlarni kesmaslikni, o'rmonlarni yoqmaslikni buyurganlar. Bu esa atrof muhit muhofazasiga e'tiborning yuksak ko'rinishidir.
Qolaversa, Qur'oni karimda barcha maxluqotlar Allohga tasbeh, hamd aytishining xabari berilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
تُسَبِّحُ لَهُ السَّمَاوَاتُ السَّبْعُ وَالأَرْضُ وَمَن فِيهِنَّ وَإِن مِّن شَيْءٍ إِلاَّ يُسَبِّحُ بِحَمْدَهِ
وَلَـكِن لاَّ تَفْقَهُونَ تَسْبِيحَهُمْ إِنَّهُ كَانَ حَلِيماً غَفُوراً
ya'ni: “Unga etti osmonu er va ulardagi kimsalar tasbeh aytur. Uning hamdi ila tasbeh aytmagan hech bir narsa yo'q. Lekin ularning tasbehini anglamassizlar. Albatta, u haliym va sermag'firat zotdir” (Isro surasi 44-oyat).
Arab tilida tasbeh aytish “Allohni poklab yod etish” ma'nosini anglatadi. Ushbu oyati karima butun borliq, barcha mavjudot Alloh taoloni aybu nuqsondan poklab tasbeh aytishini ta'kidlamoqda. Daraxtlarni sababsiz kesish, ekinlarni payxon qilish, er yuzida va suvda yashayotgan jonzotlarni qirilib ketishiga sababchi bo'lish nafaqat er yuzida buzg'unchilik qilish, qolaversa, Alloh taologa tasbeh aytayotgan maxluqotlarni bexuda nobud qilishga tengdir.
Muhtaram jamoat! Qur'oni Karimda bundan o'n to'rt asr oldin o'simliklar zikr qilinib, “karamli” deya vasf etilgan. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
أَوَلَمْ يَرَوْا إِلَى الْأَرْضِ كَمْ أَنبَتْنَا فِيهَا مِن كُلِّ زَوْجٍ كَرِيمٍ
ya'ni: “Ular erga qaramaydilarmi?! Biz unda go'zal navlardan qanchalarini undirib qo'yibmiz” (Shuaro surasi 7-oyat).
Alloh taolo boshqa bir oyatda bunday degan:
وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَنبَتْنَا فِيهَا مِن كُلِّ زَوْجٍ كَرِيمٍ
ya'ni: “Va osmondan suv tushirib, u bilan un(er yuzi)da turli go'zal va foydali juftlarni o'stirib qo'ydik” (Luqmon surasi 10-oyat).
Ushbu oyati karimada avvalo, o'simliklardagi go'zallik va foydaga ishora qilinyapti, qolaversa, ular juft bo'lishi ham bildirib qo'yilmoqda. Allohning kitobida o'n besh asr ilgari zikr etilgan bu haqiqatga zamonaviy ilm-fan yaqindagina kashf qildi. Har bir o'simlikda erkak va urg'ochi xo'jayralar bo'lib, ular bir-biri bilan chatishgandagina meva hosil bo'lishi endi tushunib etildi. O'simliklarni bunday qilib yaratishga faqat Alloh taolo qodir.
Bugungi kun insonlari suvsizlikdan, qurg'oqchilikdan qiynalmoqda. Ozgina fikrlab ko'rsak, Nabiy sallallohu alayhi vasallam bugungi insonlardan ancha oldin suvni isrof qilmaslik haqida ko'p ta'kidlaganlarini ko'ramiz. U Zot alayhissalom tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan birini suvni isrof qilishdan qaytarib shunday deganlar:
وَإِنْ كُنْتَ عَلَى نَهْرٍ جَارٍ
(رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ)
ya'ni: “Agar oqib turgan daryo labida bo'lsangiz ham, suvni isrof qilma!” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Birortangiz oqmay turadigan, keyinchalik unda g'usl qiladigan suvga zinhor bavl qilmasin”, deganlar(Imom Buxoriy rivoyatlari).
Qur'oni Karimda maxluqotlarning ahamiyati ta'kidlanib, ular ham biz kabi ummat ekanini e'lon qilingan. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَمَا مِن دَآبَّةٍ فِي الأَرْضِ وَلاَ طَائِرٍ يَطِيرُ بِجَنَاحَيْهِ إِلاَّ أُمَمٌ أَمْثَالُكُم مَّا فَرَّطْنَا فِي الكِتَابِ مِن شَيْءٍ ثُمَّ إِلَى رَبِّهِمْ يُحْشَرُونَ
ya'ni: “Yer yuzidagi yuruvchi har bir jonzot va ikki qanoti ila uchuvchi qush borki, hammasi siz kabi ummatlardir. Kitobga hech narsani qo'ymay yozganmiz. So'ngra Robbilariga jamlanurlar”.
Har bir inson mana shu oyatda aytilganidek, hayvonlarni alohida ummat ekanini his qilsa, ularga yomon muomala qilmaydigan, balki mehr ko'rsatadigan bo'ladi.
Muhtaram jamoat! Mav'izamiz davomida farz namozlardan keyingi zikrlar haqida suhbatlashamiz. Namozdan keyin o'qiladigan Oyatal Kursi va zikrlar Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bizga qilgan tavsiyalari bo'lib, mustahab darajasidagi amallardir. Ularga doimiy amal qilib yurish katta savob va ajrlarga sabab bo'ladi.
Namozdan keyingi tasbehlar. Namozdan keyingi tasbehlar haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar:
مَنْ سَبَّحَ اللَّهَ دُبُرَ كُلِّ صَلَاةٍ ثَلَاثًا وَثَلَاثِينَ وَحَمِدَ اللَّهَ ثَلَاثًا وَثَلَاثِينَ وَكَبَّرَ اللَّهَ ثَلَاثًا وَثَلَاثِينَ فَتْلِكَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَقَالَ تَمَامَ الْمِائَةِ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ غُفِرَتْ خَطَايَاهُ وَإِنْ كَانَتْ مِثْلَ زَبَدِ الْبَحْرِ
(رواه الامام مسلم)
ya'ni: “Kim har namozdan keyin o'ttiz uch marta “Subhanalloh”, o'ttiz uch marta “Alhamdulillah”, o'ttiz uch marta “Allohu akbar” desa, bu to'qson to'qqizta bo'ladi, yuzinchisida“Laa ilaaha illalloohu vahdahu laa sharikalahu luhul mulku va lahul hamdu va huva 'ala kulli shay'in qodir” desa, agarchi gunohlari dengiz ko'pigicha bo'lsa ham, kechiriladi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Namozdan keyin "Oyatal Kursiy" o'qish. Payg'ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin "Oyatal kursiy"ni o'qishning fazilati haqida shunday deydilar:
مَنْ قَرَأَ آيَةَ الْكُرْسِيِّ في دُبُرِ الصَّلاَةِ المَكْتُوبَةِ، كَانَ في ذِمَّةِ اللهِ إِلَى الصَّلاَةِ الأُخْرَى
(رواه الامام الطبراني)
ya'ni: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal Kursini o'qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo'ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari). Boshqa hadisi sharifda shunday deyiladi:
مَنْ قَرَأَ آيَةَ الْكُرْسِيِّ فِي دُبُرِ كُلِّ صَلَاةٍ مَكْتُوبَةٍ لَمْ يَمْنَعْهُ مِنْ دُخُولِ الْجَنَّةِ إِلَّا أَنْ يَمُوتَ
(رواه الامام النسائي)
ya'ni: “Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal Kursini o'qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o'lim to'sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).
Demak, namozdan keyingi zikru tasbehlar tilga oson bo'lishiga qaramay, Qiyomat kuni amallar tarozusini to'ldirib, og'ir bosadi. Bu – Alloh taoloning biz Islom ummatiga bergan katta imtiyozi va marhamatidir! Diyorimizda qadimdan ushbu go'zal Nabaviy tavsiyalarga amal qilib kelinmoqda va buning, ba'zilar da'vo qilgani kabi shariatimizga zid keladigan joyi yo'q.
Hozirgi kunda soxta salafiylar va bemazhablar tomonidan “Oyatal Kursiy”ni va namozdan keyingi zikrlarni jamoat bo'lib ado etishimizni bid'at deyish holatlari uchramoqda. Bunga javoban shuni ma'lum qilamizki, ulamolarimiz hech qachon Islomda bid'at bo'lgan ishga targ'ib qilmaganlar. Balki, asli shariatda mashru' bo'lgan amalga buyurganlar. Qolaversa, jamoat bo'lib zikr qilish Payg'ambarimiz alayhissalom davrilarida ham bor edi. Bunga juda ko'p hadisi shariflar dalolat qiladi. Quyida faqat birgina hadis sharifni keltirish bilan kifoyalanamiz. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhisalom aytadilar:
مَا جَلَسَ قَوْمٌ يَذْكُرُونَ اللهَ، إلاَّ حَفَّتْهُمُ الْمَلاَئِكَةُ، وَغَشِيَتْهُمُ الرَّحْمَةُ
(أخرجه الامام الترمذي)
ya'ni: “Qaysi bir qavm Allohni zikr qilib o'tirsalar, albatta, ularni farishtalar qurshab oladi va ularni rahmat o'rab oladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Alloh taolo holatimizni O'zi isloh qilib, mo'min-musulmonlar o'rtasida turli ixtiloflar keltirib chiqaradiganlardan bo'lib qolishimizdan panohida asrasin. Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlik va aldovlardan ogoh bo'ling!” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati